Qozog‘iston mahkamasi yana 2 o‘zbekistonlik boshpana izlovchining da‘vosini qondirmadi

28 dekabrda bo‘lib o‘tgan mahkamada 5 kishining ishi tinglandi va 2 kishiga, Suhrob Bozorov hamda Shuhrat Xolboyevga rad javobi berildi.

Javobgar tomon o‘z qarorini O‘zbekistonda ushbu da‘vogarlarga nisbatan Konstitutsion tuzimga tajovuz qilganlikka oid ayblovlar qo‘yilgani bilan izohladi.

Advokat Anjelika Rahimberdina o‘z himoyasidagi odamlarga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etdi. Unga ko‘ra, ushbu o‘zbekistonliklar faqat ibodat qilganlari uchungina O‘zbekistonda ta‘qiblarga duch kelganlar va shuning uchun, u yerdan qochib chiqishga majbur bo‘lganlar.

Hakam Dauren Tleubayev Abduazimxo‘ja Yoqubovning da‘vosini tingladi. Yoqubovning o‘zi hibsda bo‘lgani uchun mahkamada ishtirok etmadi. Uchinchi shaxs sifatida qatnashgan guvohning so‘zlariga ko‘ra, Abduazimxo‘ja Yoqubov Qozog‘istonga boshpana izlab kelgach, uning yaqinlariga bosimlar o‘tkazila boshlagan. Xususan, dadasini 45 kunga hibsda ushlab turishgan.

Ismini oshkor etilishini istamagan guvohning aytishicha, Yoqubovning aybi turmush o‘rtog‘i qamalgan muhtoj oilalarga bergan moddiy yordamidir. Abduazimxo‘ja amakivachchasi Akobirxo‘ja bilan birgalikda Ramazon oyida muhtojlarga zakot va sadaqa sifatida pul berishgan. Guvohga ko‘ra, Akobirxo‘jaga aynan shu sababdan 17 yil qamoq jazosi belgilangan. "Agar Abduazimxo‘ja Yoqubov ham qochib ketmaganida uni ham shunday jazo kutardi", deydi u.

Abduazimxo‘ja Yoqubovning ishi ertaga davom ettiriladi.

Shundan so‘ng qarshilik Suhrob Bozorovning ishi ko‘rib chiqildi.

Ilk marotaba mahkama javobgar tomon Migratsiya politsiyasini ko‘chma komissiya davomidagi savol-javob matnini advokatga taqdim qilishni buyurgan.

Stenagramma bilan tanishib chiqqan advokat Anjelika Rahimberdina himoyasidagi shaxs rus tilini yaxshi bilmagani uchun unga tarjimon taqdim qilinmaganini aytdi. Advokatga ko‘ra bu narsa himoyasidagi shaxsning savol-javobiga ta‘sir qilgan.

O‘z o‘rnida javobgar tomon Olma ota migratsiya politsiyasi ko‘chma komissiya davomida Bozorov tarjimon bilan tayinlanganini aytdi.

Hakam Talg‘at Sodiqov Bozorovning arizasini qondirmadi.

So‘ngida Xolboyev Shuhratning ishi ko‘rildi. Ma‘lum bo‘lishicha, Xolboyev oldin ham O‘zbekistonda konstitsion tuzumga tajovuzda ayblanib qamalgan va amnistiya tufayli ozodlikka chiqqan. Advokatning aytishicha, unga nisbatan ta‘qiblar bo‘lgani uchun Qozog‘istonga qochishga majbur bo‘lgan.

Qozog‘istonga kelgach, mahalliy ayollardan biriga uylanadi. Turmush o‘rtog‘i Rita Abisheva Shuhrat Xolboyevning oliyjanob inson ekanligini aytdi.

"Bu odamlarni O‘zbekistonga yuborsangiz umrlari qamoqda chiriydi. Ularning oilalariga rahmingiz kelsin", deb Rita Abisheva hakamga murojaat qildi.

Hakam Shuhrat Xolboyevga ham rad javobini berdi. Shu bilan da‘vosi qondirilmagan boshpana izlovchilar 24 nafarga yetdi.