'Qonli milliy nizolarning oldini ololmagan qirg‘iz hukumati bo‘ldi'

Qirg‘iziston janubida iyun oyida yuz bergan qonli milliy nizolarni tekshirayotgan milliy komissiyaning xulosa qilishicha, o‘sha paytda qudratda bo‘lgan muvaqqat hukumat g‘alayonlar xavfidan ogoh esa-da, uning oldini ololmagan.

Tekshiruv komissiyasi raisi Abdug‘ani Erkebayev kecha bu xususdagi hisobotini Qirg‘iziston parlamentiga taqdim etgan.

Unga ko‘ra, Qirg‘iziston janubida yuz bergan hodisalarga ichki ishlar, mudofaa vaziri, xavfsizlik xizmati rahbari va bosh prokuror mas‘uldirlar.

"G‘alayonlar bo‘lishiga oid aniq ishora va belgilar bo‘lsa ham, qirg‘iz muvaqqat hukumati o‘z vaqtida chora ko‘ra olmagan," deb aytgan janob Erkebayev "Assoshayted Press" axborot agentligiga bergan suhbatida.

Uning tanqidlari o‘sha paytda muvaqqat hukumat rahbari bo‘lgan prezident Roza O‘tinboyeva va ayrim viloyat rahbarlarini ham chetlab o‘tmagan.

Milliy komissiya rahbariga ko‘ra, hukumat mulozimlarining qo‘llarida bo‘lajak g‘alayonlar xavfi haqida o‘nga yaqin alohida-alohida ma‘lumot bo‘lgan.

O‘tgan iyun oyida Qirg‘izistonning janubiy O‘sh va Jalol-Obod viloyatlarida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar orasida kelib chiqqan qonli to‘qnashuvlarda minglab kishilar qurbon bo‘lishgandi. Qurbonlardan aksariyatining o‘zbeklar bo‘lganliklari aytiladi.

Zo‘ravonliklar sabab yuz minglab o‘zbeklar esa o‘z turar-joylarini tashlab chiqishga ham majbur bo‘lishgandi.

Etnik nizolar Qirg‘iziston sobiq Prezidenti Qurmonbek Bakiyevni qudratdan chetlatgan aprel oyidagi zo‘ravon namoyishlardan bir necha hafta o‘tib yuz bergandi.

Janob Erkebayevga ko‘ra, muvaqqat hukumatning iyundagi g‘alayonlarni bartaraf etolmaganiga Qurmonbek Bakiyev ham muayyan ma‘noda aybdordir.

Uning aytishicha, qudratda ekani chog‘ida janob Bakiyev Qirg‘iziston janubidagi mudofaa va huquq-tartibot tizimlarining faoliyatini nihoyatda zaiflashtirib yuborgan.

"Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining O‘sh va Jalol-Oboddagi harbiy bo‘linmalarining soni keskin qisqartirilgan bo‘lgan," deb aytgan milliy komissiya raisi.

Qirg‘iziston milliy komissiyasi prezident Roza O‘tinboyeva tomonidan iyun oyidagi milliy nizolar ortidanoq yuz bergan hodisalarni batafsil o‘rganish maqsadida tashkil etilgandi.

Millatchi ruhdagi ayrim qirg‘iz siyosatchilarining shikoyat etishlaricha esa, tekshiruv jarayonida g‘alayonlarning kelib chiqishida o‘zbek jamoasining qanchalik o‘rin tutganiga yaxshi oydinlik kiritilmagan.

Milliy komissiya bundan avvalroq zo‘ravonliklarda ektremistlar va ayrim o‘zbek jamoasi rahbarlarini ayblab chiqqan, ammo na-da qirg‘iz va na-da o‘zbek xalqi aybdor emasligini urg‘ulagandi.

O‘sha paytda muvaqqat hukumatning Mudofaa vaziri bo‘lgan Ismoil Isakov esa, yaqindagina milliy komissiya xulosalarini asossiz, deya hisoblashini aytib chiqqandi.

Janob Isakov, "Komissiya xulosalari g‘urur va sha‘niga dog‘ tushirayotgani va shu sababdan ham, bu borada mahkamaga murojaat qilishi"ni bayon qilgandi.

Qirg‘iziston janubidagi hodisalar yuzasidan hozirda xalqaro komissiya ham o‘z ishini olib bormoqda va yanvar oyining oxirlariga borib, o‘z xulosalarini ma‘lum qilishi kutilmoqda.

O‘z mustaqil tergovlarini olib borgan Human Rights Watch va Amnesty International muvaqqat hukumatning xunrezliklarga aloqasi bor-yo‘qligini tekshirishga chaqirishgandi.