BMT millionlar haqida so‘z yuritsa-da, O‘shdagi vaziyat hanuz abgor

Birlashgan Millatlar Oziq-ovqat dasturi idorasining bildirishicha, o‘tgan yili Qirg‘izistondagi mojarolar jabrdiydalariga shu paytgacha kuzatilmagan darajada yordam ko‘rsatishgan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, insonparvarlik yordamlari uchun yil davomida qariyb 6 million dollar mablag‘ sarflashgan va bu kabi sarf-xarajat Qirg‘izistondagi uch yillik faoliyatlari davomida kuzatilmagan.

Mablag‘ asosan oziq-ovqat sotib olish va o‘z tirikchiliklarini o‘tkazishlari uchun odamlarga mashinalarni ijaraga berish ishlarini uyushtirishga sarflangan.

Xalqaro tashkilotning aytishicha, Qirg‘izistonda o‘tgan yili yuz bergan qonli to‘qnashuvlar va milliy nizolar bozorlaru oddiy aholining hayotini izdan chiqargan.

Ularga ko‘ra, shu sababdan ham joriy paytda o‘z moliyaviy yordamlarini bozorlar faoliyatini qayta tiklash va ish o‘rinlarini yaratishga qaratishmoqda.

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Qurmonbek Bakiyevning qudratdan chetlatilishi bilan yakun topgan o‘tgan aprel oyidagi qonli to‘qnashuvlar va buning ortidan mamlakat janubida iyun oyida yuz bergan milliy nizolar sabab minglab kishilar sarson-sargardon qolishgan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, bu kabi jabrdiydalarga yordam berish uchun yil davomida 20 ming tonna oziq-ovqat tarqatishgan. Mahsulotning yarmiga yaqinini esa, qirg‘iz shirkatlarining o‘zidan sotib olishgan.

Birlashgan Millatlarning Oziq-ovqat idorasida Qirg‘izistondagi faoliyatini 2008 yilda boshlagan.

Va bu yil asosiy e‘tiborini mahalliy shirkatlar va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratmoqchi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, shunday qilgan taqdirlarida surunkali oziq-ovqat taqchilligi xavfi ostida qolgan insonlarning ham ahvollarini yengillatishlari mumkin bo‘ladi.

BMT va xalqaro tashkilotning Qirg‘izistondagi hamkorlari o‘tgan yil yakunida iyun oyidagi milliy nizolardan jabr ko‘rgan 1 millionga yaqin kishiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish uchun yana 42 million dollar yordam so‘rab, murojaat qilishgandi.

Qirg‘izistonning janubiy O‘sh va Jalol-Obod shaharlarida o‘zbeklar va qirg‘izlar orasida kelib chiqqan qonli to‘qnashuvlardan qariyb yarim million kishi jabr ko‘rgan: 400.000 ga yaqini doimiy turar-joylarini tashlab chiqishgan, o‘n minglab boshpanasizlar esa, qo‘shni O‘zbekistonga ham qochib o‘tishgandi.

Ko‘plab kishilar esa, zo‘ravonliklarni o‘z tanalarida his etishgan, yuzlab kishilar qurbon bo‘lgan, minglab insonlar tan jarohati olishgandi.

BMT, "Etnik nizolardan jabr ko‘rgan aholi, ayniqsa, bolalar va boshqa zaif guruhlarga hanuz xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan yordamlari zarur"ligini urg‘ulagandi.

Qirg‘iziston janubidagi mas‘ullarga ko‘ra, o‘tgan iyun oyida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar ortidan muhojirlik oqimi keskin ortgan.

Deylik, iyun bilan sentyabr oylari oralig‘ida qonli nizolardan eng ko‘p jabr ko‘rgan O‘sh shahrini 40 mingga yaqin kishi tark etgan.

Iyun oyidagi milliy nizolar sabab, ko‘plab turar-joylar bilan birga odamlarning tijoratlari ham vayron bo‘lgan.

So‘nggi rasmiy hisob-kitoblar aynan etnik zo‘ravonliklar sabab Qirg‘izistonning janubiy mintaqalarida 20 mingdan ortiq aholi ishsiz qolganligini ko‘rsatadi.

Biz Qirg‘iziston janubidagi xalqaro insonparvarlik yordamlarini tarqatish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tashkiloti xodimasi bilan bog‘lanib, u yerdagi haqiqiy ahvol bilan qiziqdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди