Tojikiston shimolida yana 5 kishi O‘IHga a‘zolikda gumon qilinmoqda

Shimoliy Tojikistonda yana 5 kishi O‘zbekiston Islomiy Harakatiga mansublikda gumon etilib, qo‘lga olingan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi So‘g‘d viloyati boshqarmasi ma‘lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning hammasi Istaravshan shahri va uning atrofidagi qishloqlardan birida yashab kelgan fuqarolardir.

Avvalroq So‘g‘d viloyati ijroiya hokimiyati raisi Qohir Rasulzoda Istaravshan shahri faollari bilan uchrashuv chog‘ida hududda Islom nomidan ish ko‘rayotgan noqonuniy harakatlarga qo‘shilganlar soni ko‘payganidan tashvish bildirgandi.

Viloyat rahbari O‘zbekiston Islomiy Harakatiga mansublikda gumon etilib, Shimoliy Tojikistonda qo‘lga olingan 33 kishidan 21 nafari istaravshanlik ekanini ta‘kidlagan.

Rasmiylar gumondorlarning Turkiston Islomiy Harakatiga mansubligini ham aytishgan.

Istaravshanda islomiy jangarilarni aniqlash va hibsga olishlar joriy yil sentyabrida Xo‘jandda sodir etilgan portlashdan so‘ng boshlanib ketgan.

'Mahalliy jangarilar'

Turkiston Islomiy harakatiga mansublikda gumon etilib, qo‘lga olinganlarning uch nafari Istaravshan shahrida va yana ikki nafari shahardan uncha uzoq bo‘lmagan Poshkent qishlog‘ida yashashgan.

Noqonuniy harakatga mansublikda gumon etilayotganlar asosan 28-30 yoshdagi yigitlar bo‘lib, "Hoji Isroil" laqabi bilan ish ko‘rgan Isroil Hojiyev esa 49 yoshda.

Rasmiylarga ko‘ra, dastlabki surishtiruvlar natijasida hibsga olinganlarning asosan ikki-uch yil orasida Turkiston Islomiy harakatiga a‘zo bo‘lib kirganliklari ayniqlangan.

Ular orasida eng yosh sanalayotgan – 28 yoshli Daler Safarovning noqonuniy harakat safida besh yildan buyon faoliyat yuritayotgani da‘vo qilingan.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, hibsga olinganlar Istaravshan shahri va uning atrofidagi qishloqlar aholisini Tojikistonda Islom davlati tuzishga chaqirganlar.

Ular shuningdek, aholi orasida huquq-tartibot idoralariga nisbatan nafrat ruhini uyg‘otishga uringani ham da‘vo qilinadi.

Qo‘lga olinganlarning har biriga nisbatan Tojikiston Jinoiy qodeksining "jinoiy guruh tuzish va unda ishtirok etish" moddalari bilan jinoiy tergov boshlangan.

Xudkushlik hujumi

Sentyabr oyi boshida So‘g‘d viloyat Ichki ishlar boshqarmasining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi hovlisida yuz bergan portlash natijasida xudkush hujumchidan tashqari uch nafar milisiya mulozimi halok bo‘lgandi. Yana 27 nafar militsiya mulozimi yaralangan.

Portlash sodir etgan xudkush hujumchining aslida Istaravshan tumanidagi qishloqlardan biridan ekanligi aniqlangach, u yerda qidiruv ishlari kuchaytirilgan.

Qo‘lga olinganlardan biri – 23 yoshli Dilshod Rahimov Turkiston Islomiy harakatining Istaravshan shahridagi rahbari sifatida ko‘riladi.

Mazkur dekabr oyining o‘zida Istaravshanda 11 kishi Turkiston Islomiy harakatiga mansublikda gumon etilib, hibsga olingan.

Istaravshanlik jurnalist Alisher Tolibning aytishicha, dastlabki surishtiruvlar vaqtida keskin xulosaga kelish to‘g‘ri emas.

"Istaravshan shahrida qo‘lga olingan kishilarni davlat maqomoti garchand O‘zbekiston Islomiy Harakatiga mansublikda ko‘rayotgan bo‘lsa-da, lekin bu rasmiy maqomotning fikri. Chunki hali u kishilarning noqonuniy harakatga a‘zo yo a‘zo emasligi to‘la aniqlanib, isbotlanmagan. Ammo Istaravshan shahrida Islom dini ta‘sirini oladigan bo‘lsak, bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, oldingi yillarga nisbatan namozxonlar soni bir necha barobarga ortgan", -deydi Alisher Tolib.

Shuningdek, hibsga olinganlar orasida Isfara shahri va uning atrofidagi qishloqlardan bo‘lgan kishilar borligi ham aytilgan.

Isfaradagi hibsga olishlar davomida yuz bergan ikki otishmada uch nafar qurolli, jumladan, bir ayol halok bo‘lgan.