BMT rasmiysi Feliks Kulov bilan uchrashib, janubdagi xavfsizlik masalasini mubohasa qildi

Image caption O‘sh o‘tgan iyun oyida qonli hodisalarga sahna bo‘lgandi

Qirg‘izistondagi "Or - nomus" partiyasi raisi Feliks Kulov BMT Bosh kotibi maxsus vakili, Markaziy Osiyo bo‘yicha mintakaviy markazi rahbari Miroslav Yencha bilan uchrashgan.

Uchrashuv paytida Qirg‘iziston janubidagi O‘sh va Jalol-Obod viloyatlaridagi vaziyatni barqarorlashtirish va ba‘zi huquq-tartibot kuchlari tomonidan tinch aholi vakillarini noqonuniy hibsga olishga dior muammolar muhokama qilindi.

Ayni paytda mulozimlar Qirg‘iziston janubini qayta tiklash va o‘tgan yil ro‘y bergan millatlararo nizolarga o‘xshash hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik borasida ham suhbatlashgan.

O‘sh shahrida xavfsizlik masalalari mubohasa etildi

Juma kuni Qirg‘iziston janubiy poytaxti O‘sh shahrida mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘in ham o‘tkazildi.

Mazkur majlisga huquq-tartibot va maxsus xizmatlar rahbarlari, mahalliy hokimiyat hamda oddiy aholi vakillari ishtirok etishgan.

Ushbu ijtimoiy tadbirda muhokama qilingan asosiy masalalardan biri - o‘tgan yilning iyun oyida kechgan millatlararo qonli nizolarga bundan keyin yo‘l qo‘ymaslik va mintaqa aholisini juda katta xavotirga solgan turli gap-so‘zlarni oldini olish bo‘ldi.

Yig‘inda qatnashgan bir qator oddiy shaharliklar huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan janubda yana zo‘ravonliklar bo‘lishi mumkinligiga oid gap-so‘zlar naqadar asosli ekanligi va mazkur xabarlarning manbalarini oshkor etishni talab qilishgan.

Yig‘ilganlar oldida chiqib gapirgan Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Marat Imanqulov xavotirlarga mutlaqo asoslar yo‘q va viloyat, umuman, mamlakat janubidagi vaziyat tinch ekanligini tasdiqlagan. Shu bilan birga xavfsizlik mulozimi yig‘ilganlarni ig‘vogarlik maqsadlarda tarqatilayotgan hech qanday mish-mish gaplarga ishonmaslikga chaqirdi.

O‘tgan yil Qirg‘iziston janubida sodir etilgan qonli millatlararo nizodan so‘ng muntazam ravishda butun davlat bo‘ylab "iyun voqealari takrorlanadi" degan gaplar tarqala boshlagan. Hukumat idoralariga xavotir bilan murojaat etgan oddiy aholiga mahalliy hokimiyat vakillari vaziyat tegishli tizimlar vaziyatni nazorat qilayotganlarini aytib, bunday turli ovozalarga ishonmaslikga undab kelishmoqda.

Lekin, yaqinda milliy televideniyeda chiqish qilgan Prezident Roza O‘tinboyeva butun xalqqa murojaat qilib, mamlakat janubida ba‘zi kuchlar tomonidan har xil ig‘vogarlik harakatlarini tayyorlanganligi borasida ogohlantirgandi.