Tojikiston maktablari haqida o‘qituvchi, o‘quvchi va ota-onalar nima deydi?

Tojikistonda umumta‘lim maktablarida ta‘lim saviyasi pastligi o‘qituvchilarning maoshlari hamda aholi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli nochorligi bilan izohlanadi.

Qashshoqlik avj olgan ayrim mintaqalarda maktab yoshidagi bolalar, xususan, qizlarning maktabga umuman qo‘yilmaganligi kuzatiladi. Ayni vaqtda o‘qituvchilarning ota-onalarning beparvoliklari haqida aytishadi.

Bolalar nima uchun maktabga bormaydilar?

Navro‘z munosabati bilan berilgan haftalik ta‘tildan so‘ng maktablar yana shovqin-suronga to‘lgan. Lekin 11 yoshli Aziza ismli mana bu qizaloqqa maktab qo‘ng‘irog‘i hech narsani anglatmaydi. Chunki, qizaloq hech qachon maktabga bormagan.

Aziza maktabga bormasligi sababini onasi qo‘ymasligida deb biladi.

U bugun o‘zidan kattaroq yoshdagi to‘rt qishloqdoshi bilan Dushanbega kelgan. Aziza xonadonlardan "qolgan-qutgan nonlarni yig‘ib", yana qishloqlariga qaytishlarini aytadi. U Varzob tumanining Chig‘atay qishlog‘ida yashaydi.

- Qishlog‘imizda qizlar o‘qishmaydi. Faqat o‘g‘il bolalar o‘qishadi. Qizlar adirga borishadi, u yerda mol-holga qaraydilar. Keyin uy ishlariga qarashishadi. Gohida non yig‘ish uchun shaharga ham kelamiz, - deydi Aziza.

Dushanbeda yashovchi kizlar orasida maktab ostonasini umuman hatlamaganlarini topish qiyin bo‘lsa-da, 4-5 sinfdan so‘ng, maktabga yuborilmagan qizlar kam emas. Aslida 11- sinfda o‘qishi kerak bo‘lgan Nasiba ham faqat 5 -sinfgacha maktabga borgan.

- Bir gal matematikadan misolni qo‘limga yozib yechganimda o‘qituvchimiz stulning oyog‘i bilan yelkamga urdi, yelkam ko‘karib ketdi. Ayamga aytmadim. Lekin ikki xaftacha maktabga bormadim. Keyin kelsam, urishib yana urdi, bu gal yomon urdi. Oxiri ayamlarga aytdim...Boshqa sinfga olib qo‘yishdi. Bu safargi o‘qituvchimiz yaxshi edi, lekin bir yil o‘tgach, u Moskvaga ketdi. Yana o‘sha birinchi o‘qituvchimiz dars o‘tishini bilib maktabga bormay qo‘ydim, - deydi Nasiba.

Nasiba yashayotgan uyning o‘zida 5 nafar qizni yaqindan buyon maktabdan olib qolinganligini aytadi.

"Ularni ham kaltaklashganmi yoki aynan qiz bola bo‘lishgani uchun shunday munosabatmi?" deya so‘rayman Nasibadan.

"Yo‘q, bugunda ta‘minot qiyin bo‘lyapti", deydi 16 yoshli qiz xuddi yoshi bir joyga borib qolgan odamnikidek ohangda.

- Hammasining sababi bitta - pulimiz yo‘q, kuchimiz yetmaydi, deyishadi. Qizlar esa, o‘qishni istashadi, zehnlari kuchli. Masalan, bir qo‘shnimizning 7-sinfda o‘qishi kerak bo‘lgan qizi bu yil maktabga bormay qo‘ydi. Otasi mardikor bozorda, har kuni ham ish bo‘lavermaydi, onasi uyda. Bu qizgina onasi bilan birga odamlarning uylarini tozalab beradi, kir-chirini yuvadi. Boshqa qo‘shni qizlar ham aynan yo‘qchilik tufayli maktabga borishmayapti, - deydi Nasiba.

Kuzatuvchilar faqat qizlar emas, balki o‘g‘il bolalar ham maktabga bormay qo‘ygan hollar kam emasligini ta‘kidlashadi.

Tojikiston Maorif vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, xozirda maktab yoshidagi 50.000 nafar o‘g‘il-qizlar turli sabablar bilan ta‘lim olishdan mahrum qolmoqda.

Urmaslik uchun pora

Dushanbening chekka hududida yashovchi 65 yoshli Kubaro xolaning o‘ndan ortiq nabirasi maktabga boradi.

Onaxon hozir maktablardagi tartib-qoidalar o‘z farzandlari o‘qigan paytdagidan keskin farq qilishini aytadi.

- Muallimlar yaxshi dars berolmaydi. Dars vaktida faqat bir-birlarining sinflariga o‘tib gap-gap… Bolalar hech narsani bilishmaydi. O‘sha muallimlar avval o‘zi tuzuk bilsin! Agar shu senterlar yaxshi bo‘lmasa, bizning joylarda bolalarimiz vaabshche hech nimani bilmaydi. Muallimlar dars berolmaydi, faqat pul yig‘adilaru, boshqa hech nima," deydi onaxon.

Ayol bolalar hech bo‘lmaganda yarim savod ham olishi kerak, deb hisoblaydi va bolalarni o‘qituvchilari urmasligi uchun sovg‘a-salom qilib turishlarini aytadi. "Bo‘lmasa, bola bilan qasd bo‘ladi," deydi u.

Qizlari Dushanbedagi 5-umumta‘lim maktabida o‘qiydigan mana bu ayol muallimalar o‘quvchilariga kurakda turmaydigan gaplarni aytishadi, deydi.

- Farzandlarimdan eshitaman. Muallimalar og‘izlaridan juda be‘mani, behayo gaplar chiqarkan. O‘qituvchi bir sinf bola oldida o‘quvchisiga qanjiq desa, bu nima gap? deydi ayol.

"Muallima degan o‘qigan odam, sal savodi bor odam, tushuntirib, o‘zining farzandiday dars berishi kerak," deydi ayol. Ayol Maxfiratxon ismli qizining qulog‘ini o‘qituvchisi tortib yirtganligini ham aytdi. "Shifoxonaga olib borib tiktirdik," deydi u.

Tojikistonda o‘qituvchi bo‘lish osonmi?

Bir qator kuzatuvchilar Tojikistondagi maktablarda ta‘lim saviyasining pastligini o‘qituvchilarning maoshlari o‘ta pastligi bilan izohlashadi.

Aynan shu narsa nisbatan kuchli kadrlarning boshqa sohalarga o‘tib ketishiga sabab bo‘lmoqda, deyiladi.

"Maosh 5-10 foizga oshirilsa, bozorlarda narx 15-20 foizga oshadi, deydi o‘qituvchilardan biri.

Nisbatan kuchliroq yosh mutaxassislar esa, oliygohdan so‘ng maktabga emas, Rossiyaga ishga jo‘nashni afzal bilishadi. Hozirda 1 stavkada ishlayotgan o‘qituvchi 50 dollar atrofida maosh oladi. Shu sababli u satavkasini oshirish, qo‘shimcha ish olish ortidan bo‘ladi. Bu esa tabiiyki, ta‘lim sifatiga ta‘sir ko‘rsatadi.

Poytaxtdagi 52-maktab o‘qituvchisi Muzaffarshoh Shukrakov "Ta‘limning sifatli bo‘lishi ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘ladi. Eng avvalo ota-onalar maktab bilan muntazam ishlashlari kerak," deb aytadi.

- O‘quvchilarimizning qariyb 20-30 foizining otalari muhojiratda. Onalar esa, bolalarni nazorat qila olmaydilar. Ya‘ni vaqtlari yetishmaydi. Bola hammasi bo‘lib 5-6 soat maktabda bo‘ladi. Qolgan vaqtda u o‘z ustida ishlashi, dars tayyorlashi kerakligi xonadonda tushuntirilishi, nazorat qilinishi lozim. Ayrim ota-onalarni esa, yilda bir marta ko‘ramiz, deydi janob Shukrakov.

Dushanbeda turli gimnaziya va litseylar faoliyati yo‘lga qo‘yila boshlanayapti.

Ammo bu xil ta‘lim dargohlari rasman pulli deb beligilangan.

Oddiy oilalar farzandlari bunday dargohlarga qatnashi qiyin.

O‘g‘lini oddiy maktabdan olib gimnaziyaga bergan Gavhar katta va‘dalar bilan ochilgan gimnaziya umumta‘lim maktabidan farq qilmaydi, deb ta‘kidlaydi.

Dushanbeda maktablardagi yangilik - direktor kabinetida kuzatuv kameralari qo‘yilgan.

Kamera orqali bolalarning darsga kirishi, tashqarida, yo‘lakda o‘zini tutishi kuzatiladi.

Maorifchilar bu xil usul ta‘lim saviyani ko‘tarishga xizmat qiladi, deb aytishmoqda.