"Qirg‘iz hukumati islomchilar tahdidini bo‘rttirayotir" - imom

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva yaqinda O‘shga qilgan safari chog‘ida mamlakat huquq-tartibot organlari o‘zboshimchaligidan qochib chetga chiqqan 200 kishi qurol-yarog‘ bilan qaytishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Prezident O‘tinboyeva so‘zlariga ko‘ra, 200dan ortiq Qirg‘izistonning yosh fuqarosi bu o‘zboshimchaliklardan bezib Afg‘onistondagi jangarilarning jamloqlariga yo‘l olganlar.

Qirg‘iziston rahbari aytishicha, mamlakat xavfsizlik kuchlarida bu borada ma‘lumot bor.

"Shunday xavotir borki, ular kelayotgan yozda tojik-qirg‘iz chegarasidan o‘tib, qo‘llarida qurol-yarog‘ bilan qaytishlari mumkin", - deb aytgan Qirg‘iziston janubiga safari mobaynida qator faollar bilan uchrashgan Prezident Roza O‘tinboyeva.

Ammo, Qirg‘iziston janubidagi Qorasuv tumani imom-xatibi Rashod qori Kamolovga ko‘ra, qirg‘iz hukumati ekstremizm va Islomiy radikalizm tahdidini bo‘rttirib ko‘rsatishga urinmoqda.

"Men bilishimcha, Qirg‘izistondan ketgan biron odam qurol bilan, terrorchi bo‘lib qaytib kelmayapti," - deydi imom.

Unga ko‘ra, bu bo‘rttirilgan tahdid asosida mamlakat janubida diniy ayblar bilan qamalayotganlar soni ko‘paymoqda.

Rashod qori bu hibslarning markaziy va mahalliy rasmiylarning diniy terrorchilikka qarshi kurash yo‘lida G‘arb davlatlaridan ko‘proq moliyaviy yordam olish yo‘lida amalga oshirayotgan chorasi deb biladi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди