Imomali Rahmon: 'Diniy ekstremistlar Tojikistonda konstitutsion tuzumni ag‘darishmoqchi'

Prezident Imomali Rahmonning aytishicha, mamlakatning qator mintaqalarida kuchayib borayotgan diniy ekstremistlar xorijlik rahnamolari yordamida Tojikistondagi konstitutsion tuzumni o‘zgartirishni maqsad qilishgan.

Janob Rahmon bu haqda mamlakat Xavfsizlik Kengashining yig‘ini chog‘ida bayon qilgan.

Bu haqda Rossiyaning Regnum axborot agentligi xabar tarqatgan.

Bo‘lib o‘tgan yig‘inda diniy ekstremizm va terrorchilikning oldini olish masalalari muhokama etilgani aytiladi.

Tojikiston rahbariga ko‘ra, hukumati tomonidan ko‘rilayotgan choralarga qaramay, mamlakatning alohida hududlarida kriminogen vaziyat yomonlashib bormoqda.

Janob Rahmon, o‘z o‘rnida, Rasht vodiysi, Sug‘d viloyati, Xatlon viloyatining bir qancha tumanlari va Dushanbe shahrida diniy ekstremizm hollari kuchayib borayotganini ta‘kidlagan.

"Xorijiy rahnamolari o‘z maqsadlariga yetishish uchun diniy ta‘lim bahona ularni o‘z saflariga jalb etishadi. Keyin yanada ko‘proq bilim olasan deb, boshqa islomiy davlatlarga yuborishadi. Keyin esa, ularga moddiy yordam berib, o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishadi," deb aytgan Tojikiston prezidenti.

Unga ko‘ra, birgina Xatlon viloyati va Dushanbe shahrida o‘nlab noqonuniy diniy maktablar faoliyat yuritadi.

Imomali Rahmon hozir Tojikistondagi masjidlarning soni mingdan ortishini aytarkan, so‘nggi vaqtlarda ulardan ekstremistik qarashlarni yoyishda foydalanilayotganidan ham taassuf izhor etgan.

Tojikiston rahbari narkotik moddalar kontrabandasida ayblanib, xorijiy davlatlarda hibsga olinayotgan fuqarolari sonining ortib borayotganidan ham xavotir bildirgan.

O‘tgan yilning so‘nggi uch oyida tojik hukumat kuchlari Rasht vodiysida turli xil noqonuniy guruhlarga qarshi harbiy amaliyotlar olib borishgandi.

Bunga sentyabr oyida Kamarob darasida hukumat harbiylaridan iborat karvonga qarshi uyushtirilgan va o‘nlab askarlarning umrlariga zomin bo‘lgan hujum sabab bo‘lgandi.

Noqonuniy guruh rahbarlaridan biri taslim bo‘lgani, boshqasi esa, o‘ldirilgani aytilsa-da, eng ko‘zgan ko‘ringan dala qo‘mondonlaridan Mullo Abdullo hanuz tutqich bergan emas.

Kuni-kecha Amerikaning "Taym" jurnali qonunbuzarlik avj olayotgan qashshoq va Afg‘onistonga qo‘shni ekani bois narkotik moddalar kontrabadasi uchun eng maqbul tranzit davlati bo‘lganini aytib, prezident Imomali Rahmonni "Hokimiyati xavf ostida qolgan rahbarlar" o‘ntaligiga kiritgandi.