Qirg‘iziston tog‘laridan birini Putin tog‘i deb nomladi

Qirg‘izistonning yangi hukumati mamlakatdagi tog‘lardan birini Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin nomi bilan atash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atamboyev Tyan-Shan tog‘idagi cho‘qqilardan biri "Vladimir Putin cho‘qqisi" deb nomlash haqidagi qonunni imzolagan, ushbu hujjatning mamlakat parlamenti tomonidan tasdiqlanishi talab etiladi.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, cho‘qqiga shu paytgacha nom berilmagan, u mamlakat shimolidagi Chuy viloyatidagi tog‘larda joylashgan.

Cho‘qqining balandligi 4 ming 446 metrni tashkil etadi.

Tahlilchilar Qirg‘izistonning Rossiyaga kuchli bog‘liqligini aytishadi.

Mamlakatda o‘tgan yil aprelida prezident Qurmanbek Bakiyev qudratdan ketkazilganidan keyin muvaqqat hukumat vakillari ko‘p marta Moskvaga safar qildilar, Rossiya Qirg‘izistonga moliyaviy, insonparvarlik ko‘maklari ko‘rsatdi.

Bosh vazir Almazbek Atamboyev ham yaqindagina Moskvadagi muzokaralardan qaytgan, janob Atamboyev so‘zlariga ko‘ra, Kreml siyosatchilari bilan mamlakat uchun hayotiy ahamiyatga ega masalani hal etib kelgan.

Gap Qirg‘iziston Rossiyadan oladigan yoqilg‘i uchun soliq to‘lovlarini kamaytirish haqida borgan.

Qirg‘izistondagi cho‘qqilardan biriga Rossiyaning marhum prezidenti Boris Yeltsin nomi berilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, cho‘qqi nomini janob Putin nomi bilan atab Qirg‘iz siyosatchilari o‘zlarining Rossiyaga yaqinligini namoyish etishni istaydilar.