Bomba o‘rnatilganmi deb Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi binosi tekshirilmoqda

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi zobitlari mamlakat Bosh prokuraturasi binosini tekshirishmoqda.

Bunga binoda portlovchi modda o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligiga oid ogohlik sabab bo‘lgan.

Bu haqda Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligi xabar bermoqda.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasidagi manbaning aytishicha, xizmatda bo‘lgan zobitlar binoda uzoqdan turib boshqariluvchi modda o‘rnatilganiga oid maxfiy qo‘ng‘iroq olishgan.

Joriy paytda Qirg‘iziston Bosh prokuratura binosi o‘rab olingan. Prokuratura xodimlarining barchasi evakuatsiya etilgan.

Sapyorlar esa, portlovchi modda bor-yo‘qligini o‘rganish uchun binoni tekshirishmoqda.

O‘tgan shanba kuni Bishkek shahar Ichki ishlar boshqarmasi binosi o‘ngidan portlovchi modda o‘rnatilgan yengil avtomashina topilgan va portlovchi moslama zararsizlantirilgandi.

"Jip" rusumidagi mashina qo‘lbola portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan bo‘lgan, ammo ularni mashinaga kim joylagani hanuz noma‘lum qolmoqda.

Mutaxassislar portlovchi moslamaning kuchi 7-10 kilogrammgacha trotilga teng ekanini aytishgandi.

Shanba kunidan boshlab Qirg‘izistondagi barcha huquq-tartibot organlari kuchaytirilgan xizmat holatiga o‘tishgandi.

Davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan barcha inshootlar esa, kuchli nazorat ostiga olingandi.

Noyabr oyi oxirida ham Bishkekda 7 apreldagi ommaviy namoyishlarda ishtirok etganlarni o‘qqa tutishda ayblanganlar ustidan mahkama jarayoni bo‘lib o‘tayotgan bino qarshisida kuchli portlash yuz bergandi.

Portlash oqibatida 3 huquq-tartibot xodimi doxil 6 kishi jarohatlangandi.

Undan sal avval esa, shu yil iyun oyida qonli milliy nizolarga sahna bo‘lgan janubiy O‘sh shahrida ham portlash sodir bo‘lgandi.

Xavfsizlik xizmati rasmiylari Bishkek va O‘shda yuz bergan portlashlarning avvalroq mamlakat janubida o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida qo‘lga olingan 9 shaxsning noqonuniy faoliyati bilan bevosita bog‘liqlik ekanini aytishgandi.

Milliy Xavfsizlik xizmati mulozimlari esa, "Qirg‘iziston hududida terrorchilik harakatlariga bosh qo‘shgan 39 kishining shaxslari aniqlangani va hozir ularning 8 nafari hibsga olingani"ni bildirishgandi.