Qirg‘iziston poytaxtida taniqli o‘zbek imomi hibsga olindi

Qirg‘izistondan olingan xabarlarga ko‘ra, Bishkekda Qorasuv shahar masjidining imomi Rashod qori Kamolov hibsga olingan.

Qirg‘izistonlik huquqbon Ravshan Gapirovning aytishicha, taniqli imom Bishkek aeroportidan o‘z onasini arab davlatlaridan biriga davolatgani yo‘llashi ortidan ichki ishlar xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Dastlabki xabarlarga ko‘ra, Qorasuv shahar imomini firibgarlikda ayblashmoqda.

34-yoshli Rashod qori Kamolov Qorasuv shahar masjidining sobiq imomi Muhammadrafiq qori Kamolovning to‘ng‘ich o‘g‘lidir.

Muhammadrafiq Kamolov 2006 yil avgustida Qirg‘izistonda xavfsizlik kuchlari amaliyoti chog‘ida o‘ldirilgan edi.

O‘shanda Qirg‘iziston kuch tizimlari mulozimlaridan biri Bi-bi-si bilan suhbatda Muhammadrafiq Kamolovni O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan aloqador deya da‘vo qilgandi.

Rashod qori Kamolov otasining O‘zbekiston Islomiy Harakatiga aloqasi yo‘qligini bir necha bor aytgan.

Rashod qori yaqinlaridan Muhammad qori O‘zbekiston qamoqxonasida vafot etgan, boshqa bir yaqin qarindoshi Abduvali qori 15 yil muqaddam Moskvaga yo‘l olgan payti Toshkent aeroportida bedarak yo‘qolgandi.

Rashod qori Kamolov o‘tgan yili yozida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar paytida Qorasuv shahrida tartibni saqlash va u yerda qon to‘kilishlarning oldini olishda katta hissa qo‘shgani aytiladi.

Huquqbon Ravshan Gapirov Qorasuvlik imomning hisbga olinishi borasida Bi-bi-si bilan suhbatlashdi:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди