Qirg‘iziston sobiq mudofaa vaziri Milliy komissiyani mahkamaga tortmoqchi

Image caption Ismoil Isakov Milliy komissyasi xulosalari uning g‘urur va sha‘niga dog‘ tushirishini aytib, mahkamaga murojaat qilishini bildirdi.

Qirg‘iziston janubidagi etnik zo‘ravonliklar davrida muvaqqat hukumatning Mudofaa vaziri bo‘lgan Ismoil Isakov hodisalarni o‘rganish bo‘yicha Milliy komissiya xulosalarini asossiz, deya hisoblashini aytdi.

Bu haqda hozirda Qirg‘iziston parlamentining a‘zosi bo‘lgan janob Isakov Bishkekdagi matbuot anjumanida bildirdi.

"Komissiya anchagina katta ishni amalga oshirdi. Buning uchun ularga rahmat. Lekin shu bilan birga komissiya muvaqqat hukumat a‘zolarini etnik to‘qnashuvlarning oldini olish yo‘lida yetarli chorlarni ko‘rmaganlikda aybladi. Men bunday xulosaga qo‘shilmayman",-dedi Ismoil Isakov.

Unga ko‘ra, komissiyaning bu kabi xulosasi "yuzaki, asoslanmagan, adolatsiz va bir tomonlama"dir.

Janob Isakovning aytishicha, aprel oyidagi qudrat almashinuvidan so‘ng Muvaqqat hukumat bo‘lib o‘tayotgan mitinglarni tarqatish, egallab olingan davlat ma‘muriy binolarini ozod qilish, yangi hukumatni barpo etish, chegara masalalari, yangi Konstitutsiya va qator iqtisodiy-ijtimoiiy muammolarni hal qilish bilan qattiq shug‘ullangan.

Ismoil Isakovning ta‘kidlashicha, Milliy komissiya muvaqqat hukumatning amalga oshirgan ishlarini birontasini tilga olmay, atigi ikki oydan beri qudratda bo‘lganligini nazarda tutmagan.

"Komissiya xulosalari mening g‘urur va sha‘nimga dog‘ tushirmoqda, shuning uchun men bu borada mahkamaga murojaat qilaman",-dedi Ismoil Isakov.

Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan etnik zo‘ravonliklarni tekshirish yuzasidan tayinlangan hukumat komissiyasi 11 yanvar kuni o‘z xulosalarini e‘lon qilgandi.

Komissiya raisi Abdig‘ani Erkaboyev muvaqqat hukumat "etnik to‘qnashuvlar kelib chiqishi ehtimoli haqidagi ogohlantirishlarni jiddiy qabul qilmagan," deb bildirgandi.

"Etnik to‘qnashuvlarni na qirg‘iz va na o‘zbek xalqi, "balki radikal qarashlardagi shaxslar, jumladan Qodirjon Botirov kabi rahbarlar keltrib chiqarganlar," deb aytgan Abdig‘ani Erkaboyev.

Qirg‘iziston janubidagi hodisalar yuzasidan hozirda xalqaro komissiya ham o‘z ishini olib bormoqda va yanvar oyining oxirlariga borib, o‘z xulosalarini ma‘lum qilishi kutilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar va Qirg‘izistonning nohukumat tashkilotlari qirg‘iz janubidagi xunrezliklarda asosan o‘zbek aholi qurbon bo‘lgani, hususan, o‘ldirilgan va uyi yoqilgan insonlar asosan o‘zbeklar ekanini qayd qilishgan.

O‘z mustaqil tergovlarini olib borgan Human Rights Watch va Amnesty International muvaqqat hukumatning xunrezliklarga aloqasi tekshirilishiga chaqirishgandi.

Ular, xususan, huquq-tartibot organlari va armiya qonli voqealarni nima uchun to‘xtata olmagani va BTRlar kabi og‘ir qurollarning qanday qilib hujumchilar qo‘liga tushib qolgani tekshirilishi kerakligini aytganlar.

Bir qator xalqaro kuzatuvchilar Qirg‘iziston hukumat komissiyasining 2010 yil iyun oyida mamlakat janubida ro‘y bergan etnik zo‘ravonliklar borasidagi hisobotini "qoniqarsiz", deya ta‘riflashgan.