MTS Turkmanistonga sarmoya kiritish xavflari haqida ogohlantirdi

Image caption Rossiya shirkati turkman rasmiylari MTS yaratgan infratuzilmaga egalik qilmoqchi ekanini aytmoqda

Rossiyaning MTS shirkati xorijiy sarmoyadorlarni Turkmanistonga sarmoya kiritish xavfli ekani haqida ogohlantirgan.

"Mobil telitizimlar" shirkatining xabar qilishicha, shirkat 3-4 mart kunlari Singapurda o‘tkazilgan "Turkmaniston Neft va Gaz Ko‘rgazmasi-2011"xalqaro konferentsiyasi qatnashchilariga turkman iqtisodiyotiga sarmoya kiritish xavflari haqida ochiq maktub yo‘llagan.

MTS o‘z tajribasi asosida xorijiy sarmoyadorlarni Turkmanistonning hamkor sifatida qanchalik ishonchli ekani haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirgan.

Yaqin-yaqingacha Turkmanistonning eng yirik sarmoyadorlaridan biri bo‘lganini aytgan MTS Turkmanistonning o‘zboshimchaligi shirkatni turkman bozoridan ketishga undayotganini aytgan.

MTSning ishonishicha, bu hissalari Nьyu York fond birjasida sotiladigan shirkat hissadorlariga katta zarba bo‘lishi shubhasiz.

Xalqaro konferentsiya qatnashchilariga yo‘llangan ochiq xatda MTS hanuz turkman hukumati bilan muammoga yechim topishga umid qilayotgani, ammo shu bilan bir vaqtda, sarmoyadorlar hamjamiyatini turkman bozoridagi xavflar borasida ogohlantirib qo‘yishni o‘z burchi, deb bilishini ma‘lum qilgan.

MTS 2005 yilda Amerikaning Barash Communications Technologies shirkatining Turkmanistondagi hissalarini sotib olgan va qisqa vaqt mobaynida mamlakatdagi eng yirik uyali aloqa shirkatiga aylangan.

MTSning Turkmanistondagi mijozlari soni 2 million 400 ming ekani aytiladi.

O‘tgan vaqt mobaynida Rossiya shirkati Turkmanistonning telekommunikatsiya infratuzilmasiga 180 milliondan ko‘proq sarmoya kiritganini bildirgan.

O‘tgan yilning dekabrida Turkmaniston Aloqa vazirligi MTSning litsenziyasini bir oyga to‘xtatayotganini bildirgan.

Ushbu muhlat tugashi ortidan turkman rasmiylariga qayta-qayta murojaat qilganini bildirgan shirkat litsenziyaning bekor qilinish sababi borasida ham, o‘zining kelajakdagi biznesi taqdiri haqida ham biron jo‘yali tushuntirish ololmaganini aytgan.

MTS turkman rasmiylarining qarori ustidan Xalqaro arbitrajga shikoyat qilgan.

MTS turkman rasmiylari shirkat tashkil etgan infratuzilmadan MTSning ishtirokisiz Turkmanistonning telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish maqsadida foydalanish niyatida, deb ishonadi.