O‘zbekistondan Tojikiston va Qirg‘izistonga pul jo‘natmalari cheklandi

O‘zbekistondan Tojikiston va Qirg‘izistonga pul jo‘natmalari hanuz cheklangan.

Pul o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi tizimlar turli sabablarni keltirmoqda.

Mijozlar uchinchi davlat orqali pul yuborib, muammoni hal qilayotganini aytganlar.

Bir necha oydan beri o‘zbekistonliklar Qirg‘iziston hamda Tojikistonga pul jo‘nata olishmayapti.

Toshkentdagi bir qancha bankning turli xizmatlariga murojaat qilgan Qobiljon buning sabablarini bilolmayotganini aytadi.

"Tojikiston bilan Qirg‘ig‘istonga yopiq dedi. Yuborolmaymiz, ilojimiz yo‘q deyishdi. Besh-oltita joyga kirdim. Western union, Moneygram, Rossiyaning "Bystraya pochta", "Anelik", Contact degan pul o‘tkazma sistemalaridan so‘radim. Hech qaysisi o‘tkazib berolmaymiz deyishdi,” - deydi toshkentlik Qobil.

BBC Toshkent shahridagi pul jo‘natmalari bilan shug‘ullanuvchi bir necha xizmatlarga telefon qilib, vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qildi.

Turli banklardagi pul o‘tkazma xodimlari Qirg‘iziston va Tojikistonga pul jo‘natlmalari to‘xtatilganini tasdiqlashdi.

Ammo turli bank jo‘natmalar nima uchun to‘xtatilgani borasida turlicha sabab ko‘rsatishdi.

Toshkentdagi Western union vakolatxonasidan xodima Qirg‘iziston va Tojikistonga faqatgina Milliy bank filiallari orqali pul yuborish mumkinligini aytdi.

"O‘sh voqealari sabab Qirg‘izistonga nisbatan cheklovlar joriy qilingan, shuning uchun ham boshqa banklar jo‘natishga rozi bo‘lmayapti. Milliy bank esa jo‘natayapti," deydi Western union vakili.

Western union vakili nima sababdan Tojikistonga pul yuborilmayotgani haqida tasavvurga ega emasligini aytdi.

Milliy bankka qo‘ng‘iroq qilganimizda ayni damda texnik sabalar tufayli Qirg‘iziston va Tojikistonga pul jo‘natilmayotganini bildirdi.

"Hozir texnik sabablarga ko‘ra, Qirg‘iziston va Tojikistonga jo‘natmayapmiz. Bir ikki oycha bo‘lib qoldi. Qachon yechilishi ham aniq emas," - deydi Milliy bank xodimi.

Contact pul o‘tkazmalari amaliyotini bajaruvchi "Trastbank"ning Toshkentdagi bosh idorasi limit cheklanganligi uchun o‘tkazmalar amalga oshirilmayotganini aytdi.

"Sababini bilmaymiz, hozircha limit yo‘q. Qirg‘izistondan limitni o‘chirib qo‘yishgan," deb javob berdi bank xodimi.

Contact po‘l jo‘natmalari tizimining Moskvadagi bosh ofisidan o‘zini Ilьya deb tanishtirgan xodimi avvaliga O‘zbekistondan Qirg‘iziston va Tojikistonga pul o‘tkazilmayotganligi bo‘lmagan gapligini aytdi. Ammo 3-4 soat vaziyatni o‘rgangach, ma‘lumotni tasdiqladi va sababini aytdi.

"O‘rgandik, rostdan ham pullar jo‘natilmayotgan ekan. Bu O‘zbekiston Markaziy bankining og‘zaki buyrug‘i asosida qilinayotgan ekan. Sababi davlat rahbarlari kelisha olmayotganmish. Shuning uchun ham pullar jo‘natilmayapti," - deydi Contact pul o‘tkazma tizimidan Ilьya.

2010 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga yuborilgan pullar 1 millard 700 million dollarni tashkil etgan.

Ammo O‘zbekistondan chetga chiqarilgan pullar haqida ochiq ma‘lumot yo‘q.

Qirg‘iziston va Tojikistonga pul yuborishni istaganlar bu ishni uchinchi davlat orqali hal qilishayotganini aytadi.

"Uchinchi davlat orqali pul yuborishni hal qildik. Faqat shu o‘rtada yana qo‘shimcha 2 % pul yo‘qotdik," - deydi Toshkentdan Qobil.