Xo‘jand shahrida amalga oshirilgan xudkushlik hujumi bo‘yicha 48 kishi qo‘lga olindi

Tojikistonning Xo‘jand shahrida bundan to‘rt oy ilgari yuz bergan xudkush hujumchi sodir etgan portlash bo‘yicha 48 kishi qo‘lga olingan. Tergov davomida ularning ko‘pchiligi o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni tan olgan.

Bu borada Sug‘d viloyati prokurori Yusuf Rahmonov ma‘lum etgan. Lekin, u tergov manfaatlari nuqtai nazaridan deya qolgan tafsilotlarni bermagan.

Tojikistonda birinchi marta ekani aytilgan xudkushlik hujumida hujumchidan tashqari uch nafar militsiya xodimi halok bo‘lgan. 27 nafar militsiya zobiti yaralangan.

Tojikiston rasmiylari bu hujumda Turkiston yoki O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining qo‘llari borligini da‘vo qilishgandi.

Ayni bir paytda noma‘lum "Ansorulloh Jamoati" guruhi portlash uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgandi.

Hibsga olishlar

Sug‘d viloyati prokurori Yusuf Rahmonovning aytishicha Xo‘janddagi xudkushlik hujumiga aloqadorlikda gumon etilayotgan kishilarni aniqlash va qo‘lga olish davom etmoqda:

"Terrorchilik hujumiga doir ochilgan jinoiy ish bo‘yicha allaqachon 48 kishi qo‘lga olindi. Ularning 37 nafari Istaravshan shahrida yashaydigan kishilardir. Qolganlari boshqa shahar va qishloqlardan. Mening fikrimcha, ularning terrorchilik hujumida qatnashganliklari yoki ekstremistik tashkilotlarga a‘zo bo‘lganliklari tergov davomida to‘liq isbotini topgan yoki topadi",- degan Sug‘d viloyati prokurori.

Lekin, prokuror boshqa tafsilotlarni keltirmadi va buni tergov manfaaatlari nuqtai nazaridan deya izohladi.

Huquq-tartibot organlariga ko‘ra, hibsga olinganlarning aksariyati Istaravshan shahridan bo‘lib, ular shahar va uning atrofidagi qishloqlar aholisini Tojikistonda Islom davlati tuzishga chaqirishgan, shu bilan birga huquq-tartibot maqomoti mulozimlariga nisbatan nafrat ruhini uyg‘otishga urinishgan.

Qo‘lga olinganlarning har biriga nisbatan Tojikiston Jinoiy Kodeksining jinoiy guruh tuzish, unga a‘zo bo‘lish moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘algan.

Shimoliy Tojikistonda terrorchilik harakatiga mansublarni qo‘lga olishlar joriy yil sentyabr oyi boshida Xo‘janddagi xudkush hujumchi sodir etgan portlashdan so‘ng boshlanib ketgan.

Sug‘d viloyat ichki ishlar boshqarmasining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi hovlisida yuz bergan portlash natijasida xudkush hujumchidan tashqari uch nafar milisiya mulozimi halok bo‘lgandi. Yana 27 nafar milisiya mulozimi yaralangandi.

'To‘qayga o‘t ketsa, ho‘l ham quruq ham birday yonadi'

Portlashdan so‘ng, bu hujumning aynan shu militsiya bo‘linmasiga uyushtirilishiga gunohsiz odamlarni qiynash sabab bo‘lganligi aytilgandi.

Portlash sodir etgan xudkush hujumchining aslida Istaravshan tumanidagi qishloqlardan biridan ekanligi aniqlangach, ayniqsa, u yashagan yerda qidirish ishlari kuchaytirilgan.

Natijada qo‘lga olinganlardan biri - 23 yoshli Dilshod Rahimov Turkiston Islomiy harakatining Istaravshan shahridagi rahbari sifatida ko‘rilgan.

Shuningdek, hibsga olinganlar orasida Isfara shahri va uning atrofidagi qish-loqlardan bo‘lgan kishilar borligi ham aytilgan. Isfarada qo‘lga olishlar davomida yuz bergan ikki otishmada uch nafar qurolli, jumladan bir ayol halok bo‘lgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra Sug‘d viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va Isfara shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining almashtirilishi ham Xo‘janddagi xudkushlik hujumi natijasida yuz bergan portlash bilan bog‘liq.

Xo‘janddagi xudkushlik hujumi va Dushanbedagi muvaqqat hibsxonadan ommaviy qochishdan so‘ng Tojikistonda teroorchilar ayrim chet mamlakatlarda tayyorlanayotgani boisidagi taxminlar kuchaygan.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha Pokiston, Eron va arab mamlakatlarida diniy tahsil olayotgan 1300 nafardan ortiq talaba ixtiyoriy-majburiy tarzda Tojikistonga qaytarilgan.

Ayni bir paytda kuzatuvchilar fikricha hali mahkamadan oldin xudkushlik hujumiga aloqadorlik yoki terrorchilik guruhlariga mansublik borasida ayblarning to‘liq isbotlangani yoki isbotini topishga qat‘iy ishonch bildirilganligi to‘g‘ri emas.

"To‘qayga o‘t ketsa, ho‘l ham quruq ham birday yonadi, degan gaplar bor. 2009 yil oktyabrida Isfarada yuz bergan qurolli otishmadan so‘ng qidiruv e‘lon qilingan 40 kishidan aksariyati hali topilmasligi va Xo‘janddagi portlashdan so‘ng qisqa vaqt - to‘rt oy davomida 50 nafarga yaqin kishining qo‘lga olinishi yoki qo‘lga olish paytida halok bo‘lishi turlicha fikrlar uyg‘otadi",- deydi mahalliy kuzatuvchi Islom Rasulov.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ko‘pincha jinoiy guruhlarga mansublikda gumon etilib, hibsga olinganlar mahkama paytida tergovdagi iqrorlarga ruhiy yoki jismoniy qiynoqlar bois qo‘lga kiritilishini aytishadi. Lekin, mahkamada ularning bu iddaolariga deyarli e‘tibor berilmaydi.