Nikolay Bordyuja: 'Afg‘onistondagi beqarorlik mintaqa davlatlariga ta‘sir etmay qo‘ymaydi'

Image caption Tojikiston Afg‘oniston bilan uzun chegaralarga ega

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bosh kotibi Nikolay Bordyuja Afg‘onistondagi beqarorlik mintaqadagi mamlakatga ta‘sir etishini urg‘ulagan.

"...har qanday holatda ham Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti davlatlaridagi umumiy vaziyatga jiddiy ta‘sir ko‘rsatadi", deb aytgan Bordyuja.

Nikolay Bordyujaning izohlari Dushanbeda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Afg‘oniston bo‘yicha ishchi guruhi yig‘inida yangragan.

"Qirg‘iziston janubida hamda Tojikistonda yuz bergan so‘nggi voqealar Afg‘onistondagi beqarorlik bizning davlatlarimiz ishlariga ham ta‘sir ko‘rsatishini yana bir bor ko‘rsatdi. Shuning uchun ham, bizning davlatlarimiz Afg‘onistonga texroq barqarorlik qaror topishidan manfaatdor", deydi KXShT bosh kotibi.

O‘tgan yilning kuzida Rasht vodiysida qurolli to‘qnashuvlar va mazkur to‘qnashuvlar ortidan o‘tkazilgan amaliyotlarda 50 nafardan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgandi.

Tojik rasmiylari ham mamlakatlardagi beqarorliklarda tashqi kuchlar ta‘siri bor ekanini ta‘kidlab kelishadi.

Tojikiston xavfsizlik kengashi kotibi Amirqul Azimov ham Afg‘onistonda o‘tkazilayotgan amaliyotlar keraklicha natija bermayotganligini ta‘kidlaydi. Uning da‘vo qilishicha, Afg‘onistonda yangi qurolli tizimlar shakllanmoqda.

"U yoki bu mamlakatga jo‘natish va borgan joylarida vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida yangi jinoiy to‘dalar shakllanmoqda. Bu Afg‘oniston hukumati nazoratdan tashqaridagi, shuningdek, Afg‘oniston va Pokiston chegaralari kesishgan hududlarda sodir bo‘lmoqda", dedi Amirqul Azimov.

Tojik rasmiylari Afg‘onistondagi vaziyatning tezlik bilan o‘nglanishi, ayni paytda bu ish tinch yo‘l bilan hal etilishi tarafdori ekanliklarini ta‘kidlashadi.

Ayrim tojikistonlik mutaxassislar tojik-afg‘on chegarasi avvalo Afg‘oniston tarafidan mustahkam qo‘riqlanishi kerakligini ta‘kidlaydilar.

Ularga ko‘ra, tojik-afg‘on chegaralari risoladagidek qo‘riqlansagina Tojikiston va O‘zbekiston chegaralaridagi muammolar hal etilishi mumkin.