Turkmanistonda mintaqadagi eng yirik ochiq bozor yana o‘z faoliyatini boshladi

Turkmanistonda Markaziy Osiyodagi eng yirigi, deb aytiluvchi ochiq bozor jiddiy ta‘mirlash ishlaridan so‘ng yana o‘z faoliyatini boshladi.

1 million kvadrat metr maydonni egallagan bozor shundoqqina poytaxt Ashxobot tashqarisidagi Qog‘anli tumanida joylashgan.

Turkiya shirkatlari tomonidan olib borilgan ta‘mirlash ishlari naq 152 million AQSh dollariga tushgan.

Sahro Bozorining tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi.

Hatto, Sho‘rolar davrida ham mazkur bozor faoliyatdan birzumga bo‘lsin, tinmagan.

An‘anaviy liboslardagi turkman ayollari bozorda o‘tirvolib, turli taqinchoqlar va qo‘lda ishlangan har xil buyumlar savdosini qizitishgan.

Sahro Bozoriga borgan odam mashhur turkman gilamlaridan tortib, qo‘lda to‘qilgan libos, meva-sabzavot va go‘shtgacha xarib qilishi mumkin.

So‘nggi yillarga kelib esa, elektronika jihozlari va boshqa zamonaviy asbob-uskunalar ham ulkan bozorning bir chekkasidan joy egallagan.

Mintaqadagi eng yirigi emasmi, Qizil-Qum sahrosida joylashgan ushbu bozorga keluvchi xaridorlarning soni yiliga qariyb bir million kishiga yetadi.

Bundan bir necha yil burun Turkmaniston hukumati eski bozorning yonginasida mutlaq yangisini barpo etish borasida Turkiyaning Genc Celiklar shirkati bilan shartnoma imzolagandi.

Qurilish ishlari qariyb 3 yil davom etdi.

Mehmonxona, tibbiyot markazi va ulkan mashinalar xiyobonini o‘z ichiga oluvchi yangi savdo markazining 7.000 dan ortiq yangi ish o‘rini yaratishi aytilmoqda.

Turkiya axborot agentliklarining xabarlariga ko‘ra, poytaxt Ashxobotning go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun turk shirkati 21.400 kvadrat metrga teng kushxona ham qurib, so‘ngra uni bozorga yetkazgan.

Turkiya Turkmanistonning ikkinchi yirik savdo hamkori va eng muhim sarmoyachisi hisoblanadi.

Turkmanistondagi eng yirik qurilish ishlari Turkiya shirkatlarining hissasiga to‘g‘ri keladi.

Turkiya shirkatlari, bundan tashqari, Turkmanistonda to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida ham bandlar.

Turkiyaning Turkmanistonga kiritgan sarmoyalari miqdori 1.5 milliard dollardan ortadi.

Avvallari haftasiga ikki marta ochiq bo‘lgan bozor endi dam olish kunlarisiz xaridorlarga xizmat ko‘rsatishi aytiladi.

Bozorning mijozlari orasida xorijliklar, aniqsa, qo‘shni eronliklarni ham ko‘plab uchratasiz.

Sahro Bozori soni sanoqli bo‘lsa-da, Turkmanistonga keluvchi sayyohlarning ham asosiy tashrif maskanlaridan biri hisoblanadi.