'Ekstraditsiyaga qarshi mahkamalarga katta umid bog‘lanayapti'

Qozog‘iston Xavfsizlik qo‘mitasining Olma-Otadagi hisbxonasida saqlanayotgan ikki o‘zbekistonlik boshpana izlovchi oldiga inson huquqlari himoyachilari va jurnalistlar kirishiga ruxsat etilgan.

O‘tgan yil yozidan buyon hibsda saqlanayotgan o‘zbekistonlik boshpana izlovchi Abror Qosimov va Ma‘ruf Yo‘ldoshevlar inson haqlari faollari va mustaqil jurnalistlar bilan uchrashuvni talab qilib ochlik e‘lon etgan edilar.

Hibsda saqlanayotgan Abror Qosimovning 3 fevralь kuni qattiq kaltaklangani haqida yaqinlari xabar qilganlar.

Uni ko‘rib chiqqan advokat buyrak qismida ko‘karishlar borligini aytgan edi.

Qovurg‘asi singan bo‘lishini gumon qilayotgan Abror Qosimov advokat orqali jamoatchilikka maktub bilan murojaat qilgan.

BBC boshpana izlovchilar bilan muvaqqat hisbxonada ko‘rishgan qozog‘istonlik inson huquqlari himoyachisi Denis Jivago bilan suhbatlashdi.

Denis Jivago: Bu uchrashuvda Qozog‘iston inson huquqlari guruhidan men, "Ozodlik" radiosi muxbiri, boshpana izlovchilarning O‘zbekistonga ekstraditsiya etilishiga qarshi ishni taqdim etayotgan advokat, Olma-Ota shahar prokuraturasi hamda Harbiy prokuratura vakillari, Qozog‘iston Xafsizlik qo‘mitasi xodimlari bo‘lishdi. Hibsdagilarning sog‘ligi haqida gapiradigan bo‘lsak, Abror Qosimov o‘zining kaltaklangani haqida ariza yozib shikoyat qilgan edi. Ma‘ruf Yo‘ldoshev esa salomatligi borasida hech qanday shikoyati yo‘qligini, u Frantsiyada bo‘lgan o‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari bilan uchrashishni talab qilayotganini bildirdi. Biz Abror Qosimovdan kiyimlarini yechib tanasini ko‘rsatishni so‘radik. U ko‘ylagini yechganda chap biqinida - buyragi ostida kichkina ko‘kargan joy borligini ko‘rdik. U o‘zining qattiq kaltaklanganini aytgan edi, ammo biz tanasining boshqa qismida boshqa biror kaltaklanish izini ko‘rmadik. Izolyator xodimlari uning do‘pposlanganini rad etishmoqda. Abror Qosimov arizasi bo‘yicha hozir Harbiy prokuratura ish qo‘zg‘agan, uning qovurg‘asi singani da‘vosidan keyin rentgenga tushirilgan. Barcha tibbiy tekshiruvlar natijalari tergovga yuborilgan va tekshirishlar davom ettirilayapti. Tekshirishlar natijasi bilan bizni tanishtirishga va‘da berishdi.

BBC: Qosimov tanasidagi momataloq qanday paydo bo‘lganini aniqlashning imkoni bo‘ldimi sizlarda bugun?

Denis Jivago: Uning biqinidagi ko‘karish nimadan paydo bo‘lganini hech kim tushuntirib berolmayapti. Abror Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, uni kaltaklashgan. Izolyator xodimlari esa uni do‘pposlash hech kimning xayoliga kelgani yo‘q, deyishayapti. Abror Qosimov, o‘zini kaltaklashgan paytda ko‘kargan joy izi katta edi, hozirga kelib kichraydi, dedi. U o‘zini boshqa hibsxonaga o‘tqazish talabini qo‘ydi. Rasmiylar uning bu so‘rovini ko‘rib chiqishlarini aytishdi.

BBC: Ochlik e‘lon qilgan Qosimov va Yo‘ldoshev o‘z talablarining qondirilgani-qondirilmagani, ochlikni to‘xtatish-to‘xtatmasliklari haqida nima deyishdi?

Denis Jivago: Abror Qosimov inson haqlari himoyachilari, jurnalistlar va BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi xodimlari bilan uchrashishni talab qilib ochlik e‘lon qilgan. Biz kirib, "mana biz keldik, sizning insoniy huquqlaringiz naqadar ta‘minlanayotganini ko‘rmoqchimiz", dedik. Ammo biz BMT Qochqinlar agentligi nomidan gapira olmaymiz, sababi u tashkilot Abror Qosimovni qochqin maqomidan mahrum etgan. Ma‘ruf Yo‘ldoshev esa Frantsiyadagi o‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari Mo‘‘tabar Tojiboyeva va Nadejda Atayevalar kelib o‘zi bilan uchrashishlarini talab qildi. Va u o‘zining O‘zbekistonga ekstraditsiyasi to‘xtatilishini talab qilayapti. Biz unga ahvolni tushuntirdik. Ekstraditsiya qaroriga qarshi ishni hozir mahkamada ko‘rishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini biz Yo‘ldoshevga aytdik.

BBC: Boshqa boshpana izlovchilarning O‘zbekistonga topshirilishi qaroriga qarshi borayotgan ishlarni siz qanday baholaysiz?

Denis Jivago: Hozir qochqinlik maqomini berish arizalariga rad javobi berilgani yuzasidan mahkama jarayonlari borayapti. Dastlab birinchi instantsiya, keyingi ikkinchi instatsiya mahkamalari bo‘ladi va undan keyin ishlar Oliy sudga o‘tkaziladi. To‘g‘risini aytsam, men bu mahkamalarning adolatli bo‘lishiga ishonmayman, mening umidim ekstraditsiyani to‘xtatish maqsadidagi mahkamalarda. Chunki O‘zbekistonda qiynoqlar qo‘llanishi borasida dalillar ko‘p va qiynoqlarga qarshi konventsiyani imzolagan mamlakat sifatida Qozog‘istonning bu insonlarni O‘zbekistonga qaytarishga haqqi yo‘q.