Tojikiston shimolida O‘IH a‘zolarini qo‘lga olishlar kuchaydi

Xo‘jand shahrida sentyabr oyida sodir etilgan xudkushlik hujumidan so‘ng Tojikiston shimolida Turkiston yo O‘zbekiston Islomiy Harakatiga mansublikda gumon etilib qo‘lga olinganlar soni 50 nafarga yetgan.

Bu borada So‘g‘d viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general Sharif Nazarov ma‘lum etgan.

Shuningdek, o‘tgan yili Shimoliy Tojikistonda "Hizbut tahrir"ga mansublikda ko‘rilgan 17 erkak va ayol hibsga olingan. Ular orasida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor.

Xo‘janddagi portlashdan so‘ng qamoqqa olishlar kuchayib ketar ekan, oddiy odamlar orasida gunohsiz kishilar ham jazoga tortilishi ehtimoli mavjudligidan xavotirlik kuchaygan.

"Tuzoqqa ilingan yoshlar"

Shimoliy Tojikistonda Xo‘janddagi portlashdan so‘ng qo‘lga olingan 50 kishi huquq-tartibot mulozimlari tomonidan Turkiston yo O‘zbekiston Islomiy Harakatiga mansublikda ko‘rilmoqda.

Qo‘lga olinganlarning aksariyat ko‘pchiligi - deyarli 40 nafari Istaravshan shahri va uning atrofidagi qishloqlardan ekanligi aytilar ekan, bunga xudkush hujumchining aslida aynan shu Istaravshan tumanidan ekanligi bois u yerda qidiruv ishlar kuchaygani ta‘kidlanadi.

So‘g‘d viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general Sharif Nazarovning aytishicha, aynan Istaravshanda qo‘lga olingan kishilarning bir qator jinoyatlarni sodir etishda qo‘li borligi aniqlangan.

Huquq-tartibot mulozimlari tomonidan Istaravshan shahrida amaliyot o‘tkazilgach, u yerda mir sanalgan Dilshod Rahimov qo‘lga olinadi. Shundan keyin boshqalar ham hibsga olina boshlanadi.

Tergov davomida aniqlanishicha, bu kishilarning yana boshqa portlashlarni amalga oshirish niyatlari borligi ma‘lum bo‘lgan va qo‘poruvchilik harakatlari oldi olingan.

"Bu harakat bir-ikki oy davomida paydo bo‘lmagan. Ayrim shahar va tumanlarda u bir necha yil oldin yuzaga kelgan. Ularning ayrimlari xorijiy mamlakatlarga borib ta‘lim olib qaytishgan. So‘ngra yoshlarni yo‘ldan urib, yollay boshlashgan. Biz tahlil qilib chiqdik - qo‘lga olinganlarning 22 nafari 18 yoshdan 25 yoshgacha, 10 nafari 25 yoshdan 30 yoshgacha.. Demak, aksariyat ko‘pchilik yetarli hayotiy tajribaga, tuzukroq diniy bilimga ham ega bo‘lmagan yoshlar. Bundan foydalangan taqiqlangan noqonuniy harakatlar ularni o‘z tuzoqlariga ilintirishgan," degan general Sharif Nazarov.

Turkiston yo O‘zbekiston Islomiy Harakati faollari deya ko‘rilgan kishilarni qidirish jarayonida Isfarada ikki otishma yuz bergan. Bu otishmalar natijasida uch nafar qurolli, jumladan bir ayol halok bo‘lgan.

Xo‘jandda noqonuniy yurgan samarqandliklar

Ayni bir paytda Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Hizbut tahrir" firqasi mansublarini qo‘lga olishlar ham ko‘paygan.

Rasmiylarning bildirishlaricha, o‘tgan yili 17 nafar erkak va ayol mazkur firqa g‘oyalarini tarqatishda ayblanib hibsga olingan.

Ular orasida O‘zbekistonning ikki fuqarosi - Samarqand shahridan bo‘lgan, ikkovi ham 39 yoshli Abdusattor Azizov va Said Azizov ham bor.

Ikkovlon Xo‘jand shahrining turli mahallalarida qo‘lga olingan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining Sug‘d viloyati boshqarmasi ma‘lumotlariga ko‘ra, Abdusattor Azizov Tojikistonga bundan besh yil oldin o‘tib kelgan va noqonuniy yashagan.

U Xo‘jand shahri yaqinidagi qishloqlarda "Hizbut tahrir" varaqalarini tarqatishda ayblanmoqda.

Samarqandlik ikkinchi kishi - Said Azizovning ilgari O‘zbekistonda bu mamlakat Jinoiy Kodeksining bir necha moddalari bilan sudlanganligi va hozirda xalqaro qidiruvda ekanligi aytilgan.

Shimoliy Tojikistonda hozirda 12 kishi "Hizbut tahrir"ga mansublikda ko‘rilib qidirilmoqda.

Xavotirlik boisi ne?

Xo‘janddagi xudkush hujumchi sodir etgan portlashdan so‘ng 3 nafar militsiya mulozimi halok bo‘lishi va yana 27 nafar militsiya mulozimi yaralangandan so‘ng noqonuniy harakatlarga mansublarni aniqlab, qo‘lga olishlar kuchayib ketar ekan, bu odamlar orasida xavotirlikka ham sabab bo‘layotir.

Xavotirlikka esa, gunohsiz odamlarning noqonuniy harakatlarga mansublikda ayblanib hibsga olishlar ehtimoli yo‘q emasligi bois bo‘lmoqda.

Tojikistonning boshqa mintaqalariga qaraganda Sug‘d viloyatida Turkiston yo O‘zbekiston Islomiy Harakati faolligi boisi borasida gap ketar ekan, rasmiylar bu mazkur viloyatning katta qismi Farg‘ona vodiysida ekanligi bilan izohlashadi.

Viloyatning jug‘rofiy joylashuvi aytilgach esa, Turkiston yo O‘zbekiston Islomiy Harakatining aynan Farg‘ona vodiysida Islomiy tuzum - xalifalik o‘rnatish niyati borligi urg‘ulanadi.

Aholi o‘ta zich yashaydigan Farg‘ona vodiysida Sug‘d viloyatidan tashqari yana olti viloyat - O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qirg‘istonning O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlari joylashgan.