AQSh va Rossiya Qirg‘iziston janubida o‘z aksilterror markazlarini ochishmoqchi

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyevaning aytishicha, Rossiya va AQSh mamlakat janubida o‘z tayyorgarlik markazlarini barpo etishadi.

O‘tinboyeva xonimga ko‘ra, bundan maqsad islomiy jangarilarning mintaqaga tahdidlarining oldini olishdir.

Qirg‘iziston ham AQSh va ham Rossiya harbiy havo bazasi joylashgan mintaqadagi yagona davlat sanaladi.

Prezident Qurmanbek Bakiyevni qudratdan chetlatgan aprel oyidagi qonli to‘qnashuvlar va aksariyati o‘zbeklardan iborat minglab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgan qaqshatqich milliy nizolar ortidan Qirg‘izistondagi vaziyat tangligicha qolmoqda.

O‘tinboyeva xonim Qirg‘iziston janubida o‘zbeklar va qirg‘izlar orasidagi milliy adolat va ishonchsizlik hanuz tanglikka sabab bo‘layotgan bir paytda, qo‘shni Tojikiston va O‘zbekistonda islomiy jangarilik tahdidining kuchayib borishi Markaziy Osiyodagi beqarorlikka qo‘shimcha bo‘layotganini aytgan.

"Bizni tayyorgarlikdan o‘tkazishlariga tayyormiz. Biz terrorchilikka qarshi qanday qilib kurashishni o‘rganishimiz shart," deb aytgan qirg‘iz rahbari.

Rossiya va AQSh tomonidan qurilajak tayyorgarlik markazlarining ular o‘zlari tomonidan moliyalanishi aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, aksilterror tayyorgarlik markazlari O‘sh va Botkenda qad rostlaydi.

O‘tinboyeva xonim "Buning hech bir yomon tomoni yo‘qligi va ushbu masalada pragmatik bo‘lishlari lozim"ligini aytgan.

Tayyorgarlik markazlari qurilishining qanchalik muhimligini urg‘ularkan, Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston va O‘zbekiston chegaralaridagi vaziyat nihoyatda qaltis ekanini urg‘ulagan.

"O‘tgan kuzdan buyon muayyan sondagi unsurlar...Tojikistonda va turli xil diniy ekstremistlar esa, janubiy Botken chegarasida to‘planishgan. Biz hozirning o‘zida chegaralarimizni kuchaytirishimiz shart," deb aytgan Qirg‘iziston prezidenti.

Hozir Qirg‘iziston shimolida, poytaxt Bishkekka yaqin joyda Rossiyaning "Kant" harbiy havo bazasi joylashgan.

Poytaxt Bishkek aeroportidagi "Manas" havo bazasi esa, bir necha yildan buyon amerikaliklarning ixtiyorida.

Rossiya tomoni Qurmanbek Bakiyev prezidentligi davrida (2009 yil) Qirg‘iziston janubida yangi harbiy baza tashkil etish va unda Rossiya harbiylarini joylashtirishga oid memorandumni ham imzolashga muvaffaq bo‘lgandi.

Rasmiy Toshkent esa, Rossiyaning Qirg‘izistonda ikkinchi harbiy baza barpo etish rejasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatni beqarorlashtirishini aytib, bunga o‘z noroziligini izhor etib keladi.

O‘zbekiston tomoni Rossiya qurolli kuchlarining qo‘shimcha kontingentini Qirg‘iziston janubida joylashtirishdan "biron bir zaruriyat va maqbullik ko‘rmayotgani" ta‘kidlaydi.

Rasmiy Moskva esa, Qirg‘izistonda ochilishi kutilgan harbiy bazaning uchinchi davlatlarga tahdid emasligi, Rossiyaning mintaqadagi harbiy ishtiroki barqarorlik va xavfsizlikni ta‘minlash bilan bog‘liq umumiy xavotirlar bilan bog‘liq ekanini aytadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston chegaralarida Rossiya kuchlarining paydo bo‘lishi rasmiy Toshkentning qo‘shnilari bilan ziddiyatli masalalardagi mavqe‘ini zaiflashtiradi va mintaqada Moskva ta‘sirining kuchayishiga olib keladi.