Xitoy Markaziy Osiyoni egallab olmoqdami?

Markaziy Osiyoga millardlab dollar sarmoya kiritayotgan Xitoyning mintaqadagi maqsadlari noma‘lum. Xitoy ulkan hududga ega bo‘lgan Markaziy Osiyoni asta - sekinlik bilan egallab olishi mumkinligidan xavotirlar ham yo‘q emas. Biz Moskvalik sharhlovchi Sanobar Shermatovadan bu xavotirlar qanchalik asosli, deb so‘radik:

Sanobar Shermatova: Men yaxshi eslayman, 1990- yillar boshida Prezident Akayev menga "xitoyliklar ipak ip bilan tikishadi" degan naqlni aytgan edi. U xitoyliklar bilan munosabatlarni buzishni istamasligini aytib, mendan buni matbuotga chiqarmasligimni so‘ragandi. Ya‘ni demoqchi bulganim - qirg‘izlarda, qozoqlarda ham Xitoydan qo‘rquv bor. Ammo, shunga qaramay, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Xitoy bilan yirik savdo aloqalariga ega. Qirg‘iziston, deylik, o‘zining jahon savdo tashkilotiga a‘zoligidan Xitoy bilan savdo aloqalarida yaxshi foydalanayapti. Hatto, Qozog‘iston bilan Xitoy o‘rtasidagi savdoning katta qismi Qirg‘iziston orqali o‘tadi. O‘zbekiston bilan ham shunday. Xitoy mollari butun Markaziy Osiyoni bosib ketdi. Sababi - u yerda bozor bor. O‘z vaqtida Rossiya bu bozorni tashlab chiqib ketgan edi. Hozir Markaziy Osiyoda sotilayotgan hamma narsa avval sovet mollari edi. Albatta, sifat ham sovet mollariga xos bo‘lgan. Endilikda, nafaqat Markaziy Osiyo, balki Rossiya bozorlari ham Xitoy mollari bilan to‘la. Rossiyada bugun mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan lampochkani ham, o‘yinchoqni ham topishga qiynalasiz. Hamma narsa Xitoyniki. Shuning uchun ham, Xitoyning Markaziy Osiyo bozorlarini egalllayotganida hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q. Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiga kiritayotgan sarmoyalarga kelsak, bu sarmoyalar, asosan, neft va gaz sohasiga kiritilmoqda. Ammo, ularning qanchalik shaffofligi borasida men bir narsa deyishim qiyin.

Bi-bi-si: Xitoyning Markaziy Osiyodagi siyosiy maqsadlari borasida nima deya olasiz?

Sanobar Shermatova: Xitoy misolida biz kuchli siyosiy ta‘sirni iqtisodiy yo‘l bilan qo‘lga kiritish urinishini kuzatamiz. Xitoy Markaziy Osiyoda, ta‘bir joiz bo‘lsa, yumshoq kuch bilan harakat qilayapti. Xitoy Markaziy Osiyodagi ta‘siri haqida og‘iz ko‘pirtirmaydi, shov-shuvli bayonotlar bermaydi, o‘zining Markaziy Osiyodan nima xohlashi haqida ham lom-mim demaydi. Bu kabi bayonotlar, so‘rov yoki tadqiqotlarni hech qayerda ko‘rmaysiz. Chunki, ular hech qayerda yo‘q. Va mening nazarimda, Xitoy Markaziy Osiyo va Rossiya bilan o‘zaro aloqalarning eng qulay shaklini topgan va bu shakl ShOS - Shanxay Hamkorlik Tashkiloti deb ataladi. Sovet Ittifoqi qulaganidan so‘ng, Xitoy o‘zi bilan chegaradosh Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini bir-biridan ajratgan holda, hammasi bilan chegaralar borasida alohida-alohida muzokaralar olib bordi. Shu yo‘l bilan Sovet Ittifoqi paytida yechilmagan chegara bahslarini ustalik bilan yechib oldi. Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning katta-katta yer maydonlari Xitoyga o‘tdi. Xitoy Markaziy Osiyoda o‘z oldiga qo‘ygan eng katta maqsadlardan biri, bu albatta, xom ashyodir - neft va gaz. Xitoy o‘z energetika ehtiyejining sezilarli qismini Markaziy Osiyo davlatlari hisobidan qoplashni boshladi. Turkman gaz quvuri ishlayapti, o‘tgan hafta O‘zbekiston quvurning ikkinchi navbatini ishga tushirdi. Bularning hammasi Xitoy diplomatiyasining muvaffaqiyatidir.

Bi-bi-si: Markaziy Osiyo rahbarlari hamma vaqt Rossiya, Amerika va Xitoy manfaatlari o‘rtasida muvozanat saqlashga urinib keladilar va hozircha ular bunga muvaffaq bulishmoqda. Ammo, kelajakda Xitoy ta‘sirining kuchayiishini kutishimiz mumkinmi?

Sanobar Shermatova: Hamma narsa vaziyatga va Markaziy Osiyo rahbarlarining qanchalik ustaligiga bog‘lik. Albata, Xitoyning puli, mollari va diplomatiyasi yaxshi ishlayapti. Ammo, o‘tgan yili sodir bo‘lgan bir narsa e‘tiborga loyiq. Bu Rossiya, Qozog‘iston va Beralus o‘rtasidagi bojxona ittifoqi. Bu umumiy bozorni yaratish uchun 10 yil vaqt ketdi. Hozirda Qirg‘iziston va Tojikistonning bu ittifoqqa qo‘shilishini kutishimiz mumkin. Nazarimda, qiyinchilik bilan bo‘lsa ham, bu umumiy bozor rivojlanadi. Mintaqadagi Tojikiston va Qirg‘iziston, birinchi navbatda Rossiyaga ko‘proq karam. Albatta, Markaziy Osiyo davlatlarining kelajagi katta davlatlar, jumladan, Xitoyning manfaatlari o‘rtasida qanchalik muvozanat qila olishlariga bog‘liq. Bu ularning yashab qolishlarining tamal printsipidir. Ular bu qoidadan hech qachon voz kechishmaydi. Bu Markaziy Osiyodagi haqiqiy voqe‘lik.