Tojikistonda qimmatchilik yo‘qsillar sonini ko‘paytirmoqda

Tojikistonlik mas‘ullarga ko‘ra, oziq-ovqat narxlari o‘tgan bir yilning ichida 13.4 foizga kӯtarilgan.

Ayni vaqtda eng kam maosh 18 dollarga teng Tojikistonda xonadonlarning asosiy iqtisodiy manbai muhojirlik bo‘lib qolmoqda. Muhojirlikda ishi yurishmagan yoki yaqinlari muhojirlikda bo‘lmaagan xonadonlarda to‘yib ovqatlanmaslik hollari ko‘paygani kuzatiladi.

"Bir pulim bor, uya olaymi, tuya?" Dushanbe shahridagi Shohmansur bozoriga kirib borar ekansiz, poytaxtdagi boshqa bozorlar singari bu yerda ham xaridorlar siyrak ekaniga guvoh bo‘lasiz.

Xaridordan ko‘ra sotuvchilar ko‘pdek...

Sabzi-piyoz rastasida xarid qilayotgan Zulayho Xolova narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan ancha qimmatlashganini urg‘ulaydi.

"Piyoz 80 diram edi, xozir ikki yarim somoni, sabzi 50 diram edi, bir yarim somoni bo‘libdi, kartoshkaning narxi ham oshgan, go‘sht 22 somoni bo‘lgan. Men yangi yil arafasida xarid qilgandim, bu farq bir oy ichida sodir bo‘ldi. Har kuni go‘sht yeyolmaymiz. Garchi o‘zim tibbiyot xodimi sifatida bolalarim har kuni gusht yeyishi kerakligini bilsam ham, ora-orada 3-4 kun go‘sht xarid qilmay turaman", deydi Zulayho.

Tojkistonda hozir 1 dollar 4.5 somoniga teng.

Zulayho Dushanbedagi tibbiyot dargoxlaridan birida hamshira bo‘lib ishlaydi.

U 200 somoni, ya‘ni 45 dollardan atrofida maosh olishini aytadi.

"Oilamizda besh nafar kishimiz. Mening maoshim deylik faqat bir qop un va besh litrlik idishda paxta yog‘i olishga yetadi. Turmush o‘rtogim Moskvada, muhojiratda. Agar u kishi muhojirlikka jo‘namaganlarida, bilmadim, holimiz nima kechardi", deydi Zulayho.

U besh kishilik oilada bir kunlik o‘rtamiyona darajada qozon qaynashi uchun kamida 10-15 dollar sarflanishi lozimligini hisoblab beradi.

Maoshlarni oshirish borasida gapirishning foydasi yo‘q, deb hisoblaydi.

"Eganim faqat non..."

Image caption 45 dollar atrofida maosh oladigan Zulayho turmush o‘rtog‘i yuborgan pul evaziga kun ko‘rishini aytadi

Tojikistonda Zulayho oladigan ish haqi o‘rtacha maosh hisoblanadi.

45 dollar risoladagidek haftalik yeb ichishga yetmasligini hamma bilsa-da, bu maoshga havas qilganlar qancha?

Non rastasi oldida chaqalarini qayta-qayta sanab olgan ayol eng arzon va yengil nondan ikkitasini oladi.

Nafaqa yoshidagi bu ayolning kiyim-boshi rangi o‘chib ketgan.

U 30 yildan ortiqroq vaqt non ishlab chiqaruvchi korxonada ishlaganligini aytadi.

Ayol nafaqasi 90 somoni.

"Kommunal xizmatlari haqini to‘laysan va qolgani nonga ketadi. Go‘shtga umuman yetmaydi. Qolgan mahsulotlarni nafaqa olgan kunlarimda oz-ozdan xarid qilaman. Go‘shtni esa umuman yemayman hisob. Lekin yegim keladi... Faqat qurbon hayiti kunlarida kimlardir go‘sht berishadi. So‘nggi yillarda yangi libos kiyganimni eslolmayman," deydi bu ayol.

Nonvoylar esa narx o‘sishida ularning aybi yo‘qligi, un qimmatlashganini qayta-qayta ta‘kidlashadi.

Bozorda sotuvchilar singari aravakashlarning ko‘pchiligi ham bekor o‘tirardi.

Ular orasida nafaqa yoshidagi kishilarni ham uchratish mumkin.

Asli Abdurahmon Jomiy tumanidan bo‘lgan Islom Sattorov 63 yoshda ekan.

Image caption "Xalqda pul yo‘q, shuning uchun bozorda xaridor kam," deydi 63 yoshli aravakash

U xaridorlar kamligi tufayli aravakashlar ishlari ham yurishmayotganini aytadi.

"Xalqda pul yo‘q, chunki ish joylari yo‘q, zavod-fabrikalar ishlamaydi. Undan olib, bunga sotish tirikchilik shu bo‘lib qolgan. Mana bu kelbatli-kelbatli yigitlar zavodlar ishlasa, shu yerda sarg‘ayib o‘tirarmidi. Shu yigit kechgacha sovuqda o‘tirib 20 somonlik savdo qilmaydi," deya u yo‘l chetida o‘tirib anor sotayotgan yigitga ishora qiladi.

Islom akaning o‘zi bir kunda 15 somonigacha pul topishi mumkinligini aytadi.

U ataylab tumandan kelib, poytaxtda ishlayotgani bu yerda o‘g‘li Milliy universitetda ӯqishi va o‘g‘lini oyoqqa qo‘yish maqsadida ekanini aytadi.

"Aravakashlik orqasidan topganimni ikkoviimiz amallaymiz, qishloqdagi uyimizda yana 3 kishi bor, qizim o‘qituvchi, uning maoshini tejab ishlatishadi,” deydi suhbatdosh.

Raqamlar ustidan mulohazalar

Image caption Bozorda aravakash kechgacha 10-15 somoni topsa topadi, yo‘qsa...

Tojikiston Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri so‘nggi matbuot anjumanida "yoqilg‘i narxlari 40-46 % ortishi oziq-ovqat narxlarining ham ko‘tarilishiga olib keldi," deb aytgandi.

Tojikistonga eksport qilinuvchi oziq-ovqat mahsulotlari esa, chetdan yirik naqliyot vositalari yordamida keltiriladi.

Tojikiston shundoq ham Markaziy Osiyodagi eng qashshoq davlatlardan biri sanaladi.

Mamlakat aholisining katta qismi xorijda mehnat qilib, kun ko‘radi.

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy yoqilg‘i narxlarini belgilashda Tojikistonga imtiyozlar berilishi haqida Rossiya hukumati bilan muzokaralar olib borilayotganini aytdi.

Jurnalist Husniya Qurbonova o‘tgan iyulda mamlakatda maosh va nafaqalarning oshirilishi samarasi kam bo‘lganini ta‘kidlaydi.

"Tojikistonda hozirda eng kam ish haqi 80 somoni, ya‘ni 18 dollarni tashkil qilmoqda. Lekin eng zarur narsalar uchun kishi boshiga 700 somoni, ya‘ni 157 dollar kerak bo‘larkan. Ehtiyoj va eng kam maosh o‘rtasidagi katta nomutanosiblik o‘tgan yillarda ham kuzatilgan. Odamlar muntazam qashshoqlikni boshidan kechiraversa, avvalo salomatlikka ta‘siri bor, qolaversa, norozi kayfiyat, radikallashuvga olib kelishi mumkin,” deydi Husniya Qurbonova.

Jahon Banki rahbari yaqinda Bi-bi-siga bergan suhbatida mas‘ul shirkatlar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni kuchaytirmas ekan, inqiroz xavfi saqlanib qolishini aytgandi.