Taniqli imom Rashod qori Kamolov hamon hibsda qolmoqda

Image caption Rashod qori Kamolov tovlamachilikda ayblanmoqda

Qirg‘iziston janubidagi Qorasuv shahri taniqli imomi Rashod qori Kamolov hamon qamoqda qolmoqda. U o‘tgan hafta boshida Bishkek shahar aeroportida hibsga olingan 35 yoshli imomni ozod etish talabi bilan hozirga qadar Qorasuv shahrida bir necha bor stixiyali namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

Qirg‘iziston janubidan inson huquqlari faoli Izzatulla Rahmatullayev Bi-bi-si bilan suhbatda Qorasuv aholisi va imomning yaqinlari uning taqdiridan bezovta ekanlarini aytadi. Ammo, unga ko‘ra, rasmiy doiralar Rashod qori Kamolovning ahvoli borasida biron bir ma‘lumot berishmayapti.

Rashod qori Kamolov tovlamachilikda ayblanmoqda. Uning go‘yo O‘zbekiston fuqarosini haj ziyoratiga olib borishga va‘da berib, pul olgani aytiladi.

Izzatulla Rahmatullayevga ko‘ra, Qorasuvda o‘tgan namoyishlarga javoban rasmiylar Rashod qori Kamolovni tez orada ozod qilishga va‘da berishgan, ammo ular halicha bu so‘zlarining ustidan chiqishgani yo‘q.

Hozirgacha imomning yaqinlariga u bilan ko‘rishish va advokat berilganmi yo‘qligi noma‘lum qolmoqda.

34-yoshli Rashod qori Kamolov Qorasuv shahar masjidining sobiq imomi Muhammadrafiq qori Kamolovning to‘ng‘ich o‘g‘lidir.

Muhammadrafiq Kamolov 2006 yil avgustida Qirg‘izistonda xavfsizlik kuchlari amaliyoti chog‘ida o‘ldirilgan edi.

O‘shanda Qirg‘iziston kuch tizimlari mulozimlaridan biri Bi-bi-si bilan suhbatda Muhammadrafiq Kamolovni O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan aloqador deya da‘vo qilgandi.

Rashod qori Kamolov otasining O‘zbekiston Islomiy Harakatiga aloqasi yo‘qligini bir necha bor aytgan.

Rashod qorining yaqinlaridan Muhammad qori O‘zbekiston qamoqxonasida vafot etgan, boshqa bir yaqin qarindoshi Abduvali qori 15 yil muqaddam Moskvaga yo‘l olgan payti Toshkent aeroportida bedarak yo‘qolgandi.

Rashod qori Kamolov o‘tgan yili yozida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar paytida Qorasuv shahrida tartibni saqlash va u yerda qon to‘kilishlarning oldini olishda katta hissa qo‘shgani aytiladi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди