Prezident Nazarboyev: 'Referendum bo‘lmaydi, muddatidan avval saylovlar bo‘ladi'

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z vakolatini uzaytirishga qaratilgan referendum bo‘lmasligi, buning o‘rniga muddatidan ilgari prezidentlik saylovlari chaqirilishini e‘lon qildi.

Qozog‘istonda navbatdagi prezidentlik saylovlari aslida 2012 yilga rejalangandi.

O‘tgan juma kuni esa, prezident Nazarboyev o‘zining xalqqa yillik murojaatida referendum tashabbusi rad etilsa, 2012 yilgi saylovlarda qatnashishini ham bayon qilgandi.

Janob Nazarboyev xalqi shunga ishora qilayotgan uchun sog‘lig‘i imkon berguncha Qozog‘istonni boshqarish niyatida ekanini ham aytgandi.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti sifatida Nursulton Nazarboyev o‘zi istagan muddatgacha prezidentlikka nomzodini ilgari surishga haqlidir.

Uning joriy paytdagi 7 yillik prezidentlik vakolati 2012 yilda o‘z nihoyasiga yetadi va bundan keyin Qozog‘iston prezidentining xizmat muddati 5 yil bilan cheklanadi.

Bugun kun avvalida Qozog‘iston Konstitutsion kengashi prezident Nursulton Nazarboyevning vakolatini uzaytirishga qaratilgan referendum g‘oyasini konstitutsiyaga zid, deb topgandi.

Mamlakat parlamenti yaqinda janob Nazarboyevning prezidentlik kursisida yana kamida 10 yil qolishini kafolatlovchi referendumni chaqirishga oid qonunni bir ovozdan ma‘qullagandi.

Biroq Qozog‘iston Konstitutsion kengashi rahbari Igor Rogovning bildirishicha, mazkur tashabbus mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq kelmaydi.

Konstitutsion kengash raisining e‘tirof etishicha, “Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi” konstitutsion qonunda prezident vakolatini uzaytirish me‘yorlari huquqiy jihatdan aniq ko‘rsatilmagan.

“Ushbu qonuning birinchi qismida Qozog‘istonning respublikasining birinchi prezidenti – Elboshining vakolati qancha muddatga uzaytirish mumkinligi aniq ko‘rsatilmagan. Bunday uzaytirish bir marta yoki bir necha marotaba takrorlanishi haqida hech narsa deyilmagan. Ushbu konstitutsion me‘yorning noaniqligi amalda davlat va jamiyat institutlari o‘rtasidagi muvozanatni buzishi mumkin”, - deydi Igor Rogov.

Igor Rogovning qo‘shimcha qilishicha, Konstitutsion kengashning ushbu qaroriga prezident bir oyning ichida noroziligini bildirishi mumkin. Shu jihatdan referendum borasidagi so‘nggi so‘zni aytish mamlakat prezidentiga qoladi.

Shu munosabat bilan Qozog‘istoninng birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bugun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 Oq o‘rdadan turib jonli efir orqali xalqqa murojaat qilmoqchi.

Referendum o‘tkazish tashabbuskorlarining bu borada fikrlarini olishning imkoni bo‘lmadi. Ushbu tashabbusni yoqlagan ayrim deputatlar esa, so‘nggi so‘zni mamlakat prezidenti aytishi kerak degan qarashlarni bildirishmoqda.

Muxolifatdagi “Ozod” sotsial demokratlar partiyasi liderlaridan Jarmaxan Tuyaqbayning aytishicha, Konstitutsion kengashning referendumga qarshi rad javobini berishi huquqiy mantiqqa javob beradi. Ammo unga ko‘ra, prezident Nazarboyev mamlakatni boshqarishda davom etaveradi.

“Kelajakda Nazarboyevni hech kim to‘xtata olmaydi. Konstitutsiya bo‘yicha u keyingi saylovlarga nomzodini qo‘yishi mumkin. Saylovlarning natijasi bo‘yicha u mamlakatni yana boshqarishda davom etishi mumkin”, - deydi Jarmaxan Tuyaqbay.

Qozog‘istonlik taniqli siyosatshunos Do‘sim Satpayev referendum o‘tkazish g‘oyasi prezident atrofidagi bir necha guruhdan bittasining tashabbusi ekanligini aytadi. Bir guruh siyosatchilar referendum o‘tkazib, Nazarboyevni qudratda olib qolish harakatida bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomon saylovlar orqali ushbu ishni qilishga bel bog‘lagan. Ammo ikki holatda ham Nazarboyev yutqizmaydi, deydi siyosatshunos.

“Prezidentning o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘ramiz. Shunda nima bo‘lgan taqdirda ham prezidentning yutib chiqishini ko‘ramiz. Ya‘ni referendum bo‘lsa ham, saylov bo‘lsa ham Nazarboyev hokimiyatni qo‘lida saqlab qolishi mumkin. Boz ustiga mabodo Nazarboyev prezidentlikdan voz kechib, millat rahnamosi bo‘lib qolgan taqdirda ham uning qo‘lida hokimiyat hozirgidan kam bo‘lmagan holda saqlanib qolinadi”, - deydi Do‘sim Satpayev.

Satpayev janoblarining qo‘shimcha qilishicha, referendum borasidagi spektakllarning hammasi jamoatchilik fikrini boshqarish va xalqaro hamjamiyatning munosabatini bilish uchun qilingan.

Qozog‘istonni 20 yildan ortiqroq vaqt davomida boshqarib kelayotgan prezident Nursulton Nazarboyev o‘tgan yili mamlakat parlamentining uning vakolatini uzaytirish taklifini qabul qilmagandi.

Buning ortidan Qozog‘istonda referendum g‘oyasini dastaklash uchun imzo to‘plash harakatlari boshlanib ketgan va tashkilotchilar 5 milliondan ortiq imzo to‘plashga muvaffaq bo‘lganliklarini aytishgandi.

Bu Qozog‘istondagi saylovchilarning 55 foizi deganidir.

Qozog‘istondagi navbatdagi prezidentlik saylovlari esa, 2012 yilga rejalangan.

Prezident Nursulton Nazarboyev Konstitutsion Kengash qarori yuzasidan shikoyat arizasi bilan chiqmoqchi bo‘lsa, bir oy muhlatga ega ekani aytilmoqda.

Qozog‘istonning yaqin ittifoqchisi AQSh o‘tgan hafta referendum demokratiyadan ortga qaytish bo‘lishini aytgandi.

Qozog‘iston parlamenti o‘tgan yili prezident Nursulton Nazarboyevni "Millat rahnamosi", maqomi bilan ham siylagandi.

Mazkur maqom prezidentlikdan ketgandan so‘ng janob Nazarboyev mol-mulkining daxlsizligini ta‘minlaydi va uni jinoiy javobgarlikdan soqit etadi.