Olma otadagi o‘zbekistonlik boshpana izlovchilar muammolarga duch kelishmoqda

Image caption O‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning moliyaviy jihatdan ham ularning ahvoli og‘ir ekanligi aytiladi

Olma ota shahridagi o‘zbekistonlik boshpana izlovchilar ro‘yxatga olish borasida muammolarga duch kelishmoqda.

O‘zbekistonning turli viloyatlaridan kelgan va vatanida diniy qarashlari tufayli ta‘qibga uchraganini da‘vo qiluvchi ushbu muhojirlar hujjatlaridagi muammolar bois tez-tez hibsga olinmoqda.

25 yanvar kuni Qo‘ldoshev Sunnatillo va Qo‘ldoshev Suhrobni oila a‘zolari bilan birga Turksib tumani politsiya idorasiga olib ketishgan. Aka- ukalarning 20 kunlik va 1 yoshlik farzandlari bo‘lgan.

Bi-bi-siga ma‘lum bo‘lishicha, ular Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmagan, shuning uchun, migratsiya politsiyasi ularni mahkama orqali O‘zbekistonga berib yuborishni maqsad qilgan. Ammo, mahkama qochqinlar ishini ko‘rib chiqishdan bosh tortgan. Ularning boshpana izlovchi ekanligini sabab qilgan. Ayni vaqtda, Sunnatillo va Suhrob Qo‘ldoshevlar politsiya idorasida ushlanib turilibdi. Politsiya xodimlari esa, ularning turmush o‘rtoqlari pasportlarini olib qo‘ygan.

- Xo‘jayinim bilan telefon orqali gaplashdim, kechasi bilan sovuq xonada qolib ketishibdi. Qorinlari och ekan. Shu bois, yeyish uchun u bu narsa olib bormoqchiman, - deydi Dildora Amirqulova.

Qozog‘iston xalqaro inson huquqlari byurosidan Svetlana Xejnichenkoning aytishicha, Qo‘ldoshevga o‘xshagan kishilarni BMTning qochqinlar bilan ishlash oliy komissarligi o‘z himoyasiga olmagan. Ular Qozog‘istonga boshpana izlab, "Qochqinlar to‘g‘risida"gi qonun kuchga kirib, BMT tashkiloti qochqinlar bilan shug‘ullanmay qo‘yganidan so‘ng kelishgan. Shuning uchun, ularni Qozog‘istonda himoya qiladigan birorta tashkilot yo‘q.

2010 yil iyun oyida bo‘lgan reyd chog‘ida 45 erkak hibsga olingan edi. So‘ng ularning 15 tasi qo‘yib yuborilgan. Ochiqda yurganlar pasportni ro‘yxatga qo‘yish borasida muammolarga duch kelishayotganini aytishadi. Shulardan biri ismi o‘zgartirilgan Muhammadning aytishicha, kunlarini politsiya olib ketib qolmasligi uchun qo‘rquv bilan o‘tkazishadi.

- Men Denisga (Qozog‘iston xalqaro inson huquqlari byurosi yuristi) borganimda migratsiya politsiyasi meni ro‘yxatga olmasligi to‘g‘risidagi xatini ko‘rsatdi. Sababini izohlab berishmadi. Faqat kutinglar ishlaringni mahkamaga oshiramiz, deyishdi, - deydi Muhammad.

Qozog‘iston xalqaro inson huquqlari byurosidan Svetlana Xejnichenkoning aytishicha, nima uchun boshpana izlovchilarni ro‘yxatga olmayotganini so‘rab, Olma ota migratsiya politsiyasiga bir oycha burun xat yozishgan, ammo haligacha javobi kelmagan.

Olma ota migratsiya qo‘mitasidan Gulzada Nurmakinning Bi-bi-siga aytishicha, boshpana izlovchilarinng ro‘yxatga olinmayotganiga ularning o‘zlari aybdor.

"Chunki, ular bizga o‘zlari yashamaydigan manzilni aytishadi. Bir marta Qozog‘iston xalqaro inson huquqlari byurosi manzilini turar joyim deb ko‘rsatibdi. Biz oldin ularning ushub og‘zaki gapiga ishonib ro‘yxatga qo‘yib berardik. Ammo bizni ham prokuratura tekshirishi mumkin. Axir bu to‘g‘ri emas-ku", - deydi Gulzada Nurmakin.

Ochiqda qolgan boshpana izlovchilarning aksariyatiga Migratsiya politsiyasi qochqinlik maqomi berishdan bosh tortgan. Ularning ishi hanuz mahkamaga oshirilmagan. Ro‘yxatga olish muammo bo‘lgani bois, ular Qozog‘istonda ishlash huquqiga ega emaslar. Moliyaviy jihatdan ham ularning ahvoli og‘ir ekanligi aytiladi.