Tojikistonda qo‘l telefonlarida Ali Bedakiy 'so‘rog‘i' ommalashgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Videotasvirni ko‘rganlar so‘roqqa tutilgan shaxs Ali Bedakiy deyishadi

Tojikistonda 4 yanvar kuni hukumat kuch tizimlari tomonidan halok etilgan "Ali Bedakiy" laqabi bilan mashhur sobiq dala qo‘mondoni Alovuddin Davlatovning kuch tizimlari xodimlari tomonidan tahqirlanganligi tasvirga olingan videolavha mobil telefonlari orqali ommalashmoqda.

Bu hukumatning Ali Bedakiy guruhi qӯlga olish vaqtida qurolli qarshilik ko‘rsatgani uchun halok etilgan degan da‘vosini yӯqqa chiqaradigan daliliy ashyo ekanligi o‘zaro suhbatlarda urg‘ulanadi.

Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida Birlashgan Tojik muxolifati tomonida jang qilgan dala qo‘mondoni Ali Bedakiy 1997 yildagi yarashish bitimini qabul qilib, bir necha yil davlatga xizmat qilgan.

Videotasvir haqida tegishli maqomotlar rasmiy fikrlarini bildirmaganlar.

'Videotasvirda Bedakiyning o‘zi...'

4 yanvarda davlat televideniyesi namoyish etgan jasadlarni ko'rgan tojikistonliklar videotasvirda so'roq qilinayotgan kishi Ali Bedakiy ekanligini aytishadi. Ayni paytda ismini oshkor etishni istamagan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi xodimi videotasvirda so'roq qilinayotgan shaxs Ali Bedakiy ekanligini tasdiqlagan. Shuningdek, lavhada so'roqqa tutayotgan kishilar ham unga "Bedakiy", "Ali Bedakiy" deb murojaat etishadi.

3 minut 44 sekundlik lavha mobil telefoni vositasida avtomobil ichida tasvirga olingan. Avtomobilning orqa o‘rindig‘ida yelkalari yalang‘och Ali Bedakiyning qo'llarini harbiy libosdagi ikki kishi qayirib turibdi. Ulardan biri har zamonda to'pponchani o'qtab qo'yadi. Tasvir avvalida yuzi ko'rinmagan kishi savol-javobni olib boradi.

"Nega askarlarni o‘ldirding?", "Kim buyruq berdi?", "Kattang kim edi?" Ali Bedakiy deb aytilayotgan tasvirdagi kishi esa "aytsam ishonmaysizlar" deydi.

"Kamarobga jang qilish uchun bormagan edik" degan so'roq qilinayotgan shaxs.

Keyin Belgi va Mullo Abdullo laqabli jangarilarning qayerda ekanligi so'raladi. So'roq davomida so'ralayotgan kishininng soqolidan tortiladi. Iqtibos keltirish mumkin bo'lmagan so‘zlar bilan haqorat qilinadi. Tasvir oxirrog‘ida oldingi o'rindiqda savol berayotgan kishi va mashina tashqarisidan turib so'kinayotgan harbiy kiyimdagi kishilar ham ko'rsatiladi. So'ng "bu videoni na pamyat oldik" degan ovoz keladi.

Ali Bedakiy deb aytilayotgan kishining yalang‘och oriq badani to'lasincha ko'rsatilganda tasvirdagi so'nggi jumla eshitiladi.

"Buni kordingizmi, jonivor qanaqa. Shu holi bilan hukumatga qarshi chiqibdi", deydi savol berib kelgan ovoz.

Bedakiy jangda halok bo‘lganmidi?

Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, 4 yanvar kuni Ali Bedakiy bilan birga yana yetti shaxs jangda halok bӯlgan. Davlat televideniyesi esa jasadlarni bir-bir namoyish etdi. Halok etilganlarning terrorizm va uyushgan jinoiy guruhga birlashganligi urg‘ulangan.

"Mazkur guruhni qӯlga olish vaqtida ular tomonidan qattiq qurolli qarshilik kӯrsatildi. Natijada jinoiy guruhning 8 a‘zosi halok etildi va bir nafari qӯlga olindi", deb aytilgan rasmiy xabarlarda.

Videotasvir el orasida tarqalmasdan oldinroq ham Rasht va unga qӯshni tumanlarda aholi ӯrtasida Ali Bedakiy va uning tarafdorlari avval hibsga olinib, sӯngra halok etilganligi haqida gaplar tarqalgan.

"Agar Ali Bedakiy avval qӯlga olinib sӯng halok etilganligi rost bӯlsa, bu Tojikistonda kuch tizimlarining chegarasiz bedodligi nishonadir", deydi tojikistonlik kuzatuvchi.

Ali Bedakiy o‘tgan yili 19 sentyabrdagi Kamarob darasidagi janglar tashkilotchisi sifatida ayblanadi. Avtokarvonga pistirmadan uyushtirilgan hujumda 25 nafar askar va zobit halok bӯlgandi. Harbiylar avgustda xavfsizlik xizmati vaqtinchalik saqlash hibsxonasidan qochgan mahbuslarni izlash amaliyotlari uchun jӯnatilganligi aytilgan.

Alovuddin Davlatov fuqarolik urushi yillarida sobiq Birlashgan Tojik muxolifati tomonida turib jang qilgan dala qӯmondonlaridan biri. U 1997 yildagi yarash bitimini qabul qilgan va mamlakatda qolgan, shu vaqtgacha davlatga xizmat qilgan. Ammo uning qudratdagi hukumatga nisbatan noroziligi paydo bӯlganligi urg‘ulanadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, rasmiy Dushanbe muxolif fikrli sobiq qӯmondonlarga murosasiz bӯlib borayapti.

40 yoshli Ali Bedakiy bilan birga halok etilganlar orasida 22-25 yoshli yigitlar ham bor. Ular jasadlari yaqinlariga qaytarilmagan.