Qozoq muxolifati saylovgacha oz muddat qolganidan shikoyat qilmoqda

Image caption Tashviqot ishlarigacha hali bir oy bor bo‘lsada, Olma-ota ko‘chalarida Nazarboyevning suratlari paydo bo‘la boshlagan

Qozog‘istondagi muxolifat vakillari prezidentlik saylovlarining o‘ta qisqa muddatda o‘tkazilayotganini tanqid qilib chiqishgan.

Ularga ko‘ra, Prezident Nursulton Nazarboyevning prezidentlik saylovlarining aprel oyida o‘tkazilishi borasida o‘tgan hafta qabul qilgan qarori nomzodlarning targ‘ibot ishlari uchun yetarli vaqt qoldirmagan.

Bugunga kelib ikki mustaqil nomzod saylovlarga o‘z nomzodini qo‘yish uchun ariza topshirgan.

Prezident Nazarboyev muddatidan avval o‘tkazilayotgan prezidentlik saylovlarini 3 aprelga belgiladi.

Qozog‘istondagi muxolif partiyalar ichida eng yirigi deb bilingan "Ozod" sotsial-demokratik partiyasi saylovlarning ikki oy qolganda e‘lon qilishi "qonunni buzishdir" degan bayonot bilan chiqdi.

Mamlakat prezidenti, Markaziy saylov komissiyasi raisi va yana bir qator davlat mas‘ullariga murojaat qilgan "Ozod" partiyasi saylovlarning shaffof va demokratik o‘tishi uchun matbuot, mitinglar va norozilik aktsiyalar o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish kerakligini aytgan.

Hozircha partiya o‘z nomzodini rasman ilgari surgani yo‘q, ammo 11 fevral kuni bo‘ladigan partiya yig‘ilishida Bo‘lat Abilovning nomzodi ko‘rsatilishi aytilmoqda.

Aynan shu kuni qudratdagi "Nur otan" partiyasi ham yig‘ilish o‘tkazadi va partiya tomonidan amaldagi prezident - Nursulton Nazarboyevning nomzodi rasman ilgari surilishi kutilmoqda.

Markaziy Saylov Komissiyasining ma‘lum qilishicha, shu kungacha ikki mustaqil nomzod saylovlarda ishtirok etish uchun ariza topshirgan.

Valixan Qaysarov va Salim Otenlar biri senat deputati va biri tadbirkor sifatida 2005 yilda ham prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ariza topshirgandilar.

Ammo unda Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatdan o‘tish uchun kerakli hujjatlar taqdim etilmagani va‘ji bilan ularga rad javobini bergan.

Yanga bir muxolif - Kommunistlar partiyasi saylovlarni boykot qilishi mumkinligini bildirdi.

Partiyaga ko‘ra "Saylovlar to‘g‘risida"gi qonun muxolifat vakillariga saylov komissiyasida ishtirok etish va byulletenь qog‘ozlari sonini nazorat qilish huquqini bermaydi.

Yana bir taniqli muxolifatchi "Alg‘a" partiyasining raisi Vladimir Kozlov ham saylovlarda qatnashmasligin bildirgan. 2010 yilning noyabrь oyida janob Kozlov prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini ma‘lum qilgandi.

Uning bayonoti ortidan milliy ruhdagi "Jeltoqsonchi"lar harakati a‘zolari unga tuxum otib, norozilik bildirishgan.

Vladimir Kozlov saylovlarda ishtirok etmaslik qarorini davlat tili bo‘lmish qozoq tilini bilmasligi bilan izohlagan.

Ayni damda prezident maslaxatchisi Yermuhammat Yertisboyev Qozog‘istonda Belarusdagi kabi ommaviy hibsga olishlar bo‘lmasligini aytgan.

Janob Yertisboyev prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi bo‘layotgan muxolifat vakillarini "qonunga itoat etuvchi shaxslar" deb atagan.

Rasmiy mulozimning aytishicha, muxolifat faqat internet orqali xalqqa murojaat qilish bilan cheklangani uchun xalq ularga quloq solmaydi, shunday ekan ularni ta‘qib qilishdan ma‘no yo‘q.

Yigirma yildan beri Qozog‘istonni boshqarib kelayotgan Nazarboyevning saylovlarda qiyinchiliklarsiz g‘alaba qozonishi kutilmoqda.