Shimoliy Tojikiston: tog‘ yo‘lida yana bir falokat

Image caption Anzob va Shahriston dovonlari yo‘li baland Pomir tog‘ligidan o‘tadi

Shimoliy Tojikistonda, Dushanbe-Xo‘jand yo‘lida ikki kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan.

Tojikiston Favqulodda holatlar va fuqaro mudofaasi xizmatidan bildirishlaricha, falokat tog‘ yo‘liga qalin qor yog‘ishi va yo‘l muzlashi natijasida yuz bergan.

Garchi Sug‘d viloyati markazidan falokatga uchraganlarni qidirish uchun maxsus xalos etuvchilar yetib kelishgan bo‘lsa-da, haligacha izlash ishlari natija berganicha yo‘q.

Bu joriy oyda mazkur yo‘lda inson halokati bilan tugagan ikkinchi falokatdir.

Birinchi hodisada mashinaning daryoga ag‘darilishi natijasida ikki kishi halok bo‘lgan, bir kishi bedarak yo‘kolgan va uch kishi jarohatlangan edi.

Hozirda Shimoliy Tojikistonni mamlakatning boshqa mintaqalari bog‘lab turadigan yagona avtomobil yo‘li o‘tgan Anzob va Shahriston dovonlari yo‘li harakat uchun butunlay yopilgan.

Bu rasmiylar tomonidan qalin qor yog‘ishi va qor ko‘chish xavfi kuchayganligi bilan izohlangan.

Falokat baland tog‘li Shahriston va Anzob dovonlaridan o‘tgan Dushanbe-Xo‘jand-Chanoq yo‘lining 112 kilometrida Ayniy tumani hududida yuz bergan.

Qalin qor yog‘ishi va yo‘l muzlashi natijasida "Mitsubishi" tamg‘ali mashina 80 metr chuqurlikda oqayotgan Fondaryoga qulagan.

Mashina suvdan chiqarib olinganda uning ichida 18 yoshli Muyassara Jo‘rayevaning jasadi bor bo‘lgan.

Qidirish natijasida Ibodulla Rajabov degan kishining o‘ligi topilgan.

Mashina haydovchisi Naqib Jamilov og‘ir ahvolda bemorxonaga yotqizilgan.

Lekin bedarak ketgan olti yoshli bola doxil qolgan to‘rt kishini qidirish ishlari haligacha natija bergan emas.

Qidiruv ishlari bilan shug‘ullanayotgan mahalliy favqulodda holat xizmati xodimlariga Sug‘d viloyati markazi Xo‘jand shahridan malakali xaloskorlar yordamga yetib kelishgan.

Shuningdek mahalliy aholi ham qidiruv ishlarida qatnashmoqda.

Tojikiston Favqulodda holatlar va fuqaro mudofaasi xizmati Ayniy tumani bo‘limi boshlig‘i Zafar Mirzoboshiyevning aytishicha, tezoqar tog‘ daryosi falokatga uchraganlarni oqizib ketgan bo‘lishi mumkin.

Mashinada borayotgan yetti kishining hammasi Ayniy tumanidagi Takfon qishlog‘idan bo‘lib, ular bir-birlariga yaqin qarindosh bo‘lishgan.

Bundan ikki hafta oldin ayni shu tog‘ yo‘lida inson halokati bilan tugagan boshqa bir falokat yuz bergandi.

Bu falokat oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, bir inson bedarak yo‘qolgan va uch kishi jarohatlangandi.

Bedarak yo‘qolgan deya hisoblanayotgan 20 yoshli yo‘lovchi qizning jasadi haligacha topilgan emas.

Mutaxassislarga ko‘ra, baland tog‘li Anzob va Shahriston dovonlari o‘tadigan Dushanbe-Xo‘jand yo‘li Tojikistondagi eng xavfli yo‘llardan biri bo‘lib qolmoqda.

Hozirda Dushanbe-Xo‘jand yo‘li harakat uchun butunlay yopib qo‘yilgan.

Bunga yo‘lning 20 kilometrlik qismida ustma-ust qor ko‘chkilari yuz berishi sabab bo‘lgan.

Ustiga qattiq qorbo‘ron yo‘lni qo‘rishni qiyinlashtirgan.

Mazkur tog‘ yo‘li bir haftalik yopib qo‘yishdan so‘ng harakat uchun endigina ochilgandi.

Bir hafta orasida yo‘l ayrim yerlarda qalinligi 20 metrgacha yetgan qor ko‘chkilari va bir yarim metrgacha qalinlikdagi qordan tozalangandi.

340 kilometr uzunlikdagi Dushanbe-Xo‘jand yo‘li mamlakat markazini Tojikiston shimoli bilan bog‘laydigan yagona yo‘l sanaladi.

Bu yo‘l yopilganda hayotiy zarur mahsulotlar boshqa yerlardan tashib keltiriladigan Zarafshon mintaqasi aholisi. ayniqsa qiyin ahvolda qoladi. Ilgari Tojikistonning Zarafshon vodiysi mintaqasiga tovarlar O‘zbekistonning Samarqand viloyati orqali yetkazilardi. Lekin O‘zbekiston yo‘llaridan o‘tish qiyinlash-gach, T ojikiston hukumati tomonidan og‘ir tabiiy qiyinchiliklarga qaramasdan ikki baland tog‘li dovon mavjud bo‘lgan tog‘ yo‘lining yil davomida harakat uchun ochiq bo‘lish imkoniyatlari ko‘rilayotir.

Bu yo‘lda Anzob tunneli qurib bitkazilgan, Shahriston tunneli qurilishi davom ettirilmoqda.