Rossiyada birinchi islomiy telekanal o‘z faoliyatini boshladi.

Image caption Prezident Medvedev islomiy telekanal ochish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan

Rossiyada ilk islomiy telekanal o‘z faoliyatini boshlagan.

Telekanal dasturlarida Islom aqidasi va mohiyati hamda madaniy- ma‘rifiy mavzu‘larga asosiy e‘tibor qaratilishi aytiladi.

Birinchi islomiy telekanal, musulmon rahbarlariga ko‘ra, Rossiyada Islomga bog‘liq muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Birinchi islomiy telekanal hozircha sinov tarzida o‘z faoliyatini boshlagan.

Shu kunlarda o‘z ko‘rsatuvlarini sun‘iy yo‘ldosh orqali efirga uzatishni boshlaydi.

Telekanal bosh direktori Farit Farisovning aytishicha, islomiy masalalarni yorituvchi ommaviy telekanal dasturlari Rossiya qatori MDH davlatlariga ham uzatiladi.

"Telekanalning asosiy maqsadlaridan biri Rossiya Federatsiyasi va qo‘shni davlatlar tomoshabinlariga Rossiyadagi an‘anaviy islom qadriyatlarini yetkazishdir. Dasturlarimiz musulmonlar hayotining turli qirralarini yoritadi. Bundan tashqari, bolalar uchun maxsus ko‘rsatuvlar berib boriladi", - deydi telekanal bosh direktori Farit Farisov.

Ma‘rifatmi, targ‘ibot?

Rossiyada islomiy telekanal tashkil etish g‘oyasi ilk bor 2009 yilning avgustida Prezident Dmitriy Medvedev tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.

O‘shanda Prezident Medvedev birinchi islomiy telekanal Rossiyada an‘anaviy Islomni targ‘ib etish va xususan, yoshlar tarbiyasi uchun zarur ekanini urg‘ulagan.

Moskvalik yozuvchi Rinat Muhammadiyevning aytishicha, Islom telekanali Rossiyaning musulmon dunyosidagi obro‘sini ko‘tarishga ham xizmat qilishi mumkin.

"Islomiy telekanalning ochilishi Rossiyada Islom taraqaqiyoti yo‘lidagi muhim qadam sanaladi. Shu bilan birga, Rossiyaning xalqaro obro‘sini oshirishga ham xizmat qiladi, deb o‘ylayman", -deydi Rinat Muhammadiyev.

O‘z navbatida moskvalik mustaqil jurnalist Nazifa Karimovaning fikricha, yangi telekanal faoliyati Rossiyada Islom bilan bog‘liq muammolar o‘tkirlashgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

"Misol uchun Moskvada yangi hokim Sergey Sobyanin tayinlangandan keyin musulmonlar uchun qator muammolar yuzaga keldi. Masjid qurilishlariga ijozat berilmayapti. Musulmonlar, xususan, qafqosliklarga yovqarash kuchaygan. Millatchilik kayfiyatlari kuchaymoqda. Menimcha, telekanal Islom dini fazilatlarini targ‘ib etish qatori, xolis va muxolif fikrlarni berib borishi lozim", -deydi jurnalist Nazifa Karimova.

So‘nggi oylarda Moskva, Kaliningrad kabi shaharlarda musulmonlarning masjid qurish rejalari mahalliy aholi va rus millatchilarining norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan.

Moskvaning "Tekstilchilar" mintaqasida mahalliy hokimiyat masjid qurilishiga ijozat bermadi.

Telekanalning moliyaviy jihatdan qanday ta‘minlanishi hozircha noaniq.

Rossiya Musulmonlar Kengashi rasmiylariga ko‘ra, telekanal qisman musulmon ishbilarmonlarning xayriya yordamlari asosida faoliyat olib boradi.