Prezident Nazarboyev 2020 yilgacha saylovlarsiz taxtda qolishi mumkin

Image caption 70 yoshli Nazarboyev Qozog‘istonni 21 yildan buyon boshqarib keladi

Prezident Nazarboyev 2020 yilgacha saylovlarsiz taxtda qolishi mumkin.

850 dan ziyod jamoatchilik vakillari ushbu g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha referendum o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishgan.

Muxolifat vakillari va mustaqil kuzatuvchilar ushbu tashabbus tez orada amalga oshishi uchun hech qanday to‘siq ko‘rmayotganliklarini aytishmoqda.

70 yoshli Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni 21 yildan buyon boshqarib keladi.

G‘oya tashabbuskorlari prezidentning sog‘ligi "uncha-munchasini ortta qoldirar darajada" mustahkam ekanini aytishgan.

'Muqobil yo‘q'

Ust-Kamenagor shahrida yig‘ilgan 850 atrofidagi jamiyatning turli qatlamlaridan bo‘lgan faollar Nazarboyevni 2020 yilgacha prezidentlik qilishini referendum orqali hal qilish g‘oyasini ko‘tarib chiqishdi.

G‘oya tashabbuskorlaridan Semey davlat universiteti rektori Yerlan Sidiqovga ko‘ra, Nazarboyevga saylovlarda muqobil nomzod bo‘lmagani uchun ham ushbu taklif bilan chiqishmoqda.

"2012 yilda saylovlar bo‘ladi, prezident unda qatnashishi mumkin edi. Ammo bunday shon-shavkat bilan unga teng keladigan biror jiddiy muxolif bo‘lishi amrimahol. Qiyinchiliklarsiz yuta oladigan saylovga moliyaviy, moddiy zahiralarni sarflashdan ma‘no ko‘rmayapmiz. Eng qimmati- vaqt ketadi. Ushbu sarmoyani ijtimoiy sohani rivojlantirishga sarflagan ma‘qul",- deydi Yerlan Sidiqov.

Janob Sidiqovga ko‘ra, referendum o‘tkazish uchun esa ko‘p mablag‘ sarflanmaydi, bunday tadbirni ko‘pi bilan ikki oyning ichida o‘tkazish mumkin.

G‘oya tashabbuskorlariga ko‘ra, prezident Nazarboyevda 2020 yilgacha tuzilgan davlat dasturi bor va unga ushbu dasturni amalga oshirish uchun imkon berish kerak.

"Prezidentning sog‘lig‘i uncha munchasini ortda qoldiradi", -deydi u.

Bungacha Nazarboyevni umrini oxirigacha taxtda qoldirish takliflari yangrab kelayotgandi.

Ammo ushbu takliflarni amalga oshirish uchun Konstitutsiyani o‘zgartirishga to‘g‘ri kelardi.

Referendum bo‘yicha vakolatini cho‘zish esa, asossiy qonunga zid emas, deyishadi g‘oya tashabbuskorlari.

"Nazarboyev abadiy emas-ku?!" Muxolifat vakillari prezidentning hokimiyatdagi umrini uzaytirishga qaratilgan navbatdagi tashabbusni qoralashmoqda.

"Bu-Konstitutsiyani buzishdir. Unda aniq qilib, "Prezident dekabrning birinchi yakshanbasida 5 yil muddatga saylanadi" deb yozib qo‘yilgan. Tashabbuskor guruh hozir kerakli imzolarni yig‘ib, referendum o‘tkazishi kunday ravshan bo‘lib turibdi. Menimcha, davlat rahbari ushbu tashabbusni rad etishi lozim",- deydi muxolifatdagi “Azat” sotsial-demokratik partiyasi liderlaridan Bo‘lat Abilov.

Ammo janob Abilovning o‘zi Nazarboyevning ushbu tashabbusga "yo‘q" deyishiga ishonmaydi.

Unga ko‘ra, hammasi prezidentning roziligi bilan qilinmoqda va hattoki 2011 yilning fevral oyidayoq referendum o‘tkazilishi mumkin.

Oddiy qozog‘istonliklar orasida esa uni qo‘llayotganlar ham, unga qarshi chiqayotganlar ham bor.

"Aynan Nazarboyev siyosatni kerakli yo‘nalishda yuritmoqda. Ushbu g‘oyani mutloqo qo‘llab-quvvatlayman. Agar Nazarboyevning o‘rnida boshqa odam bo‘lganida biz ruslar qo‘rqib yashagan bo‘lardik”, -deydi olma-otalik tadbirkor ayol.

"Menimcha prezidentning vakolatini cho‘zmaslik kerak. Qachongacha shunday bo‘ladi, yetar endi. Uning yoshi ham bir joyga borib qoldi. Bunday lavozimlarga yoshroq odamlarni saylash kerak. Axir Nazarboyev abadiy emas-ku”, - deydi nafaqa yoshidagi olma-otalik.

Mustaqil jurnalist Sergey Duvanov ushbu tashabbus tez orada amalga oshishini haqiqatga yaqin, deb biladi.

Unga ko‘ra, Nazarboyevning hokimiyatda qolish masalasi har doim kun tartibida turgan, ammo uni qanday shaklda amalga oshirish savol ostida bo‘lgan.

"Bu borada Nazarboyevning izdoshi kim bo‘ladi, deb taxmin qilgan siyosatshunoslar adashishdi. Menimcha, bu noto‘g‘ri qarash edi, hech qanday o‘rinbosar bo‘lmaydi. Nazarboyev oxirgi nafasigacha mamlakatni boshqaradi. "Millat rahnamosi" bo‘yicha qonunga o‘zgartirishlar kiritish va vakolatni uzaytirish borasida o‘tkaziladigan referendumlar bu odam va hokimiyat shu darajada bir-biriga bog‘lanib qolgani va uni ajratish hech kimning qo‘lidan kelmasligini ko‘rsatdi,"- deydi mustaqil jurnalist Sergey Duvanov.

Jurnalistga ko‘ra, Nazarboyevning ushbu harakatlarini g‘arb davlatlari ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Qozog‘istonga OXHTga raislik qilish huquqini berish orqali rivojlangan davlatlar demokratik qarashlar printsipial emasligini ko‘rsatishdi.

"Bugun g‘arbiy Ovro‘pa va Amerikaning Markaziy Osiyoda geopolitik qiziqishlari asosiy masaladir. Ikkinchidan, g‘arb o‘zi yuz tutgan energetika muammosini Qozog‘istonning yordami bilan yechishni istashadi. Shuning uchun ham ular qozog‘istonliklarning huquq va erkinliklarini namoyishkorona inkor qilishadi",- deydi Sergey Duvanov.

1995 yilda Prezident Nazarboyevning vakolatlari referendumlar orqali cho‘zilgan edi.

Konstitutsiyaga muvofiq, 2012 yilgi saylovda prezident 5 yil muddatga saylanishi kerak.

2007 yilda parlament Nazarboyevga birinchi prezident sifatida cheksiz saylanish huquqi berilgan.

Shu yilning iyunida janob Nazarboyev qo‘llab-quvvatlaydigan "Nur Otan" partiyasi nazorati ostidagi qozoq parlamenti unga "Millat rahnamosi" unvonini bergan.