Qirg‘izistonda Bosh vazir Almazbek Atambayevning yangi hukumati qasamyodga keltirildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Qirg‘iziston parlamentida Bosh vazir Almazbek Atambayev va uning vazirlari rasman qasamyodga keltirildi.

Xabarlarga ko‘ra, yangi qirg‘iz hukumatini qasamyodga keltirish marosimida mamlakat prezidenti Roza O‘tinboyeva ham ishtirok etgan.

Janob Atambayev va uning 25 nafar vaziri Qirg‘iziston xalqiga chin dildan va adolat bilan xizmat qilishga qasam ichishgan.

Ular o‘z va‘dalarini buzgan taqdirlarida, Qirg‘iziston konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq jazoga tortilishlariga ham rozi bo‘lishgan.

Yangi qirg‘iz hukumati bir necha borlik urinishlar ortidan o‘tgan dekabr oyining o‘rtalarida tashkil topgandi.

Bundan avvalroq esa, Qirg‘izistonda yangi parlament boshqaruvining qaror topishiga yo‘l ochgan parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi.

Ammo saylovlarda ishtirok etgan biror bir partiya parlamentda asosiy ko‘pchilikni tashkil etib, yangi hukumatni barpo etish darajasida ovoz to‘play olishmagandi.

Bosh vazir Almazbek Atambayev boshchiligidagi hukumat a‘zolari shundan so‘ng bitta koalitsiyaga kirishgan Sotsial-Demokratlar, "Ata-Jurt" va "Respublika" partiyalari tomonidan ilgari surilgandi.

Qirg‘iziston parlamentida dekabr oyida bo‘lib o‘tgan ovoz berishlar ortidan spikerlikka "Ata-Jurt" partiyasi a‘zosi Aqmatbek Keldibekov, Sotsial-Demokratlar partiyasi rahbari Almazbek Atambayev Bosh vazir va "Respublika" partiyasi lideri Omurbek Babanov esa, uning muovini etib saylanishgandi.

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva esa, shu yilning 31 dekabr kuni rasman o‘z vazifasini topshiradi.

Qirg‘izistonda qaror topgan yangi boshqaruv modeliga muvofiq, endi Bosh vazir prezidentdan ko‘ra ko‘proq vakolatga ega bo‘ladi.

Bir necha oylik urinishlar ortidan Qirg‘izistonda yangi parlament hukumatining qaror topishi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham xush qarshilangandi.

Qirg‘izistonda so‘nggi qudrat almashuvi sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevni amalidan chetlatgan o‘tgan aprel oyidagi ommaviy namoyishlar ortidan kuzatilgandi.

Oradan ikki oy o‘tib, qirg‘iz muvaqqat hukumati boshqaruvi davrida Qirg‘iziston janubida kelib chiqqan qonli milliy nizolar esa, yuzlab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgandi.

Qurbonlardan aksariyatining o‘zbeklar ekani va oradan shuncha oy o‘tsa-da, zo‘ravonliklar yuz bergan janubiy mintaqalarda vaziyatning hamon tang ekani aytiladi.