Qozoq parlamenti prezident Nazarboyevning vakolatini uzaytirishga qarshi emas

Qozog‘iston quyi parlamenti va senat a‘zolari bir ovozdan konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritishni ma‘qulladi.

Ushbu o‘zgartirishlar mamlakatning birinchi prezidenti Nazarboyevning vakolatini cho‘zish uchun referendum o‘tkazish va konstitutsiyaga “elboshi” atamalarini kiritishni nazarda tutadi.

Qonunga o‘zgartirishlar kiritgan deputatlar 2011 yilning bahor oylarida prezident vakolatlarini cho‘zuvchi referundum bo‘lib o‘tishini aytishmoqda.

Quyi palataning 106 deputati va 44 senator tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qonunga ko‘ra, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Endi Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nazarboyevning vakolatlarini 2020 yilgacha cho‘zuvchi referendumni o‘tkazish uchun qonuniy tomondan hech qanday to‘siq qolmadi.

27 dekabr kuni referendumni qo‘llovchilarning imzosini yig‘ishni boshlagan kompaniya 10 yanvar kuni yakunlangandi.

Ikki hafta davom etgan tadbir davomida tashkilotchilar 5 milliondan ortiq odamning imzosini to‘plashgan erishishdi. Bu Qozog‘istondagi umumiy saylovchilarning 55 foizini tashkil qiladi.

Bu kunlar davomida mahalliy ommaviy-axborot vositalaridan tortib, cherkov va masjid kabi odamlar yig‘iladigan joylargacha targ‘ibot ishlari yuritildi.

Referendum tashabbuskorlariga ko‘ra, mamlakatda Nazarboyevga bas keladigan raqibning o‘zi yo‘q, bu orada saylovlar o‘tkazib, ortiqcha harajat qilish davlat byudjetiga zarar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, 2020 yilgacha prezident Nazarboyev tomonidan davlatni rivojlantirish dasturi uchun ham imkon berish kerak.

Muxolifat vakillari 2 haftaning ichida majburlovlarsiz va qo‘shib yozmasdan buncha imzo to‘plashni savol ostiga oldi.

Prezident Nazarboyevning o‘zi bungacha parlament tomonidan taqdim etilgan referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunga veto qo‘ygan bo‘lsa-da, parlamentning 80 foizdan ortiq ovozi ushbu vetoni chetlab o‘tishi ma‘lum qilingandi.

Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi iqtisodi nisbatan jadallik bilan rivojlanayotgan davlat hisoblanadi.

Neft, gaz, mis kabi tabiiy boyliklarning ko‘pligi sabab Nursulton Nazarboyev xalqning farovonligini bir muncha ta‘minlagan deya ishoniladi.

Qozog‘iston mintaqada Rossiyadan so‘ng O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelayotgan mehnat muhojirlarini ish bilan ta‘minlaydigan ikkinchi davlat hisoblanadi.