'Dasturxon o‘z yo‘liga, chegaradan gapiray...'

Hozirda yopiq bu chegara-bojxona o‘tish maskani Zafarobod tumanini Sirdaryo viloyati bilan bog‘lab turardi
Image caption Hozirda yopiq bu chegara-bojxona o‘tish maskani Zafarobod tumanini Sirdaryo viloyati bilan bog‘lab turardi

Tojikistonlik paxtakor dehqonlar yangi kirib kelgan yilni oldingi yillarga qaraganda ancha to‘kin dasturxon bilan kutib olishgan. Bunga jahon bozorida paxta tolasi narxining keskin oshishi sabab bo‘lgan.

Oldingi yillar esa, Shimoliy Tojikistonning ko‘pgina paxtakor tumanlari kabi Zafarobod tumanida ham ekinzor yerlar ekin ekilmasdan qolib ketayotgandi. Bunga paxta yetishtirish uchun qilingan mehnat va xarajat o‘zini oqlamasligi, dehqonlarning qarzga botayotganliklari sabab bo‘lgandi.

Zafarobod tumani Mirzacho‘lning Tojikiston qismida joylashgan. Mirzacho‘lni o‘zlashtirish boshlangan yillari bu yerda ko‘proq tog‘li qishloqlardan aholi ko‘chirib kelingan. Cho‘l o‘zlashtiradiganlar uchun ikki-uch qavatli uylardan iborat shaharchalar barpo qilina boshlangan.

Jo‘rabek To‘rabekov ayni kuch-quvvatga to‘lgan paytida tog‘li qishloqlardan biridan Zafarobodning Mehnatobod deb nomlangan qo‘rg‘oniga ko‘chib kelgan. Hozirda yetmish yoshni qoralagan bo‘lishiga qaramasdan Jo‘rabek aka bir yerda o‘tirmaydi, o‘g‘illariga maslahat beradi, ish o‘rgatadi.

"O‘g‘illarim dalaga ketishdi. Qishda yer tin oladi, lekin dehqon emas", deydi Jo‘rabek aka.

- Yangi yil dasturxoningiz qanday bo‘ldi - ,deb so‘rayman Jo‘rabek akadan.

- Yangi yil dasturxonimiz, Ollohga shukur, to‘kin bo‘ldi. Bu yil paxtakorlarning mehnati mevasi yomon bo‘lmadi, bunga paxta tolasi narxining oshgani sabab bo‘ldi. Ming qatla shukr! Biz o‘zbek, tojik xalqlari shukr qilib o‘rganganmiz. Yomon emas, nolimaymiz, nolimasak bo‘ladi.

"Agar paxta tolasi narxi oshmaganda edi, yana ko‘plab dehqonlar Rossiyaga ish izlab ketishgan, qancha-qancha yer esa ekin ekilmasdan qolib ketgan bo‘larmidi", der ekan Jo‘rabek aka o‘tgan yilning omadli kelganidan xursandligini yashirmaydi.

- Shu pallaga dovur dehqonlarimiz, ayniqsa, paxtakorlarimizning nihoyatda katta qarzlari bor edi. Xudoga shukr, ikki yil avval prezidentimiz qarzlarimizni kesdilar. Endi esa, paxta tolasining narxi taxminan ikki-ikki yarim baravar oshgani munosabati bilan qarzlardan qutuldik. O‘g‘illarimning anchagina yerlari bor, qirq tonnaga yaqin paxta sotishdi. Bu yil dehqonlarimizning ko‘kraklariga shamol tegib, erkin nafas olishyapti, Xudoga shukr!

Zafarobodlik dehqonlar ko‘pchiligi qarzdan qutulibgina qolmasdan ro‘zg‘orga, dehqonchilik ishlariga zarur narsalar sotib ola boshlashgan.

- O‘g‘illarim bu yil iqtisod qilgan pullariga bitta "75" traktori sotib olishdi. 15 ming somoniyga.

- Bu Amerika dollariga chaqqanda qanchaga to‘g‘ri keladi?

- Uch yarim ming dollarga. Shuni oldik, mana hozir yerlarni shudgor qilishni boshlaymiz. Ilohim bizning davlatimiz tinch bo‘lsin, bilmadim endi, qo‘shnilarimizga nima bo‘lgan, bizlarga qorong‘u. Endi men qarigan odam, siyosat bilan ishim yo‘q, lekin baribir shu O‘zbekiston bilan bordi-keldimiz yaxshilansin. Bunga umid qilamiz. Avvalo Xudo, keyin ikkala respublika rahbarlaridan umidimiz katta.

- Qon-qarindoshni ko‘rib kelish yaxshi, lekin bundan tashqari ko‘p dehqonlar, jumladan sizning Zafarobod tumaningizda yashayotgan dehqonlar ham paxtachilik, chigit ekish yok boshqa ekinlarni ekish ko‘proq O‘zbekistondan keladigan ayrim narsalarga bog‘liq deyishadi. Sizlar O‘zbekistondan masalan nimalarni olasizlar?

- Mineral o‘g‘itlarning deyarli hammasi O‘zbekistondan keladi, yonilg‘ining asosiy qismi O‘zbekistondan. Men endi bu zarur narsalarning qonuniy yo‘l bilan o‘tishi taraf-doriman. Kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazayotganda necha odam fojiaga yo‘liqdi, halok bo‘ldi. Qonuniy yo‘l bilan keltirilganda hech qanday xavotirlik ham bo‘lmasdi. Agar mineral o‘g‘it va yonilg‘i yetarli bo‘lsa, bizning Zafarobod yerlarida gektaridan kamida o‘ttiz sentnerdan hosil olishimiz mumkin. Chunki harqalay suv bor, sakson-to‘qson foiz ta‘minlanyati.

Dehqon nega alamda?

Image caption Bu uylar Mirzacho‘l o‘zlashtirila boshlangan yillar qurilgan

Jo‘rabek aka bilan dehqonchilik borasida gaplashishga qanchalik urinmayin, baribir u O‘zbekiston bilan chegara muammolari to‘g‘risida so‘zlayverdi.

- Shu chegara masalasi hal qilinsa, biz Zafarobodda ilgaridek 30-40 ming tonna hosil olishimiz mumkin.

- Siz chegaraning yopiqligi O‘zbekistonga bog‘liq deb o‘ylaysizmi?

- Men bu borada bir nima deya olmayman. Lekin ko‘proq O‘zbekistonga bog‘liq, shekilli. Chunki O‘zbekistondan biz tomonga kelgan mehmonlar, bizning avlodlarimiz unchalik tazyiqqa uchrashmagan-da. Tojikiston chegarachilari yoki bojxonachilari ularga ozor berishgan emas. Bu haqda biron joyda eshitgan emasmiz.

- Yangi yil kirib keldi. Yangi yildan oldinroq Sizni o‘ylantirayotgan qanday tashvishlar bor edi?

- Meni asosiy tashvishlantirayotgan narsa - keyingi bir-bir yarim yil orasida O‘zbekistonning qo‘shni Sirdaryo viloyati bilan bordi-keldilarimizning deyarli butunlay yo‘qolib, achinarli ahvolga kelishidir. Avlodlarimizning deyarli yarmi O‘zbekiston-da yashasa ham, bordi-keldimiz yo‘q. Hatto men yaqinda xolavachchamning ta‘ziyasiga ham bora olmadim. Xovosdan, Shapskiydan qaytib keldim, afsuslanib. Hozirgacha alamdaman. Mening Yangi yil tilaklarim - ilohim shu ikki mamlakat rahbarlari bir kelishuvga kelishsa va Sirdaryoning qo‘shni Xovos va Boyovut tumanlari bilan bordi-keldilarimiz ilgarigiday bo‘lsa.

- Zafarobod va Sirdaryo viloyatining qo‘shni tumanlari orasida chegaradan qonuniy o‘tish joylari bor edi. Shu o‘tish joylaridan borib-kelsangizlar bo‘lmaydimi?

- Bir yildan buyon qonuniy o‘tish joylari yopiq. Ayrim odamlar juda qiyin yo‘l-lar bilan , xavfu xatarni bo‘yinga olgan holda borib-kelishyapti. Ana shunday noqonuniy o‘tish paytida bir necha kishi chearachilar o‘qiga uchradi, o‘lganlar va yaralanganlar bor. O‘zbekistonga o‘tish nihoyatda qiyin. Agar boshimizga biron mushkul ish tushib qolsa, viloyatga kelish kerak, Dushanbega borish kerak. Viza to‘g‘rilash uchun o‘n-o‘n besh kun o‘tib ketadi.

Noumid - shayton

Jo‘rabek aka bir zum sukut saqlaydi va o‘z-o‘ziga so‘zlayotganday gapiradi:

- Ajab hayronman, nima bo‘ldi bizga? Keyingi o‘n-o‘n besh yil orasida bunday qiyinchiliklar yo‘q edi hisobi. Bordi-keldimiz yaxshi edi. To Yangiyer shahriga dovur, buyog‘i Shirin shahriga, Bekobodga bemalol borib-kelardik. Faqatgina biz emas, Tojikistonning boshqa ko‘pgina chegaradosh manzillari aholisi ham O‘zbekistonga o‘ta olmayapti. Masalan, Shahriston tumanida yashaydiganlar O‘zbekistonning qo‘shni Jizzax viloyati Yangiobod tumaniga o‘ta olishmayapti. Bilmay qoldim, nima qilamiz? Bizning bolalarimiz O‘zbekistondagi aka-ukalarimizning bolalari bilan begona bo‘lib ketishadimi endi? Shaxsan mening yarim avlodim O‘zbekistonda, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida yashashadi. Bordi-keldimiz tamoman yo‘q bo‘ldi.

- Chegaradan o‘tayotganingizda hozir chegara ekanligi bilinadimi?

- Hozir O‘zbekistonning Sharqoobod stantsiyasigacha dovur chuqurligi uch-to‘rt metr, eni olti metrlik xandaqlar qazilgan. Buyog‘iga chegarani simto‘rlar bilan o‘rab tashlashgan. Ustiga qurollangan chegarachilar qo‘riqlashadi. Nihoyatda o‘tish mushkul.

-Lekin, Siz ikki mamlakat orasida munosabatlar yaxshilanishiga va ilgarigiday hech bo‘lmaganda qonuniy o‘tish joylaridan istagan paytingizda O‘zbekistonga o‘tib, o‘zingizning qon-qarindoshlaringizni ko‘rib kelishingizga ishonasizmi?

- Mana shunday ahvol bo‘lsa, ishonmayman. Lekin, noumid - shayton. Zora ikki mamlakatning daxldor tashkilotlari insofga kelishsa-yu, yana ilgarigiday bordi-keldi bo‘lsa. Lekin, hozirgi kunda men ishonmayman.