Tojikiston Ichki ishlar vazirligi: 'Ali Bedak' o‘ldirildi

Image caption Ali Bedak sobiq Birlashgan Tojik Muxolifatining taniqli dala qo‘mondonlaridan biri edi

Tojikiston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakat sharqida o‘tkazilgan harbiy amaliyot chog‘ida sobiq Birlashgan Tojik Muxolifati qo‘mondonlaridan biri Alovuddin Davlatov halok etilgan.

"Ali Bedak" laqabi bilan mashhur sobiq qo‘mondon boshchiligidagi qurolli guruh o‘tgan yil 19 sentyabrida Rasht vodiysida 28 nafar hukumat askarini o‘ldirishda ayblangan edi.

Cobiq dala qo‘mondoni G‘arm shaharchasidan uzoq bo‘lmagan Runob qishlog‘ida o‘tkazilgan maxsus amaliyot vaqtida halok etilgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mulozimlariga ko‘ra, u boshqargan guruhning yana 7 nafar a‘zosi ham o‘ldirilgan.

Guruhning faqat bir nafar a‘zosi tirik qo‘lga olingani ma‘lum.

Harbiy amaliyot vaqtida hukumat kuchlaridan hech kim ziyon ko‘rmagan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mulozimlari halok etilganlarning ro‘yxati ommaviy axborot vositalari orqali e‘lon qilinishini bildirganlar.

Rasmiylarga ko‘ra, G‘armdagi amaliyot hozirda yakunlangan.

Kamarob amaliyoti

Tojikiston sharqidagi harbiy amaliyotlar o‘tgan yilning 22 sentyabrida boshlangan edi.

Bu amaliyotlar 19 sentyabrda 28 nafar harbiyning hayotiga zomin bo‘lgan pistirmadan uyushtirilgan hujum ortidan tashkil etilgandi.

Kamarob darasidagi hujumda harbiylar avtokarvoni pistirmadan o‘qqa tutilgan.

Halok bo‘lganlarning aksari 19-20 yoshli askarlardir.

Rasmiylar avtokarvon 23 avgustda Milliy xafvsizlik qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonadan qochgan mahbuslarni qo‘lga olish amaliyoti uchun jo‘natilaganini aytadilar.

Tojikiston huquq-tartibot tizimlari Kamaraob darasidagi hujumda aynan Ali Bedakning qo‘li borligini urg‘ulab kelishgan.

Jumladan, Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Farudin Maxmadaliyev ham hujumni Mullo Abdullo nomi bilan mashhur, vaqtida Birlashgan Tojik Muxolifati tomonida turib kurashgan dala qo‘mondoni Abdullo Rahimov boshchiligidagi guruh va Alovuddin Davlatov guruhi sodir etgan, deb aytgandi.

Rasht vodiysidagi amaliyotlar vaqtida shuningdek, hukumatga qarashli "Alfa" guruhining 28 nafar a‘zosi doxil hammasi bo‘lib 60 ga yaqin harbiy halok bo‘lgandi.

Tojikistondagi mustaqil nashrlar 1997 yilda hukumat va‘dalariga ishonib, milliy yarash bitimini imzolagan sobiq muxolifatdan qolgan sanoqli qo‘mondonlarni yo‘q qilish amaliyoti davom etayotganini yozishadi.