Nazarboyev vakolatini cho‘zish bo‘yicha referendum o‘tkazish tarafdorlari 5 milliondan ortdi

Qozog‘istonda Prezident Nazarboyev vakolatini 2020 yilgacha cho‘zish uchun referendum o‘tkazish tarafdorlari 5 milliondan ortib ketdi.

Tashabbus guruhi Markaziy saylov komissiyasiga mamlakatdagi umumiy saylovchilarning yarmidan ko‘pini tashkil qiluvchi bo‘lgan imzolarni taqdim etdi.

Shu bilan birga tashabbus guruhi parlamentga murojaat qilib referendum o‘tkazish uchun mavjud konstitutsion qonunlarga o‘zgartirish kiritishni so‘ragan.

Referendumga qarshilar esa, imzolar ma‘muriy bosimlarni ishga solgan holda yig‘ilganini da‘vo qilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi tarqatgan xabarga ko‘ra, Prezident vakolatini cho‘zishga qaratilgan referendumni qo‘llab quvvatlovchilar soni 5 milliondan ortib ketgan va umumiy saylov yoshidagilarning 55 foizini tashkil qilmoqda.

Imzo to‘plash ishlari tugaganligi bois tashabbus guruhi referendum o‘tkazish uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish borasida parlament deputatlariga murojaat qildi.

O‘z navbatida qudratdagi "Nur Otan" partiyasi mamlakatdagi siyosiy kuchlarni referendumni qo‘llab quvvatlash uchun "Qozog‘iston-2020" koalitsiya atrofida birlashishga chaqirdi.

Muxolifat vakillari Nazarboyevning vakolatini cho‘zishni istagan 5 milliondan ortiq imzo to‘plash shubhali ekanligini da‘vo qiladi.

Image caption "Alg‘a" partiyasidan Nag‘ashbay Eshmirzayev

-Buning hammasi bo‘lmagan gap. Mana men O‘skamendagi o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan tanishim bilan gaplashdim. Uning aytishicha, ularni imzo yig‘ishga yuborishgan. O‘skamenning sovug‘ida uyma-uy yurib 42 ta imzo to‘plangan. Ularni urushishgan va jerkib tashlagan odamlar bo‘lgan. Imzo qo‘ymaganlarni qora ro‘yxatga kirgizishgan, - deydi "Alg‘a" partiyasidan Nag‘ashbay Eshmirzayev.

Nag‘ashbay Eshmirzayevning qo‘shimcha qilishicha, referendumga qarshi bo‘lgan odamlar ko‘pchilikni tashkil qiladi, ammo ular o‘z fikrlarini ochiq aytishga qo‘rqishadi. Chunki, fikrini erkin aytganlarning o‘ziga yoki yaqinlariga bosim o‘tkazilishi mumkin.

"Nur otan" partiyasining Olmaota shahar bo‘limi binosi yonida bir guruh yoshlar norozilik aktsiyasi bilan chiqqandi. "Ruh bilan til" klubi yoshlari "demokratiyani ko‘mish marosimi"ni o‘tkazgan. Yoshlarga ko‘ra referendum o‘tkazish g‘oyasi bilan tashabbuschilar va deputatlar Qozog‘istonda demokratiyaning o‘limiga sabab bo‘lishmoqda.

Uzog‘i bilan 10 daqiqa davom etgan ushbu norozilik noqonuniy deya baholanib, kuch ishlatar tizimi xodimlari tomonidan to‘xtatilgan va ishtirokchilar idoraga olib ketilgan.

Dekabrning oxirgi o‘n kunligida imzo yig‘ishni boshlagan tashabbus guruhi qariyb 20 kun ichida ushbu ishni yakunladi. Kuzatuvchilar imzo yig‘ish va referendum o‘tkazish uchun ham davlat g‘aznasidan mablag‘ va ishchi kuchi sarflanishini aytishadi. Biroq, tashabbus guruhi referendumga ketadigan mablag‘ni saylovlar bilan solishtirib bo‘lmasligini aytadi.

"Referendum bu saylovlar emas. Referendumga bir savol qo‘yiladi va bir kunda o‘tib ketadi. Albatta bu narsalar o‘z o‘zidan va tekinga bo‘lib qolmaydi. Buning uchun "Referendum o‘tkazish to‘g‘risida"gi qonun bo‘yicha ma‘lum mablag‘ ajratiladi", - deydi g‘oya tashabbuskorlaridan Yerik Sidiqov.

Image caption "Nur otan" partiyasining Olmaota shahar bo‘limi binosi yonida bir guruh yoshlar norozilik aktsiyasi bilan chiqqandi

Prezident Nazarboyevning o‘zi vakolatini 2020 yilgacha cho‘zish to‘g‘risidagi parlament tomonidan taklif etilgan qonunni rad etgan edi. Prezident o‘z qarori borasida biron bir sharh bermagan.

Ammo, Qozog‘istonning "Referendum o‘tkazish to‘g‘risida" ishlab chiqilgan qonun bo‘yicha parlament a‘zolarining 80 foizi referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni qo‘llab quvvatlasa, prezident vetosi o‘z kuchini yo‘qotadi.