Mahkama 18 o‘zbekni Suzoqdagi ommaviy qotilliklarda aybdor deb topdi

Image caption Jalolobod viloyat mahkamasi Suzoq sudi qaroriga ko‘p o‘zgartirish kiritmagan

Jalolobod viloyat mahkamasi 2010 yil iyunida Suzoq tumanida ro‘y bergan hodisalarda aybdor deb topib 18 o‘zbek millatiga mansub shaxsni umrbod qamoq jazolariga hukm etgan.

Viloyat mahkamasi hakami Joldosh Ibrayevning aytishicha, mahkamaga tortilgan 19 kishining 18 nafari umrbod qamoq jazolariga mahkum etilgan.

"Mahkama ma‘naviy zarar uchun har bir qurbonga 80 ming Qirg‘iz somi, har bir moddiy zarar uchun 300 ming som to‘lash qarorini chiqardi", deb aytgan mahkama hakami.

Mahkama sakkiz kishi qurbon deb topgan.

18 kishi ommaviy qotillik, o‘zgalar mulkiga zarar yetkazish, millatlararo nizo qo‘zg‘ash bandlari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Qirg‘iziston matbuoti xabarlariga ko‘ra, 12-13 iyun kunlari Jalolobod viloyatining Suzoq tumani yashovchilari O‘sh shahri bilan Bishkekni bog‘laydigan yo‘lning "Sanpa" paxta zavodining Tuproq-Bel deb ataladigan joyga yaqin qismini to‘sib olganlar.

Bu odamlar yo‘lga yoqilg‘i quyib, avtomobillarni to‘xtashga majbur qilganlar. O‘sha kunlari 16 kishi otib o‘ldirilgan, to‘qqiz avtomobil yoqib yuborilgan. Shu paytgacha ikki kishi bedarak yo‘qolgan, deb yozadi Qirg‘iz matbuoti.

Suzoq tuman mahkamasi 17 kishiga bir umrlik qamoq jazosi, ikki shaxsga 25 yillik ozodlikdan mahrum etish qarorini chiqargan edi.

Mahkamaga tortilgan insonlar o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etganlar va viloyat mahkamasiga appelyatsiya tartibida murojaat qilgan edilar.

Jalolobod viloyat mahkamasi 64 yoshli Usmonali Ablyazovning keksa yoshi inobatga olinib, umbrod qamoq jazosi 25 yillik qamoq muddatiga almashtirilganini ma‘lum qilgan.

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotlari Qirg‘izistondagi xunrezliklar yuzasidan o‘tgan mahkamalarning aksarini tanqid qilgan, bu mahkamalarda asosan o‘zbek millatiga mansub insonlar qonli hodisalarning asosiy aybdorlariga aylangan.

Qirg‘iz mahkamalari ayblanganlarning qo‘yilgan ayblarga iqror bo‘lmaganlari yoki huquq-tartibot organlarining shafqatsiz muomalalari haqidagi ko‘rsatmalarini inobatga olmagan.