Nazarboyev prezidentlik muddatini 2020 yilga qadar uzaytirish borasidagi referendumni rad etdi

Image caption Qozog‘iston Prezidenti saylovlarsiz muddatini uzaytirish haqidagi referendumni rad etgan bo‘lsa ham, bu kabi referendum o‘tkazilishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev saylovlarsiz 2020 yilgacha mamlakat boshqaruvida qolish haqida parlament tomonidan ilgari surilgan referendum g‘oyasini rad etdi.

Janob Nazarboyev tomonidan bu borada imzolangan farmon matbuotda e‘lon qilingan.

Ko‘pchilik tahlilchilar janob Nazarboyevnig bu qarorini kutilmagan deyishmoqda.

Oxirgi vaqtlarda mamlakat bo‘ylab joriy Prezident muddatini saylovlarsiz uzaytirish borasida keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda edi.

"Kazinform" xabar agentligiga ko‘ra, bir hafta mobaynida ushbu g‘oya tashabbuskorlari referendum qo‘llovchilarining 3 milliondan ko‘proq imzosini yig‘a olganlar.

Lekin referendum o‘tkazishga muxolif harakatlar qarshi chiqqandilar.

AQSh ma‘muriyati ham bu g‘oyani tanqid ostiga olgandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Qozog‘istondagi elchixonasi bayonotida Nazarboyev qudratini saylovsiz uzaytirish maqsadidagi referendum "demokratiyadan ortga qaytish bo‘ladi", deya aytilgandi.

Qozog‘istonda kelgusi prezidentlik saylovlari 2012 yili bo‘lib o‘tishi kerak.

70 yoshli Nursulton Nazarboyev mamlakatni 20 yildan ortiq, Sho‘rolar davridan beri boshqarib keladi.

Nursulton Nazarboyev boshqaruvi ostida Qozog‘iston iqtisodiy jihatdan anchayin yutuqlarga erishgan va 2010 yili Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga raislik qildi.

G‘arb davlatlari Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga raislik Qozog‘iston rahbariyatini yirik siyosiy islohotlarga undashiga umid qilishgandi. Ammo, tanqidchilar boshqaruvni demokratik andazalarga moslash yo‘lida juda oz harakat qilinganini aytishadi.

Inson huquqlari tashkilotlari Nazarboyev janoblari boshqaruvini avtoritar va demokratiyaga zid ekanini aytishadi.

Qozog‘istonda 1995 yili ham referendum o‘tkazilib, Nazarboyevning prezidentlik muddati 2000 yiga qadar uzaytirilgandi.

Keyinchalik janob Nazaboyev 1999 va 2005 yillardagi saylovlarda g‘alabaga erishdi.

2007 yili mamlakat parlamenti unga saylovlarda o‘z nomzodini cheklanmagan marotaba qo‘yish huquqini berdi.

2010 yil sentyabr oyida Nursulton Nazarboyev 2012 yilgi saylovlarda qatnashish niyatida ekanligini ma‘lum qildi.

O‘tgan iyun oyida esa unga "Millat rahnamosi" unvoni berilgandi.

Hozirda ko‘plab kuzatuvchilar prezidentlik muddatini saylovlarsiz uzaytirilishi borasidagi referendum baribir bo‘lib o‘tadi, degan fikrdalar.

Chunki Qozog‘iston qonunlariga muvofiq parlament a‘zolarining aksari, ya‘ni 80 foizi Kosntitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish haqida ovoz bersa, Prezident bu haqdagi farmonni imzolab masalani referendumga qo‘yishga majbur bo‘ladi.

Qozog‘iston parlamenti deputatlarining aksari esa Nursulton Nazarboyevni qo‘llovchi "Nur Atan" partiyasi a‘zolaridir.