Qozog‘iston Prezidenti Rossiyaga safar qildi

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevga ko‘ra, Shimoliy - Kaspiy neft quvurlari uzaytiriladi va Qozog‘iston o‘z neftini Rossiya orqali chetga uzatishda davom etadi.

Qozog‘iston rahbari bu haqda Rossiya Bosh vaziri Vladimr Putin bilan uchashuv chog‘i gapirgan.

Shuningdek, Nazarboyev janoblari Kaspiy bilan bog‘liq qo‘shma masalalar birgalikda hal etilishini bildirgan. Ayni paytda u Rossiya hududi orqali o‘tadigan G‘arbiy Xitoy - G‘arbiy Ovro‘po shohyo‘lini qurish ishlari 2012 yilda bitkazilishini aytgan.

Qozog‘iston rahbariga ko‘ra, yana qator loyihalar bo‘yicha ham Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida hamkorliklar kengaytiriladi.

Nursulton Nazarboyevning aytishicha, yagona iqtisodiy hudud doirasida ikki mamlakatning bir-birlariga eksportlari hajmi ortgan. Rossiya, Qozog‘iston va Belarus o‘rtasida yagona Bojxona ittifoqi o‘tgan yilning iyulida faoliyat boshlagan va yagona bojxona qoidalari ittifoq hududida ishlab chiqarilgan tovarlarni erkin olib o‘tilishi va savdo-sotiqni yanada rivojlantirishga qaratilgani aytilgan.

Avvalroq, Qozog‘iston rahbarining Moskvaga safaridan maqsad Bojxona ittifoqi va yagona iqtisodiy hudud masalasini mubohasa etish ekani xabar qilingan.

Biroq, mutaxassislar Rossiya rahbariyati bilan muzokaralarda Qozog‘istonda erta chaqirilgan prezidentlik saylovlaridan keyingi vaziyat va Rossiyaning navbatdagi prezident kim bo‘lishi mumkinligi asosiy mavzulardan bo‘lishiga ishonishlarini aytishgandi.