Qirg‘izistonda bugun yashash joyidan ro‘yxatdan chiqish o‘zbeklarga qanchaga tushmoqda?

Image caption Qirg‘izistonda o‘tgan yildan buyon amalda bo‘lgan tartib-qoidalarda davlat to‘lovlari fuqarolarning millatlariga qarab keskin farqlanadi

Qirg‘izistonda iyun oyidagi qonli etnik nizolardan keyin kuchga kirgan yangi tartib-qoidalarga muvofiq, yashash joyidan ro‘yxatdan chiqib, chetga ketmoqchi bo‘lgan o‘zbeklar qirg‘izlarga qaraganda 20 barobar ko‘p davlat to‘lovi to‘lashlari lozim bo‘ladi.

Rasmiy tartib-qoidalarga muvofiq, davlat to‘lovi etnik qirg‘izlar uchun 100 som, o‘zbeklar doxil boshqa millat vakillari uchun esa, 2.000 som qilib belgilangan.

Mahalliy inson huquqlari faollariga ko‘ra, mavjud holat o‘zbek millati vakillari huquqlari toptalayotganining yana bir yaqqol ko‘rinishidir.

Ular mavjud tartib-qoidalar Qirg‘iziston konstitutsiyasiga zid ekani, mas‘ullar esa, faqat buyruqni bajarishayotganiga oid bahonalar bilan mavjud vaziyatga rasman oydinlik kiritishdan o‘zlarini olib qochishlarini aytishadi.

Minglab kishilarning umriga zomin bo‘lgan va yana ko‘plarini bor-budlaridan mosuvo etgan o‘tgan iyun oyidagi milliy nizolardan asosan o‘zbeklar jabr chekishgandi.

Qirg‘iziston janubidagi mas‘ullarga ko‘ra esa, o‘tgan iyun oyida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar ortidan muhojirlik oqimi keskin ortgan.

Deylik, 2010 yilning iyun bilan sentyabr oylari oralig‘ida qonli nizolardan eng ko‘p jabr ko‘rgan O‘sh shahrini qariyb 40 mingga yaqin kishi tark etgan.

Ayrim xabarlarda Qirg‘iziston janubida xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning tang qolayotgani manzarasida ularning soni yana yigirma mingga ortgani ham aytilgandi.

Mahalliy kuzatuvchilar, jurnalistlar va xalqaro inson haqlarini saqlash tashkilotlari haqiqiy raqamlar qirg‘iz rasmiylari keltirayotganidan ancha ko‘pligini urg‘ulashadi.

Iyun oyidagi milliy nizolar sabab, ko‘plab turar-joylar bilan birga odamlarning tijoratlari ham vayron bo‘lgandi.

So‘nggi rasmiy hisob-kitoblar aynan etnik zo‘ravonliklar sabab Qirg‘izistonning janubiy mintaqalarida 20 mingdan ortiq aholi ishsiz qolganligini ko‘rsatgandi.

Mavjud vaziyat ham etnik nizolardan qariyb bir yil o‘tib ham katta sondagi o‘zbeklarning boshqa xorijiy davlatlarga ketishga majbur qilayotgani aytiladi.

Shunday ekan, amalda bo‘lgan bu kabi tartib-qoidalar o‘zbeklarga qanday ta‘sir qilmoqda?

Biz bu va boshqa savollar bilan O‘shdagi mahalliy inson huquqlari faoli Ravshan Gapirovga murojaat etdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди