Qozog‘iston hukumati narx-navoni nazorat qilishga urinmoqda

Yangi yildan boshlab Qozog‘iston bozorlaridan tortib, kommunal to‘lovlargacha narxlarning oshgani kuzatilmoqda.

Oddiy odamlar davlat tomonidan nafaqalarning ko‘tarilishi inflyatsiya oldida ojiz qolayotganini aytishadi.

Narxlarni nazorat qilishni hukumat o‘z zimmasiga olmoqchi.

Olma-Otaning markaziy bozori har doimgidek gavjum emas.

Buni sotuvchilar narx navoning oshgani va odamlarda ortiqcha pul yo‘qligi bilan izohlaydi.

“Hozir xaridor kamayib ketdi. Hamma iloji boricha tejashga harakat qilayapti. Misol uchun oldin bir kunda 100 ming tanga (70 dollar) savdo qilgan bo‘lsak, hozir 50 mingga ham yetmaydi”, - deydi oziq ovqat maxsulotlari bilan savdo qiluvchi Gulandom opa.

Suhbatga nafaqa yoshidagi Biyjanova Amanqiz opa qo‘shiladi. 10 farzandning onasi bo‘lmish Amanqiz opa narx navoning osmonga sapchib ketganidan noliydi.

“Hozir kartoshkalarni ko‘rib kelayapman. Maydasining o‘zi 100 tanga (70 tsent), kattaroqlari 120, 150 tangadan sotilayapti. Xalq tayyor bo‘lmagan vaqtda, krizis bo‘lib turgan mahalda narxlarni oshirishdan maqsad nima. Bozorlardagilardan o‘pkalay olmaysan, narxlarni chetdan olib kelayotganlar oshirayapti”, deydi Amanqiz opa.

Yangi yildan boshlab yog‘, grechka va poliz mahsulotlarining narxi keskin ko‘tarilib ketdi.

“Grechkaning bahosi oshdi. O‘tgan yili mana shunday vaqti 120 edi, hozir esa 380-400 tanga bo‘lib ketdi”, deydi sotuvchi Gulandom opa.

5 litrlik yog‘lar 8 dollar turgan bo‘lsa, hozirga kelib 11 dollarga yetib qolgan.

Yangi yil - yangi narxlar

Narxlarning ko‘tarilishi yangi yil bilan bog‘lanmoqda.

Amaldorlarga ko‘ra, yangi yildan so‘ng maxsulotlarni tashishda muammolar kelib chiqqan. Bu esa baholarga ta‘sir qilgan.

Qozog‘iston raqobatbardoshlikni himoya qilish agentligi rais o‘rinbosari Boris Parsekov ko‘ra, narxlar oshgani bilan bu xalqning cho‘ntagigiga katta zarar bermasligi mumkin, chunki odamlarning oyliklari ham oshmoqda deydi u.

“Agarda inflyatsiya so‘nggi 3 yilda 26,8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bu vaqt davomida xalqning daromadi 52 foizga ko‘tarildi. Ya‘ni baholarning va daromadlarning o‘sish dinamikasi xalqning to‘lash qurbi pasayishning o‘rniga ko‘tarilayotganini ko‘rsatayapdi”, deydi Boris Parsekov.

Ammo oddiy qozog‘istonliklar ushbu amaldorning gapiga qo‘shilmaydi. Oyiga 200 dollar nafaqa oladigan Amanqiz Biyjanova ikki o‘g‘li ish yo‘qligidan uning nafaqasiga qarab o‘tirganini aytadi.

“Yoshlarni qanday ayblay olamiz. Mening ikki bolam ishsiz o‘tiribdi. Ikkisi ham o‘qimagan, ammo oliy ma‘lumotli qizlarim ham ish topolmay yurdi ancha vaqt. Hamma joyga tanish bilishini oladi. Ikki bolamning tirikchiligi ham hozir mening zimmamda. Yig‘ib qo‘ygan bir ikki tangamni beraman”, - deydi Amanqiz opa.

Narxlar faqatgina oziq ovqatlarga nisbatan oshmadi. Nafaqalarning davlat tomonidan ko‘tarilishi bilan oradan 1 oy ham o‘tmasdan telefon, issiq suv kabi komunal to‘lovlarning ham narxlari ko‘tarildi.

“Hozir hamma narsa ko‘tarilib ketdi. Nafaqaxo‘rlar uchun yanada qiyin bo‘lib qoldi. Men kvartira harajatlari uchun oyiga 70 dollar to‘layman. Issiq suv va isitish tizimlari ham qimmatladi”, deydi olma otalik nafaqaxo‘r.

Narxlarning ko‘tarilishi hukumatni befarq qoldirmadi. Bosh vazir Karim Masimovning o‘zi ushbu jarayonni boshqarishga kirishdi.

“2011 yildagi eng birinchi masala bu – oziq ovqat maxsulotlarining bahosi. Shuning uchun ham 2011 yildagi ustuvor masala, inflyatsiya va oziq ovqat maxsulotlarining narxi bo‘ladi”, - degan Karim Masimov.

Hukumat yaqin orada oziq ovqat maxsulotlarining bahosini davlat tomonidan nazorat qilish uchun qonun qabul qilmoqchi. Har bir hudud uchun ma‘lum mahsulotlarning belgilangan narxi bo‘lishi kutilmoqda.

Sun‘iy to‘siqlar

Mutaxassislar asossiz oshirib yuborilgan baholar davlat organlari tomonidan nazorat qilinishi kerakligini aytishadi.

“Qonun qabul qilinishi kerak. Sotuvchi nimaga asoslanib narxni ko‘targani soliq organlari, moliya politsiyasi va prokuratura tomonidan tekshirilishi lozim. Noqonuniy oshirilgan baholar davlat foydasiga o‘tkazilishi lozim. Ana o‘shanda tartib bo‘ladi”,- deydi qozog‘istonlik mutaxassis Lesbek Bayjanov.

Qozog‘iston mintaqadagi oziq ovqat maxsulotlarini import qiluvchi yirik davlat hisoblanadi.

Tadbirkorlar oziq ovqat maxsulotlarini yetarli miqdorda ta‘minlash uchun Qozog‘istonda tabiiy sharoitlar yetarli ekanini aytadi. Ammo ayrim amaldorlar tomnidan qo‘yilgan sun‘iy to‘siqlar dehqonlarni ushbu ish bilan shug‘ullanishdan qaytaradi.

Olma-Ota tadbirkorlar uyushmasining vitse-prezidenti Temur Nazxanovga ko‘ra, boshqa davlatlardan bozorgacha maxsulotni olib kelishdagi sun‘iy to‘siqlar narxlarning oshishiga zamin yaratadi.

“Maxsulotning bozorga yetib kelgunicha uning oldida juda ham ko‘p o‘rtakashlar va har bir yukdan bir narsa umidvor bo‘lgan nazorat organlari turadi. Natijada uning qiymati oshib ketadi. Qozog‘istonda yer olib, uni ishlatish uchun sharoit yo‘q. Suvdan tortib, benzingacha sotib olish uchun oddiy dehqonlarning qurbi yetmaydi. Davlat tomonidan berilayotgan yordamlar esa juda oz. Shuning uchun ham dehqonlarga yerni tashlab bozorda savdo qilish osonroq,” deydi Temur Nazxanov.