Qozog‘iston prezidentligiga birinchi nomzod til sinovidan o‘tolmadi

Qozoq tilidan yozma va og‘zaki sinovdan o‘tolmagan ilk nomzod Ualixon Kaysarov mas‘ullarni o‘zining prezidentlik saylovlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilishda aybladi.

Janob Qaysarov Qozog‘iston Markaziy Saylov Hay‘atining qarori qanchalik qonuniy ekani yuzasidan shikoyat qilib, mamlakat Oliy mahkamasiga murojaat qilgan.

U qozoq tilida burro so‘zlashini da‘vo qilsa-da, mutasaddilarga ko‘ra, u imlo sinovida jami 28 ta xato qilgan.

Qozog‘iston Saylov hay‘atining bildirishicha, prezidentlik da‘vosida bo‘lganlar eng avvalo qozoq tili imlosi va grammatikasidan uyushtirilajak 90 daqiqali sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishlari lozim.

Hay‘atning mazkur bayonoti boshqa nomzodlarni mamlakatning uzoq yillik prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan bellashish imkoniyatidan mahrum etishi mumkin.

Shundoq ham shu yilning 3 aprelida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan prezidentlik saylovlarida ishtirok etmoqchi bo‘lgan nomzodlarning soni uncha ko‘p emas.

Sinovdan o‘tishlari uchun esa, ular bittadan ortiq imloviy xatoga yo‘l qo‘ymasliklari lozim bo‘ladi.

Mamlakat mustaqilligidan 20 yil o‘tib ham rus tili Qozog‘istonda o‘zining yetakchi yo‘qotmagan.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, bugun Qozog‘iston aholisining qariyb uchdan ikki qismi o‘z ona tilida u yoki bu darajada so‘zlasha oladi.

Janob Nazarboyev muxoliflarining da‘vo qilishlaricha, o‘zlarining saylovlarda ishtirok etishlariga to‘sqinlik qilish uchungina til sinovi joriy etilgan.

Qozoq hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Vladimir Kozlov etnik rus ekani bois qozoqchani yaxshi bilmasligi va o‘rganish uchun ixtiyorida biror bir tanlov qolmaganini aytib, allaqachon bellashuvdan chiqib ketgan.

Tevarak-atrof muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi va uncha nomi chiqmagan yana bir qozog‘istonlik siyosatchi Musag‘ali Duambekov esa, beshta "arzimas stilistik xato" bilan til imtihonidan o‘tgan birinchi nomzod bo‘lgan.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, janob Duambekov hamisha prezident Nursulton Nazarboyevga o‘z dastagini bildirib kelgan.

Qozog‘istonni hali Sho‘rolar Ittifoqi qulamasidan buyon boshqarib kelayotgan janob Nazarboyevning o‘zi ham til sinovidan o‘tishi lozim bo‘ladi.

Qozog‘istonda prezidentlik saylovlari aslida 2012 yilga rejalangan esa-da, yaqinda prezident Nursulton Nazarboyev kutilmaganda saylovlarning muddatidan ilgari bo‘lib o‘tishini e‘lon qilgandi.

Bo‘lajak prezidentlik saylovlarining shu yilning 3 apreliga belgilanishi esa, Qozog‘istondagi muxolifat siyosatchilarining tanqidlariga ham sabab bo‘lgandi.