Qozog‘iston parlamenti Nazarboyevni saylovlarsiz qudratda olib qolish g‘oyasini dastakladi

Prezident Nazarboyev boshqaruvga 1989 yil kelgan
Image caption Prezident Nazarboyev boshqaruvga 1989 yil kelgan

Nursulton Nazarboyevni saylovlarsiz qudratda olib qolish g‘oyasini Qozog‘iston parlamenti bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan.

Asosan hukumatparast Nur Otan partiyasi vakillaridan tashkil topgan parlament deputatlari ushbu taklifni dastaklash uchun Prezidentga murojaat qilishgan.

Parlament prezident vakolatini uzaytirish uchun referendum o‘tkazish bo‘yicha konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish qonun loyihasini qo‘llab quvvatlagan. Referendumga 2020 yil 6 dekbarga qadar Nazarboyev vakolatlarini uzaytirish masalasi qo‘yiladi.

29 dekabr kuni parlament deputatlari bir ovozdan Prezident Nazarboyev vakolatlarini cho‘zish uchun referendum o‘tkazishga asos yaratuvchi konstitsion qonunlarga o‘zgartirish kiritishni bir ovozdan ma‘qulladi.

Bu o‘zgartirishlar bundan sal oldinroq 800 dan ortiq jamiyat faollari tomonidan taklif etilgan referendum o‘tkazishga qonuniy zamin yaratadi.

Tashabbus guruhi Prezident Nazarboyev vakolatlarini 2020 yil 6 dekabrgacha uzaytirishni referendum orqali hal qilishni ko‘zlagan. Bu vaqtga kelib Nazarboyev 80 yoshni qarshilaydi.

Ushbu g‘oyani 27 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatdan o‘tkazgandi. Referendum o‘tkazish uchun komissiya roziligi bilan birga 200 mingta ovoz ham zarur bo‘ladi. Shu vaqtgacha 150 ming atrofida imzo to‘planganligin aytiladi.

G‘oya tashabbuskorlari bunday qarorga kelinishiga 2012 yilda o‘tkazilishi kerak bo‘ladigan prezidentlik saylovlarida mablag‘ va vaqtni tejab qolish uchun hamda Nazarboyevning 2020 yilgacha tuzgan davlat dasturini amalga oshirishga imkon berish vajidan kelib chiqqanini aytadi.

-2012 yilda saylovlar bo‘ladi, Prezident unda qatnashishi mumkin edi. Ammo, bunday shon-shavkat bilan unga teng keladigan biror jiddiy raqib bo‘lishi amrimahol. Qiyinchiliklarsiz yuta oladigan saylovga moliyaviy, material zahiralarni sarflashdan ma‘no ko‘rmayapmiz. Eng asosiy vaqt ketadi. Ushbu sarmoyani ijtimoiy sohani rivojlantirishga sarflagan ma‘qul, - deydi g‘oya tashabbuskorlaridan Semey davlat universiteti rektori Yerlan Sidiqov.

Mustaqil kuzatuvchilar referendum o‘tishiga va Nazarboyev saylovlarsiz vakolatini 2020 yilgacha uzaytirishiga hech qanday to‘siq ko‘rmayotganini aytadi.

Jurnalist Sergey Duvanovga ko‘ra Nazarboyevning ushbu harakatlarini g‘arb davlatlari ham qo‘llab quvvatlaydi. Qozog‘istonga OXHTga raislik qilish huquqini berish orqali rivojlangan davlatlar demokratik qarashlar printsipial emasligini ko‘rsatishdi.

- Bugun G‘arbiy Ovro‘po va Amerikaning Markaziy Osiyoda geopolitik qiziqishlari asosiy masaladir. Ikkinchidan g‘arbda yuzaga kelagan energetik muammolarni Qozog‘iston yordami bilan yechishni istashadi. Shuning uchun ham ular qozog‘istonliklarning huquqi va erkinligini namoyishkorona inkor qilishadi, - deydi Sergey Duvanov.

Qozog‘istonda prezidentlik saylovlari konstitutsiya bo‘yicha har besh yilda o‘tkazilishi kerak (bundan oldinroq 7 yil edi). Bir shaxs ikki martadan ko‘proq prezident etib saylanmasligi lozim. Biroq ushbu taqiqlar 2007 yildan boshlab mamlakatning birinchi Prezidenti Nazarboyevga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Qozog‘istonning joriy Prezidenti Nazarboyev boshqaruvga 1989 yil kelgan. 1991 yilgi saylovlarda 98,7 foiz ovoz olib prezidentlikka saylangan. 1995 yilda uning vakolatlari referendum orqali yana bir muddatga uzaytirildi. Nazarboyev 1999 va 2005 yillarda raqiblarini sezilarli farq bilan ortta qoldirib prezidentlikka qayta saylangan edi.