Turkmaniston xorijiy davlatlar diplomlarini tan olishini aytmoqda

Image caption So‘nggi bayonot bilan prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning shaxsan o‘zi chiqqan

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov o‘z mamlakati mas‘ullariga xorijiy davlatlar diplomlarini tan olishlari lozimligini aytgan.

Shu paytgacha Turkmanistonda xorijiy universitetlarda tahsil olgan turkman talabalarining davlat ishlariga joylashishlari deyarli imkonsiz bo‘lib kelayotgandi.

Turkmaniston prezidentining so‘nggi qarori davlat televideniyesi orqali e‘lon qilingan.

Gurbanguli Berdimuhammedovning aytishicha, bunday talabalar mamlakatining osmono‘par islohotlar dasturini hayotga tadbiq etishlari uchun kerak.

"Xorijiy universitet diplomiga ega yoshlar ish bilan ta‘minlanishlari lozim. Ularning malakalari Turkmanistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini amalga oshirishimizda zarurdir," deb aytgan turkman rahbari.

Turkmanistonning uzoq yillardan buyon fuqarolarining xorijda tahsil olishlariga faol qarshilik ko‘rsatib kelgani mahalliy kuzatuvchilar tomonidan birdek e‘tirof etiladi.

Hukumat tanqidchilariga ko‘ra, bu kabi norasmiy siyosat oqibatida davlat idoralarida malakali xodimlar soni kamayib ketgan.

Ular so‘nggi yangilikka mazkur voqeilikning prezident Berdimuhammedov tomonidan rasman tan olinishi sifatida ham baholashmoqda.

Marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozov davrida faqat sanoqli xorijiy universitetlarning diplomlari Turkmanistonda rasman tan olingan.

Turkman hukumati tomonidan belgilangan maxsus kvotalarga muvofiq, har yili 200 ta talabaning Turkmaniston bilan o‘zaro shartnomaga ega xorijiy universitetlarda tahsil olishlariga izn berilgan, xolos.

Gurbanguli Berdimuhammedov qudratga kelgandan buyon ham maorif sohasida jiddiy islohotlar ko‘zga tashlanmayotgandi.

2009 yilda Turkmanistonning yuzlab talabalarini Amerikaning Qirg‘iziston va Bo‘lg‘oristondagi universtetlarida tahsil olishlariga izn bermagani ham xabar berilgandi.

Inson huquqlari faollari turkman hukumatining bu kabi amallarini butun mamlakat aholisini g‘oyaviy jihatdan o‘z nazorati ostida ushlab turish harakatlarining bir qismi sifatida qarashadi.