O‘zbekistonda ekologik dehqonchilikni rivojlantirish zarurmi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Kichik fermer xo‘jaliklari dehqonchilik mahsulotlari hajmini ko‘paytiradi va tabiatga ham zarar yetkazmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus hisoboti ana shunday xulosaga kelgan.

Hisobotda yozilishicha, qator mamlakatlardagi ekologik fermer xo‘jaliklari kimyoviy o‘g‘itlarsiz ham ko‘p hosil ola bilishgan.

Hozirgi asr o‘rtasigacha dunyo aholisi qariyb to‘qqiz milliardga yetishi bashorat qilinarkan, shuncha odamni boqish masalasi o‘ta dolzarb.

O‘zbekistondan akademik Bek Toshmuhammedov ko‘plab mamlakatlarda asosan kichik xo‘jaliklarni rivojlantirishga ahammiyat qaratilayotganini aytadi.

"Kimyoviy o‘g‘itlar tabiatni ifloslantiradi va dehqonchilik mahsulotlari tarkibini buzadi. Boshqa tomondan, yirik xo‘jaliklar samarasi kam bo‘lganini biz o‘zimiz kolxozlar misolida ko‘rganmiz. Endigi tajribalar kichik xo‘jaliklarga qaratilmoqda," deydi Bek Toshmuhammedov.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston fermer xo‘jaliklarini yiriklashtirishni boshladi.

Buning oqibatida juda ko‘plab kichik fermerlar o‘z xo‘jaligi va yeridan ajraldi.

O‘zbekistonda bir xil mahsulotning davomli yetishtirilishi va kimyoviy o‘g‘itlar ko‘p ishlatilishi natijasida hosildor yerlar tarkibi buzilgani aytiladi.

Bek Toshmuhammedov hozirda dehqonchilik mahsulotlari hajmini oshirish dolzarbroq masala ekanini ta‘kidlaydi.

"Butun dunyoda oziq-ovqat taqchillashmoqda. Nazarimda, irsiy yangilangan ekinlarni eka boshlash kerak. Ularning hosildorligi katta bo‘lishi mumkin," deydi o‘zbekistonlik olim.

Unga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston kimyoviy o‘g‘itlardan voz kecha olmaydi.

"Dunyoda hech bir mamlakat kimyoviy o‘g‘itlardan voz kechmagan va biz ham voz kecha olmaymiz. Chunki o‘g‘itlar yordamida hosildorlikni oshirish mumkin. Azotlisi ham, fosforlisi ham qo‘llanadi. Hatto pestitsidlardan ham butkul voz kechilmagan. Chunki usiz ekinni chigirtka yeb ketadi," deb izohlaydi Bek Toshmuhammedov.

O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarin yiriklashtirishdan maqsad samaradorlikni oshirishdir.

Ammo fermerlar qanday mahsluot ekish bobida erkin emasliklarini aytadilar.

O‘zbekiston aholisi davomli oshishi barobarida hosildor yerlar yil sayin kamayotgani xabar qilinadi.

Ba‘zi tahlilchilar shunday sharoida O‘zbekiston kelasi chorak asr ichida o‘z aholisini boqa oladimi, degan savol ustidan bosh qotira boshlashgan.

Bek Toshmuhammedov hozirda xavotirga o‘rin yo‘q deb hisoblaydi.

"Bizda sug‘oriladigan yer 4 million gektardan ko‘proq. Bu yerda ishlab hali kelajakda ham aholini bemalol boqa olamiz. Hozir paxta ko‘p ekilayotganiga sabab, so‘nggi yillari paxta tolasi narxi keskin oshib ketdi. Paxta davlatga yaxshigina daromad keltirmoqda. Aholi o‘sib, O‘zbekiston o‘z xalqini boqa olmaydi qoladi degan fikrlar ancha bo‘rttirilgan. Chunki oxirgi yillari bizda aholisi o‘sishi sekinlashgan. G‘arbda aholi o‘sishi to‘xtatayapti, O‘zbekistonda esa sekinlashgan," deydi Bek Toshmuhammedov.