Qirg‘izistonda 'jangarilar'ga qarshi maxsus amaliyot o‘tkazilmoqda

Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari poytaxt Bishkek yaqinidagi Strelьnikovo qishlog‘ida maxsus amaliyot o‘tkazishmoqda.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, terrorchi guruh rahbari deyilgan Sovetbek Islamov va Azim Sultanqulov o‘ldirilgan. Qidiruvda bo‘lgan Edil Abdrahmanov esa, qo‘lga olingan.

Rasmiy ma‘lumotda aytilishicha, qurolli shaxslar tomonidan "Alьfa" deb nomlangan aksilterror maxsus guruhining bir zobiti halok etilgan.

Chorshanba kungi amaliyot 4 yanvar kuni kechqurun poytaxt Bishkekning Oktyabrь tumanida 3 militsiya xodimining o‘ldirib ketilishi bilan bog‘liq.

Qirg‘izistonda halok etilgan militsiya xodimlari nomlari ma‘lum qilindi

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati 4 yanvar kuni poytaxt Bishkekning Oktyabrь tumanida o‘ldirilgan uch militsiya xodimi ismi shariflarini oshkor qilgan.

Ushbu matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘ldirilganlar militsiya kapitani 31 yoshli Samat Jiyanbekov, 38 yoshli mahalliy inspektor Almazbek Sulaymonov, 46 yoshli Piridinbay Ismanov.

Militsiya xodimlari hujjatlarni tekshirayotgan mahal otib ketilgan. Hujumchilar qochib qolishga muvaffaq bo‘lishgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati va terrorga qarshi kurash markaziga ko‘ra, qotillar "Islomiy jihod ittifoqi" deb nomlanuvchi ekstremistlik guruh a‘zolaridir.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari Marat Imanqulovga ko‘ra, "ushbu guruhning avvalroq qo‘lga olingan eng faol yetti a‘zosi guvohlik bermoqda".

Image caption Marat Imanqulovga ko‘ra, jihodchilar guruhi Qirg‘izistonda terror hujumlari uyushtirishni rejalagan

Uning aytishicha, "mazkur guruhning faollari va rahbarlari Pokiston va Afg‘onistondagi maxsus jamloqlarda tayyorlovdan o‘tishgan".

"...ularning asosiy maqsadlari Farg‘ona vodiysi hududida xalifalik barpo etishdir", deydi Marat Imanqulov.

Marat Imanqulovga ko‘ra, guruh Qirg‘izistonda terror hujumlari uyushtirishni rejalagan.

Qurollilar qidirilmoqda

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, seshanba kuni kechki soat 8:30 larda Bishkek shahri Oktyabrь tumani ichki ishlar bo‘limining xodimlari oldinroq sodir etilgan jinoyatlarda gumon kilingan shaxslarni qidirish va hujjat tartibini tekshirish choralari amalga oshirilayotgan paytda qurollangan guruh a‘zolari uch militsiya zobitiga hujum qilgan.

Qirg‘izistonda kecha uchta militsiya zobitlariga o‘q uzib, ularni o‘ldirgan olti shaxs qidirilayotgani va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuratura xodimlaridan tuzilgan alohida tergov guruhi gumon qilinayotgan shaxslarni qo‘lga olish uchun maxsus qidiruv amaliyotlarini o‘tkazishayotganini ma‘lum qilgandi.

Qirg‘iziston rasmiylari bundan oldin ham mamlakat hududida o‘zbek guruhlari, O‘zbekiston Islomiy Harakati va "Islomiy jihod ittifoqi"ga mansub jangarilar faoliyatda ekanini da‘vo qilishgan va o‘tgan iyun oyida kechgan milliy nizolarda ham bu guruhlarning qo‘li borligi aytilgandi.

Ammo, inson huquqlari faollari va kuzatuvchilar terrorchilikka qarshi kurash Qirg‘izistondagi qonunsizlik va yuz berayotgan zo‘ravonliklarni oqlash uchun bahona ekanini aytishadi.