Novqat soliq xizmati rahbarini o‘ldirishda gumon qilingan shaxs uyi yoqib yuborildi

Image caption Novqatda mahalliy soliq inspektori xodimining qotilligida gumon qilinayotgan shaxs uyi yoqib yuborildi.

O‘sh viloyatining Novqat tumani markazida yaqinda o‘ldirilgan mahalliy soliq inspektsiyasi boshlig‘ining qarindosh-urug‘lari hamda tarafdorlari mazkur qotillikda gumon kilingan fuqaroning uyini yoqib yuborishgan.

1 mart kuni ertalab tuman markazidagi maydonga taxminan 500 nafar mahalliy yashovchi norozilik namoyishga yig‘ilgan va qotillikni uyushtirib, o‘zi O‘zbekistonga qochib ketdi, deya gumon qilingan mahalliy tadbirkorni hibsga olishni talab qilishgan.

Mahalliy militsiyaning ma‘lum qilishicha, hozirga qadar qotillikda gumon qilinayotgan 10 kishidan uch nafari hibsga olingan va qotillikni tashkillashtirgan shaxs O‘zbekiston hududiga qochib ketgan.

Namoyishchilar militsiya xodimlarini jinoyatchilarga qarshi tegishli chora ko‘rmaslikda ayblashgan.

Mahalliy aholiga ko‘ra, to‘satdan yig‘ilgan namoyish ishtirokchilari qotillikni tashkillashtirgan, deya gumon qilinayotgan tadbirkorning uyiga yetib borishgan va o‘t kuyib yuborishgan. Keyinchalik bu odamlar yong‘inni o‘chirishga kelgan o‘t o‘chiruvchilar ishiga xalaqit berishga harkat qilganlar.

O‘t o‘chirish xizmati rasmiylariga ko‘ra, shunga qaramay yong‘in o‘chirilgan va hech kim jabrlanmagan.

Ayni vaqtda qotillikda gumon kilinayotgan fuqarolarning ham qarindosh-urug‘lari va tarafdorlari maydonga yig‘ila boshlashgan.

Ikki tarafni militsiya xodimlari ajratib turishgan. Eski-Novkat shahriga, shuningdek, viloyat markazi O‘sh shahridan qo‘shimcha huquq-tartibot kuchlari yuborilgan.

Novqat tumani markazida mahalliy hokimiyatning shoshilinch yig‘ini o‘tkazilgan va shu yerga O‘sh viloyati hokimi Sooronboy Sharipov kelishi kutilmokda.

Tuman hududidagi barcha qishloqlar ma‘muriyati mahalliy aholini tuman markaziga bormaslikga undab, yig‘inlar o‘tkazishmokda.

Eski-Novkat shahriga boradigan yo‘llarda militsiyaning ko‘chma nazorat nuqtalari tashkil etilgan va ular qishloklardan shaharga ketadigan qatnovni nazorat kilishmokda.

23 fevral kuni Eski-Novqatda “Leksus” yengil avtomashinasida Novqat tumani solik inspektsiyasi raxbari, 45 yoshli Sag‘inbek Alimbayevning o‘q otar quroldan otilgan jasadi topilgandi.