'Bu yil Markaziy Osiyoni Fors Ko‘rfazi bilan bog‘lovchi temiryo‘l ishga tushadi'

Qatar Markaziy Osiyoni Fors Ko‘rfazi bilan bog‘lovchi va 21-asrning Ipak Yo‘li deb baholanayotgan yirik temiryo‘l qurilishi loyihasida ishtirok etmoqchi.

Bu esa, Eron, Turkmaniston va Qozog‘iston ishtirokidagi loyihaning yanada jadallashishiga xizmat qilishi mumkin.

Qatarlik mas‘ullar bu xususdagi istaklarini Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov bilan Ashxabotda bo‘lib o‘tgan muzokaralari chog‘ida bildirishgan.

Qatar tomoni Turkmaniston iqtisodiyotining barcha sohalari, jumladan, naqliyot, energiya va telekommunikatsiya sohalariga yotirim kiritish ishtiyoqida ekanligini izhor etgan.

Bu haqda Eronning "Fors" axborot agentligi xabar tarqatgan.

Yangi temiryo‘l qurilishiga oid bitim esa, 2007 yilda Eron, Turkmaniston va Qozog‘iston o‘rtasida imzolangandi. Va mazkur xuddi o‘sha yilning o‘zida har uch davlat prezidentlari bu masalada yakuniy bir to‘xtamga kelishgandi.

Qurilayotgan temiryo‘lning uzunligi 1.000 kilometrni tashkil etadi. Uning 90 km Eron, 700 km Turkmaniston va 210 kmi Qozog‘istondan o‘tadi.

Uning shu yil - 2011 yilda qurib, bitkazilishi kutilmoqda.

Yangi temiryo‘l Markaziy Osiyo davlatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Fors Ko‘rfaziga eltishda nihoyatda qo‘l keladi.

Va mahsulotlarni tashishda foydalanib kelingan odatiy yo‘lni 600 kmdan ortiqroqqa qisqartiradi.

Joriy paytda temiryo‘lning Turkmanistonning Balkan viloyatidan boshlanib Qozog‘iston chegarasiga qarab boruvchi 300 kilometri tayyor.

Yangi temiryo‘l Xitoy va Ovro‘po orasidagi eng muhim xalqaro naqliyot aloqasiga aylanishi kutilmoqda.