"O‘sh voqealarini o‘rgangan milliy komissiya imkoniyatni boy berdi" - ekspert

Image caption Doktor Rivz Qirg‘izistonda bir necha bor ijtimoiy tadqiqotlar olib borgan bo‘lib, qirg‘iz va rus tillarida ham so‘zlashadi

Qirg‘izistonda o‘tgan yil iyunь oyida yuz bergan voqealarni tergov qilish bo‘yicha tuzilgan Milliy Komissiya o‘z xulosalarini 20 yanvarda chop qilgan. Unda aytilishicha, O‘sh va Jaloloboddagi qonli voqealar aslida avvaldan uyushtirilgan keng ko‘lamli provokatsiya bo‘lgan, maqsad esa Qirg‘izistonni bo‘lib, xalq birligini yo‘q qilish edi.

Komissiyaga ko‘ra, mazkur provokatsiya ortida "o‘zbek jamoasining millatchi ruhdagi liderlari" turishgan va ular aprelь oyida yuz bergan hukumat o‘zgarishidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolmoqchi bo‘lganlar.

Asosiy buzg‘unchilar, xulosada aytilishicha, o‘zbek tadbirkor va siyosatchi Qodirjon Botirov, hamda narkobaronlar, terrorchilar va O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan hamkorlik qilgan sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev urug‘laridir.

Manchester Universitetining Iqtisodiy va Ijtimoiy Tadqiqotlar Kengashi xodimi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Madlen Rivz yaqinda Qirg‘iziston Milliy Komissiyasi xulosalarini tahlil qildi va bu borada "Boy berilgan imkoniyat" nomli maqolasini chop qildi.

Uning Bi-bi-siga aytishicha, Milliy Komissiya hisoboti kimgadir jiddiy va aniq ayblovlarni qo‘yishga qo‘yadi, ammo bu iddaolar asossizdek namoyon bo‘lgan, ularning manbalari ham noaniq.

"Juda ham kam dalil-isbot keltirilgan. Har qanday jiddiy tahliliy hisobotda ilovalar bo‘ladi, hisobotni o‘qigan odam mustaqil holda manbani tekshirib ko‘rishi uchun. Lekin bu hisobotda hech qanday ilovalar yo‘q," - deydi Doktor Rivz.

"Mumkinki komissiya qilgan xulosalar mutlaqo to‘g‘ri, lekin mening aytayotganim shuki bu xulosalarni dastaklaydigan isbot yo‘q".

Unga ko‘ra, hisobot voqealarning sababi va oqibatini aralashtirib yuborgan, ikkita alohida voqeani bir-birini keltirib chiqargandek namoyish qilishga urinadi.

Doktor Rivzning aytishicha, komissiya a‘zolarini ularning etnik kelib chiqishlariga qarab baholash noto‘g‘ri bo‘lur edi. Ammo bu kabi komissiya etnik mojarolarni tadqiq qilgan olimlar, Qirg‘iziston janubidagi madaniy va ijtimoiy ahvoldan yaxshi xabardor bo‘lgan shaxslardan tuzilishi kerak edi.

"Nima uchun men o‘z tahlilimni "Boy berilgan imkoniyat" deb nomladim? Chunki bu komissiya juda katta ma‘suliyatga ega, u qirg‘iz parlamentiga hisobot beradi. Bu komissiya mamlakat ichida muayyan muammo qay yo‘sinda muhokama qilinishini shakllantirish kuchiga ega. Ammo bu komissiya hisoboti sust olib borilgani, mantiqi va iddaolari ojiz bo‘lgani hisobga olinsa, O‘shda ijtimoiy bo‘linishlarning kelajakda yana sodir bo‘lishini bartaraf etishi mumkin bo‘lgan imkoniyat qo‘ldan boy berildi," - deydi Rivz xonim.

Unga ko‘ra, Milliy Komissiya mamlakat janubida yarashtiruvchi vosita sifatida amal qilishi mumkin edi va buning uchun unda yetarli salohiyat va vakolatlar bor edi.