Erika Marat: 'Qirg‘iz hukumati komissiyasi hisoboti biryoqlama'

Image caption 'Ishonchli, haqqoniy tekshiruv o‘tkazmas ekanlar, u holda O‘zbeklar va Qirg‘izlarni yarashtirish jarayonini boshlab bo‘lmaydi'

Bir qator xalqaro kuzatuvchilar Qirg‘iziston hukumat komissiyasining 2010 yil iyun oyida mamlakat janubida ro‘y bergan etnik zo‘ravonliklar borasidagi hisobotini "qoniqarsiz", deya ta‘riflashgan.

Komissiya o‘z xulosalarini seshanba kuni e‘lon qilgandi. Bishkekda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Komissiya raisi Abdig‘ani Erkaboyev muvaqqat hukumat "etnik to‘qnashuvlar kelib chiqishi ehtimoli haqidagi ogohlantirishlarni jiddiy qabul qilmagan", deb aytgan.

"Etnik to‘qnashuvlarni na qirg‘iz va na o‘zbek xalqi, "balki radikal qarashlardagi shaxslar, jumladan Qodirjon Botirov kabi rahbarlar keltrib chiqarganlar," deb aytgan Abdig‘ani Erkaboyev.

Komissiya xulosasida, shuningdek, sobiq hukumat vakillari ham ayblanadi. Ayni damda, xavfsizlik xizmatlari vaziyat tarangligi va ehtimoliy inqiroz borasidagi ogohlantirishiga muvaqqat hukumat ham yetarli e‘tibor qaratmagani ta‘kidlanadi.

Hukumat komissiyasi ma‘lumotlariga ko‘ra, etnik to‘qnashuvlar oqibatida 426 odam halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlardan 381 nafarining shaxsi aniqlangan, qolgan qurbonlarni aniqlash ishlari hozir ham davom etmoqda.

Hukumat komissiyasi rahbari, jumladan, hodisalarda uchinchi kuchlar aralashuvi haqida aniq bir xulosaga kelinmaganligi, ammo ba‘zi Rossiya va O‘zbekiston fuqarolari aloqadorlikda gumon etilib, hibsga olingani, mahalliy o‘zbek jamoasi O‘zbekiston tomonidan rasmiy bo‘lmasa-da, norasmiy dastakka umid qilganliklarini aytdi.

Xalqaro kuzatuvchilar Qirg‘iziston hukumat komissiyasi xulosalarini "qoniqarsiz", deya ta‘riflar ekan, nima uchun rasmiy xulosalar bu kabi munosabatni uyg‘otmoqda? Qirg‘iziston masalalari bo‘yicha AQShlik tahlilchi va asli qirg‘izistonlik Erika Marat:

Erika Marat: Bu hisob yana bir bor hukumatning bir yoqlama yo‘l tutayotganini ko‘rsatadi. Ya‘ni, Qirg‘iz hukumati iyunda aslida nima sodir bo‘lgani borasida haqqoniy javob topishni istamayapti. Bu tekshiruvni olib borgan odamlar bir yoqlama yo‘l tutishgani yaqqol ko‘rinib turadi. Bu holat keyin qirg‘iz matbuotiga ham yuqqan. Ya‘ni, go‘yo zo‘ravonlikni o‘zbeklar boshlashgan va faqat o‘zbeklar ayblanmoqda.

Bi-bi-si: Demak siz bu hisobotni shubha ostiga olayapsiz. Lekin, mazkur hisobot iyunda kechgan zo‘ravonliklar oldidan Jalolobodda o‘zbeklar jamoasi rahbarlari mitinglar o‘tkazishgani haqida aytadi. Shu qatorda, muvaqqat hukumat ham ogohlantirishlarga e‘tibor qaratmaganini aytadi. Bu holatlar haqiqat emasmi?

Erika Marat: Bu narsalar haqiqatdir, lekin ular hisobotdan oldin ham ma‘lum edi. Ayniqsa, muvaqqat hukumat zo‘ravonliklarning oldini olmaganini hamma biladi. Lekin, hisobotda javobsiz qolayotgan ko‘plab savollar bor. Masalan, bu zo‘ravonliklar ne bois boshlanib ketdi. Qirg‘iz politsiyasi nima uchun bunaqa yo‘l tutdi? Nega hukumat o‘z vaqtida javob bermadi? Nima uchun hukumatdagi muayyan shaxslar bekorga qo‘l qovushtirib o‘tirdilar. Bu savollar ochiq qolmoqda.

Bi-bi-si: Hisobotda o‘zbek rahbarlari nizolarni boshlashgani va ular o‘zbek tiliga rasmiy maqom istab qator mitinglar o‘tkazishgani aytiladi. Bu kabi mitinglar zo‘ravonliklarni qo‘zg‘ash uchun neqadar yetarli edi?

Erika Marat: To‘g‘ri, O‘shda nima bo‘lganini tekshirish juda qiyin ish. Lekin, bu hukumat hisoboti o‘zbek jamoasining muayyan rahbarlarini ayblamoqda. Biroq, hisobot nega zo‘ravonliklar kelib chiqdi, degan savolga javob bermagan. Ular tarixga qarashmagan. Qanday sabablar o‘zbeklar jamoasi rahbarlarini keyingi paytlari faollashishga undagani bilan qiziqmaganlar. Chunki, muvaqqat hukumat aslida o‘zbek rahbarlariga faolashish uchun ishoralar bergani borasidagi savollarga javob yo‘q. Hozir esa, atrofda turli mish-mishlar yuribdi. Ya‘ni, go‘yo muvaqqat hukumat vakillari o‘zbek rahbarlarini ruhlantirib, sobiq Bakiyev tuzumiga qarshi turishga undashgan. Ammo, bularni hozir isbotlab bo‘lmaydi.

Bi-bi-si: Hozirgi hukumat tekshiruvi xulosasi endi Qirg‘izistondagi mavjud muammolar yechimida qanday qo‘l keladi?

Erika Marat: Bu hisobot hech nimani hal qilmaydi. Hali ko‘p tekshiruv o‘tkazilishi kerak. Mana shu xukumat tekshiruv komissiyasi tarkibidagi bir himoyachi ham komissiya xulosasi bilan kelisha olmagan va uni befoyda deb aytmoqda. Xullas, Qirg‘iz hukumati shuni anglashi lozimki, toki ular ishonchli, haqqoniy tekshiruv o‘tkazmas ekanlar, u holda O‘zbeklar va Qirg‘izlarni yarashtirish jarayonini boshlab bo‘lmaydi. Chunki, bu ikki xalqni yarashtirish uchun eng avvalo haqiqatni yuzaga chiqarish lozim.

Bi-bi-si: Qirg‘izistondagi o‘zbek jamoasi rahbarlaridan biri Qodirjon Botirov o‘tgan yil oktyabr oyida internet nashriyalari orqali chiqish qilib, mamlakat janubida etnik mojaroning kelib chiqishida muvaqqat hukumat rahbarlarini ayblagan edi.

Erika Marat: Qirg‘iziston janubidagi hodisalar yuzasidan hozirda xalqaro komissiya ham o‘z ishini olib bormoqda va yanvar oyining oxirlariga borib, o‘z xulosalarini ma‘lum qilishi kutilmoqda.