Qozog‘istonda VII Qishki Osiyo O‘yinlari start oldi

Qozog‘iston o‘z tarixida eng yirik sport tadbiri - Qishki Osiyo O‘yinlariga mezbonlik qilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlaridan qolgan birortasiga hozircha bunday sharaf nasib etmagan.

Bu yilgi Qishki Osiyo O‘yinlarida dunyoning 27 davlatidan bo‘lgan sara sportchilar ishtirok etishmoqda.

Qozog‘iston esa, qishkisi bo‘ladimi yoki yozgisi, Osiyo O‘yinlarining Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi yuholari bilan yelkama-elka kurash olib bormoqchi.

Qishki Osiyo O‘yinlari poytaxt Ostona va Olma ota shaharlarida 30 yanvardan 6 fevralgacha davom etadi.

Shu vaqt davomida mingdan ortiq sportchilar 11 ta qishki sport turlari bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

VII Qishki Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish bilan Qozog‘iston yirik xalqaro sport bellashuvlarini qabul qilishga hozirmi-yo‘qligini sinab ko‘rmoqchi.

"Qozog‘istonning potentsiali va iqtisodiy imkoniyatlari a‘lo darajada. Biz yaqin kelajakda Qishki Olimpida O‘yinlariga ham mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritishimiz mumkin. Buning uchun yaxshigina imkoniyatlarimiz bor," deb aytgan Qirg‘iziston Sport vaziri.

Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi qit‘aning eng old davlatlari tomonidan Osiyo O‘yinlari Olimpiada O‘yinlari darajasida ko‘riladi. Shu sababdan ham ular musobaqalarga o‘zlarining eng sara sportchilarini yuborishadi.

Qishki Osiyo O‘yinlarining ochilish marosimi kecha poytaxt Ostonada yangitdan qad rostlagan 30.000 o‘rinli yopiq stadionda bo‘lib o‘tgan.

Qozog‘iston, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Tayvanь medallar uchun asosiy da‘vogarlar sifatida ko‘rilmoqda.

2007 yilgi Qishki Osiyo O‘yinlarida mezbon Xitoy 19 ta medal bilan birinchi, Yaponiya 13 ta medal bilan ikkinchi va Janubiy Koreya 9 ta medal bilan uchinchi o‘rinlarni egallashgandi.

Mezbon Qozog‘iston esa, bu yil medallar soni bo‘yicha hech bo‘lmaganda yuqori uchlikka kirishga da‘vo qilmoqda.

VII Qishki Osiyo O‘yinlarida o‘nga yaqin o‘zbekistonlik sportchilar ham ishtirok etishmoqda. Ular chang‘ida uchish, biatlon va muz ustida figurali uchish musobaqalarida g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

O‘zbekiston Qishki Osiyo O‘yinlarida 1996 yildan buyon ishtirok etib keladi.

2007 yilda Xitoyda bo‘lib o‘tgan Qishki Osiyo O‘yinlarida O‘zbekiston muz ustida figurali uchish musobaqalarida bitta bronza medalini qo‘lga kiritgandi.